SSV jazirama kunlarda ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi anomal issiq kunlarda to‘g‘ri ovqatlanish va ovqatdan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Mutaxassislar yog‘li va og‘ir taomlarni kamaytirib, yangi tayyorlangan ovqatlarni iste’mol qilishni maslahat berdi.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Nizom Ermatovning ta’kidlashicha, issiq havoda nonushtada yog‘li, sho‘r va achchiq taomlarni kamaytirish, sut mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ratsionga yog‘siz go‘sht, xususan, tovuq va quyon go‘shtini kiritish organizmning toliqishini kamaytirishga yordam beradi.
Shuningdek, sabzavotlardan tayyorlangan suyuq taomlar ulushini oshirish, loviya, mosh va no‘xat kabi o‘simlik oqsillariga boy mahsulotlarni navbat bilan iste’mol qilish tavsiya etildi. Non, tez hazm bo‘ladigan un mahsulotlari va shirinliklarni cheklash, ichimlik sifatida esa ayron hamda shakar qo‘shilmagan kompotni tanlash maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Mutaxassis ovqatni bir martalik iste’mol uchun tayyorlash, uni ovqatlanishdan yarim soat oldin pishirish va muzlatkichsiz uzoq vaqt saqlangan taomlarni iste’mol qilmaslikni tavsiya qildi. Uning aytishicha, bunday mahsulotlar ovqatdan zaharlanish xavfini oshiradi.
Bundan tashqari, yurak-qon tomir kasalliklari yoki qandli diabeti bor fuqarolarga kunning eng issiq vaqtida tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi. Uyga qaytgach qo‘l va yuzni xona haroratidagi suv bilan yuvish, juda sovuq suv va muzdek ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilmaslik kerakligi ta’kidlandi.