Gazli ichimlikka bo‘lgan muhabbat qanday qilib qaramlikka aylanadi?

Tushlikka kola, kinoda kola, charchaganda yana kola. Nega bu ichimlikka qo‘l qayta-qayta cho‘zilaveradi? Bunda shakar, kofein va kundalik odatlarning o‘rni qanday? Kolaning tarkibi, sog‘liqqa ta’siri va iste’molini kamaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz.
Kolani juda yaxshi ko‘radiganlarni ba’zan hazil aralash “kokakolik” deb atashadi. Cocacolik yoki Cokaholic — odatda bu so‘z gazli ichimlikni juda ko‘p ichadigan, usiz kunini tasavvur qilolmaydigan odamlarga nisbatan ishlatiladi.
Tushlik vaqti. Ovqat buyurtma qilindi, endi ichimlik tanlash kerak. Suvmi? Choymi? Muzdek kola bo‘lsa, yaxshiroqdek. Avvaliga u shunchaki ovqat yoniga qo‘shib olinadi. Keyinchalik esa kolasiz kuningizda nimadir yetishmayotgandek tuyula boshlaydi. Kunlar shu zaylda davom etadi. Hattoki ertalab qahva o‘rniga kola. Ishlash davomida oʻzingizga ragʻbat sifatida kola. Tushlikda ovqat bilan hechqursa yana bir stakan. Kechqurun esa, goʻyoki charchoqdan halos boʻlish yoʻlidek, avtomatik ravishda doʻkonda “bu oxirgisi” deya coke butilkasiga beixtiyor talpinish.
Avvaliga bu shunchaki yoqimli odatdek tuyuladi. Aslida esa koʻproq zararli qaramlik hisoblanadi. Ya’ni ba’zida odam chanqagani uchun emas, odat bo‘lib qolgani uchun ham kola ichadi. Buning asosiy sabablari va salbiy oqibatlari quyidagilardan iborat:
Nima uchun qaramlik kelib chiqadi?
- Kofein: ichimlik tarkibidagi kofein markaziy asab tizimini ragʻbatlantiradi, vaqtinchalik energiya beradi va odamni oʻziga oʻrgatib qoʻyadi.
- Yuqori shakar miqdori: har 100 ml Coca-Cola tarkibida qariyb 10.6 gramm shakar bor. Shakar miqdori qonda keskin koʻtarilganda miyada “baxt gormoni” (dofamin) ajraladi, bu esa ichimlikni qayta-qayta ichish istagini uygʻotadi.
Sogʻliq uchun qanday zararlari bor?
- Semirish va vazn ortishi: tarkibidagi yuqori kaloriya va shakar hisobiga ortiqcha vazn toʻplanishiga sabab boʻladi.
- Tishlar yemirilishi: ichimlik tarkibidagi kislotalar tish emalini (emal qavatini) yemiradi.
- Qandli diabet xavfi: muntazam ravishda koʻp miqdorda shakar iste’mol qilish 2-toifa qandli diabet kasalligiga olib kelishi mumkin.
- Suyaklar moʻrtlashishi: fosfat kislotasi organizmdan kalsiyning yuvilib ketishiga sabab boʻlib, suyaklarni zaiflashtiradi.
Xo‘sh, “men shunchaki kolani yaxshi ko‘raman” bilan “men kolasiz turolmayman” o‘rtasidagi chegara qayerda?
Nega kola bunchalik yoqimli?

Buning bir nechta sababi bor. Kolaning jozibasi birgina shakar bilan cheklanmaydi. O‘ziga xos shirin ta’m, sovuqlik, gaz pufakchalari va tanish ifor — bularning har biri uni yoqimli qiladi. Shirin ta’m miyadagi mukofot tizimini faollashtiradi. Tarkibidagi kofein esa hushyorlikni oshirib, uyquchanlikni vaqtincha kamaytiradi.
Muammo qayerdan boshlanadi?
Shakarli ichimliklarni tez-tez iste’mol qilish vazn ortishi, semizlik, 2-tur qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga olib kelishi mumkin. Bu bir stakan kola, albatta, kasallikka olib keladi, degani emas. Bunda iste’mol miqdori, uning muntazamligi va umumiy ovqatlanish tartibi ahamiyatli.
Tishlar uchun esa ikki xil muammo bor. Shakar kariyes rivojlanishiga hissa qo‘shadi, ichimlikdagi kislotalar esa emalning yemirilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun shakarsiz kola ham tish emali uchun mutlaqo zararsiz hisoblanmaydi.
