Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlandi

1-iyuldan 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hujjatlarni qabul qilish boshlandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, arizalar 30-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.
Magistratura tanlovida chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ishtirok etishi mumkin. Onlayn ariza topshirish uchun bakalavr diplomi hamda chet tilini bilish sertifikati talab etiladi.
Shu bilan birga, quyidagi toifadagi talabgorlardan chet tili sertifikati talab qilinmaydi:
- Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, davlat mukofoti sovrindorlari hamda respublika fan olimpiadalari g‘oliblari;
- ko‘rish, eshitish yoki nutqida nuqsoni borligi to‘g‘risida nogironlik ma’lumotnomasiga ega shaxslar;
- bakalavriat ta’lim dasturini xorijiy tilda tamomlagan bitiruvchilar.
Vazirlik magistraturaga qabulda tan olinadigan chet tili sertifikatlarining mutaxassisliklar kesimidagi ro‘yxatini ham e’lon qilgan. Hujjatlarni topshirish jarayoni 30-iyulga qadar davom etadi.