Bakalavriatni xorijiy tilda tamomlagan talabalardan magistratura uchun til sertifikati talabi bekor qilindi

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni bilan bir qator muhim o‘zgarishlar joriy etildi. Unga ko‘ra, bakalavriat bosqichini xorijiy tilda tamomlagan talabalar endilikda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishdan ozod etiladi.
Farmonda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va xorijiy talabalarni jalb qilishga qaratilgan yangi mexanizmlar ham belgilangan. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi doirasida har yili 500 nafargacha iqtidorli xorijiy fuqarolarga grant va maxsus stipendiyalar ajratiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni qabul qilish “Study in Uzbekistan” platformasi orqali amalga oshiriladi. Bunda qabul shartlari va tartibini oliy ta’lim muassasalari mustaqil ravishda belgilaydi.