Har kuni bir stakan gazli ichimlik ichishning o‘zi “qaramlik” tashxisini qo‘yish uchun yetarli emas. Muhimi — odam bu odatini nazorat qila oladimi yoki yo‘q, hamma gap shunda.
Masalan, quyidagi belgilar odat haqida o‘ylab ko‘rish uchun signal bo‘lishi mumkin:
- “bugun ichmayman”, deb qaror qilib, baribir kola sotib olish;
- avvalgidan ko‘proq ichimlik ichishga ehtiyoj sezish;
- kola ichmasangiz kayfiyat tushishi, bosh og‘rishi yoki holsizlik paydo bo‘lishi;
- suv yoki boshqa ichimlik o‘rniga doim gazli ichimlik tanlash;
- ichimlikni kamaytirishga bir necha marta urinib, uddalay olmaslik;
- kola ichish miqdori sabab uyqu, ovqatlanish yoki boshqa kundalik odatlarning buzilishi;
- ovqat yonida kola bo‘lmasa, nimadir yetishmayotgandek tuyulaverishi.
Ichmay qolganda nega bosh og‘riydi?
Bunda kofeinning o‘rni muhim. Kolaning ayrim turlarida kofein mavjud. Kofein markaziy asab tizimini rag‘batlantiradi va odamni vaqtincha tetikroq his qildiradi. Kofeinning me’yordan ortiq ko‘pligi ayrim odamlarda uyqu buzilishi, bezovtalik va yurak urishining tezlashishiga olib keladi. Uni muntazam iste’mol qilishga o‘rgangan odam miqdorni birdan kamaytirsa, bosh og‘rig‘i, lohaslik, charchoq, uyquchanlik, asabiylashish va diqqatni jamlash qiyinlashishi kabi vaqtinchalik belgilar kuzatilishi mumkin.
Shakarning kunlik normal miqdori qancha boʻlishi kerak?
Coca-Cola'ning O‘zbekiston uchun rasmiy sahifasida klassik ichimlikning har 100 millilitrida 10,6 gramm shakar borligi ko‘rsatilgan. Shu ma’lumot asosida hisoblasak:
|
Ichimlik miqdori |
Shakar miqdori |
Taxminiy choy qoshiqda* |
|
250 ml |
26,5 gramm |
6,5−7 qoshiq |
|
500 ml |
53 gramm |
13 qoshiq |
|
1 litr |
106 gramm |
26,5 qoshiq |
13 qoshiq shakarni choyga solib ichish ko‘pchilikka gʻalati va erish tuyuladi. Yarim litr kolani esa bir oʻtirishda bemalol zavqlanib ichib yuborish oson. Shu sababli “men shirinlik deyarli yemayman” degan odam ham ichimliklar hisobiga anchagina shakar iste’mol qilayotgan bo‘ladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) erkin shakar miqdorini kunlik energiyaning 10 foizidan kam saqlashni tavsiya qiladi. 2000 kilokaloriyali ratsion misolida bu — 50 gramdan kam. Miqdorni 5 foizdan ham pastga, ya’ni taxminan 25 gramdan kamga tushirish qo‘shimcha foyda berishi mumkin. Erkin shakarga: mahsulotlarga qo‘shilgan shakar, shuningdek, asal, sirop va meva sharbatlaridagi shakar ham kiradi.
Demak, yarim litr klassik koladagi 53 gramm shakar 2000 kilokaloriyali ratsion uchun keltirilgan 50 grammlik chegaradan ham oshadi. Bunga kun davomida boshqa ichimlik va taomlardan olinadigan shakar esa hali qo‘shilgani yo‘q.
Shakarni muntazam ravishda iste’mol qilish esa ortiqcha vazn, tish kariyesi va boshqa sog‘liq muammolari xavfining oshishiga olib keladi.
Koladan voz kechish shartmi?
Agar odam kuniga bir necha marta kofeinli ichimlik ichadigan bo‘lsa, uni birdan to‘xtatish yoqimsiz bo‘lishi mumkin. Muhimi, “endi umuman kola ichmayman” degan keskin taqiq o‘rniga uzoq muddat davom ettirish mumkin bo‘lgan odatni shakllantirish.
Iste’molni qanday kamaytirish mumkin?
