“Madaniyat makonlari” merosni asrash maktabiga arizalar qabuli davom etmoqda

Toshkentda “Madaniyat makonlari” merosni asrash maktabi uchun arizalar qabuli davom etmoqda. Dastur me’morlar, sotsiologlar, tarixchilar, madaniyatshunoslar, muzey va kutubxona sohasi mutaxassislari, shahar muhitini o‘rganuvchi tadqiqotchilar, talabalar hamda madaniy muassasalar vakillarini birlashtiradi.
Ta’lim dasturidan ma’ruzalar, tadqiqot seminarlari va shaharni joyida o‘rganish mashg‘ulotlari o‘rin olgan. Ishtirokchilar “RE:School” loyihasi asoschisi, me’mor va ICOMOS eksperti Narine Tyutcheva bilan birgalikda Toshkentdagi madaniyat muassasalarini tadqiq etib, ularning faoliyati va rivojlanish tajribasini o‘rganadilar.
Dastur doirasida tadqiqotlar, obyekt tahlili, ssenariy asosida loyihalash hamda natijalarni taqdim etish ishlari amalga oshiriladi. Maktab ishtirokchilari Respublika bolalar kutubxonasi va shahardagi boshqa madaniyat maskanlarining faoliyatini tahlil qilib, ularni rivojlantirish bo‘yicha ehtimoliy ssenariylarni ishlab chiqadilar.
Loyiha “RE:School” metodologiyasiga asoslangan bo‘lib, unda madaniy meros makon, hamjamiyat, madaniyat va hudud rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq tizim sifatida ko‘rib chiqiladi.
Ishtirok etish bepul bo‘lib, nomzodlar saralash asosida tanlab olinadi. Mashg‘ulotlar Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasi negizida an’anaviy formatda o‘tkaziladi.
Ariza topshirish uchun acdflibrary.uz saytida joylashtirilgan so‘rovnomani to‘ldirish talab qilinadi.