Birinchi qadam — bir necha kun davomida qancha va qachon kola ichayotganingizni kuzatish. Ovqat paytimi? Stressdan keyinmi? Ish zerikarli bo‘lib qolgandami? Charchaganda yoki shunchaki butilka ish stolida turgani uchunmi? Uyqusiz kechadan keyinmi? Yoki shunchaki muzlatkichni ochganingiz uchunmi? Chunki odatni o‘zgartirishdan oldin uning qayerdan boshlanishini ko‘rish kerak. Shunda qaysi vaziyatdan boshlash osonroq ekani ko‘rinadi.
Agar kofeinli ichimliklarni har kuni ichsangiz, miqdorni asta-sekin kamaytirish keskin to‘xtatishdan yengilroq kechishi mumkin. AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (FDA) ham kofeinni kamaytirishda shu usulni tavsiya qiladi.
Kundalik odatni o‘zgartirish uchun quyidagilarni sinab ko‘rish mumkin:
- porsiyani kichraytirish. Masalan, kuniga bir litr ichilsa, avval 750 millilitrga, keyin 500 millilitrga tushirish;
- bitta vaziyatdan boshlash. Har ovqatda kola ichilsa, avval bitta ovqat paytida uni oddiy gazli suv bilan almashtirish;
- suvni qo‘l yetadigan joyda saqlash. Ish stoliga kola bilan birga yoki uning o‘rniga oddiy suv qo‘yish;
- katta butilkani odat bo‘yicha xarid qilmaslik. Xariddan oldin qancha ichmoqchi ekaningizni belgilash;
- mos muqobil topish. Oddiy gazli suvga limon yoki laym qoʻshib ichish, shakar va ta’m beruvchi qo‘shimchalarsiz gazlangan suv yoki shakarsiz choyni sinab ko‘rish.
Kola o‘rnini bosish va is’temolni kamaytirish uchun nimalar ichsa bo‘ladi?
Agar gazli ichimlikning aynan o‘zi yoqsa, oddiy gazlangan suvga limon yoki laym qo‘shib ko‘rish mumkin.
Shuningdek:
- oddiy suv;
- gazlangan mineral suv;
- shakarsiz choy;
- limon yoki yalpiz qo‘shilgan suv;
- shakarsiz sovuq choy kabi ichimliklar ham muqobil bo‘la oladi.
Xo‘sh, siz ham “kokakolik"misiz?

Bir qarashda buning hech qanday g‘ayrioddiy joyi yo‘q. Kimdir kunini qahvasiz tasavvur qilolmaydi, boshqasi har ovqatdan keyin shirinlik yeydi, yana kimdir muzlatkichida doim bir butilka kola saqlaydi.
Kola bilan munosabat ko‘pincha dramatik boshlanmaydi. Avvaliga u tushlikka qo‘shib olinadi. Keyin issiq kunda chanqoqni bosish uchun. Ishda charchagan paytda yana bir banka. Kinoga borganda katta stakan. Fastfud bo‘lsa, kola deyarli o‘z-o‘zidan uning yonida paydo bo‘ladi.
Natijada inson aynan ichimlikning o‘zinigina emas, u bilan bog‘liq hissiyotni ham xohlashi mumkin: ovqatning “to‘liq” tuyulishi, ish orasidagi kichik tanaffus, sovuq va gazli ichimlikning tetiklashtiruvchi hissi. Bularning ustiga reklama, qadoq, fastfud, kino, do‘stlar bilan uchrashuvlar va bolalikdan shakllangan assotsiatsiyalar qo‘shiladi.
Shu tariqa ichimlik muayyan vaziyatlar bilan bog‘lana boshlaydi: ovqat — kola, kino — kola, charchoq — kola, issiq — kola.
Vaqt o‘tib odam kola ichishni xohlayotganini har safar ongli ravishda hal qilmaydi. U shunchaki odatdagi harakatlar ketma-ketligining bir qismiga aylanadi.
Aslida, cokaholic boʻlish va doimiy kola ichib yurish — axloqiy kamchilik emas. Uni yaxshi ko‘rgan odam “irodasiz”, ichmaydigan odam esa avtomatik ravishda “sog‘lom” bo‘lib qolmaydi.
Agar bir butilka ichib, keyin bir necha kun uni umuman eslamasangiz — ehtimol, bu shunchaki yoqtirgan ichimligingizdir.
Agar “bugun ichmayman” degan fikrning o‘zi kun bo‘yi kola haqida o‘ylashga majbur qilsa, odatga biroz diqqat bilan qarashga arziydi.