«Bunday festival bizga kuch beradi» - Toshkent xalqaro kinofestivalidan ijodkorlar fikrlari

14-sentyabr kuni Kinochilar uyida (sobiq Panorama) «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda oʻzbek va jahon kinosining 800 ga yaqin yulduzlari oʻtdi. Ular orasida rossiyalik aktyor Sergey Bezrukov, Gollivud filmlari rejissyori Lyuk Besson, aktyor Armand Assante, rejissyor Timur Bekmambetov, turk filmlari yulduzi Burak O’zchivit singari aktyorlar ishtirok etishdi.
Yuzlab toshkentliklar va poytaxt mehmonlari mashhur kinoijodkorlarni kutib olish uchun tashrif buyurishdi.
Toshkent xalqaro kinofestivalining qizil yo’lakchasidan o’tgan kinoijodkorlar Afisha.uz muharriri bilan suhbatlashdi.
Aktyor Muhammadiso Abdulxayirov
«Bayram bilan hammani tabriklayman, bunday tabdirlar hamisha ko’p bo’lsin, bizga juda ham kerak tadbir bu. Congratulations!»
Aktyor, rejissyor Alisher Uzoqov
«Umid qilamanki, shunday festivallar orqali bizning kino-industriyamiz yanada rivojlanadi. Chunki bu yerda nafaqat bizning kino ijodkorlarimiz, balki dunyoga tanilgan mashhur chet ellik ijodkorlar ham bor. Yaqin orada bizning kino sohamizda katta yaxshi o’zgarishlar bo’ladi deb umid qilaman».
O’zbekiston xalq artisti Muhammad Ali Abduqunduzov
«Yurtimizga yana bir quvonchli voqea, Toshkent 14-xalqaro kinofestivali kirib kelyabdi. O’ylaymanki, bu yilgi festival xalqimiz madaniy hayotida alohida iz qoldiradi. Meni eng xursand qilgani — bu yilgi kinofestivalga o’zimizning kinoijodkorlarimiz katta-katta filmlar bilan kelishdi. Ayniqsa ekranlarimizga tarixiy kinofilmlarimizning qaytganligi biz uchun juda ham katta voqea bo’lyabdi. Qator-qator tarixiy filmlar ekran yuzini ko’rdi. Chunki aktyorlarning iste’dodi faqatgina shunday tarixiy filmlarda charxlanadi. Men bugungi kinofestivalni qutlab, xalqimizga, yurtimizga, barcha kino muxlislariga 14-Xalqaro Toshkent kinofestivali muborak bo’lsin deyman».
Aktyor, huquqshunos va bloger Otabek Mahkamov
«Festival juda ajoyib boshlanmoqda. Bu haqiqatdan katta voqea. Mazkur tadbir nafaqat o’zbek kinematografi rivoji uchun, balki o’zbek turizmi va iqtisodiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bilamizki, mamlakatni yoki san’at, yoki sport butun dunyoga tanita oladi. Festival aynan san’at sohasini ochib beradi. Yaqinda yosh shaxmatchilarimizning olimpiadadagi g’alabalariga guvoh bo’ldik. Bu katta g’alabalarning boshlanishi. Xuddi shu narsani festivalga nisbatan ham ayta olaman. Ilohim, dunyo bilgan kinoyulduzlar O’zbekistonga tashrif buyursin va mazkur xalqaro festival yanada yuqoriroq marralarni zabt etib, yuksalib boraversin».
Aktrisa Ra’no Zokirova
«Biz uchun bugun cheksiz, xursandchilikka boy kun. 14-Toshkent xalqaro kinofestivali bo’lib o’tmoqda. Butun kasbdoshlarim, qolaversa, tashrif buyurgan aziz mehmonlar bilan bugun ochilish marosimida qatnashayotgan ekanman, benihoyat xursandman. Bunday tabdirlar bizni oziqlantiradi. Taxminan 30 yil avval, bu festivalning o’n ikkinchisi bo’lib o’tgan edi. O’tgan yili ushbu festival yana qaytdi. Mana shu besh kun mobaynida umid qilamanki, xalqaro kasbdoshlarimiz bilan hamkorlik ishlarini yo’lga qo’yamiz, katta-katta loyihalarga qo’l uramiz».
Aktyor Ulug’bek Yunusov
«Toshkent xalqaro kinofestivalini yana davom ettiryapmiz. Bu biz uzoq kutgan voqea. Chunki ijodni boshlaganimizda „bu yil bo’ladi, keyingi yil bo’ladi“ deb umid qilib yurganmiz. O’tgan yili tiklandi, bu yil endi mana ikkinchisi. Endi har yili shunday festival o’tkazib tursak, bu xorijiy kinoijodkorlar bilan avvalambor fikr almashish, yangi loyihalarni boshlashga turki bo’ladi. Madaniy almashinuv — o’zbek kinosining rivojlanishiga katta hissa qo’shadi».
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ra’no Yarasheva
«Toshkent markazida bo’lib o’tayotgan kinofestival nafaqat kino san’ati ijodkorlarini bayrami, bu teatr, bu butun O’zbekiston xalqining katta bayrami. Minglab insonlar bugun mana shu bayramda jam bo’lgan. Qayerda bunday voqea bo’lishi mumkin? Tinch va osoyishta yurtda. Biz shunday olamshumul tabdirlar o’tayotganiga shukronalar bildirishimiz kerak. Bu o’zaro do’stlikni, boshqa mamlakatlar bilan aloqamizni tiklaydigan tadbir. Ular bizdan nimanidir o’rganadi, biz ulardan nimadir o’rganamiz, o’rtoqlashamiz. Hammasi faqat yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan katta tantana bo’layotganidan xursandman».
Aktrisa Shahlo Temirova
«Avvalambor barcha aktyorlarimizni bugungi tadbir bilan tabriklayman. Bunday festivallarning bo’lib turgani yaxshi, chunki har bir aktyor bir-birini sog’ingan bo’ladi, yana ham bir-birini ko’rib kuch oladi, biz yaxshi taasurotlar bilan qaytamiz. Mazkur festival bizga kuch beradi, sababi — masalan gulga ham suv quyib tursangiz, o’sadi. Shunday festivallar, premyeralar, qizil yo’lakchalar bizning yana ham o’sishimizga yordam beradi».
Aktyor Samidxon Lutfullayev
«Festival juda ham ko’tarinki ruhda o’tyabdi. Hozir biz „101 reys“ filmi ijodkorlari mana shu festivalga taklif qilindik, bundan juda xursandmiz. Qo’shni respublikalardan, dunyoga tanilgan aktyorlar, rejissyorlar, ssenaristlar kelgan. Ular bilan fikr almashyapmiz, yangi loyihalar haqida maslahatlar bo’lyabdi. Bularning barchasi bizga juda ham ilhom beryabdi, yoshlarga kelajakka umid beryabdi. Albatta bunday tadbir orqali biz o’zbek kinematografiyasini butun dunyoga ko’rsatamiz deb o’ylayman».
«Baron 2» filmida Bo’lat rolini ijro etgan qozog’istonlik aktyor Tauekel Muslimov
«Toshkentda, Xalqaro kinofestivalda bo’lib turganimdan juda xursandman. Tadbir qamrovi lol qoldirmoqda. Bunchalik katta tantana bilan o’tishini, rosti kutmagan edim. Taklif etganingizdan juda xursandman. Bunday tadbirlarda bajonidil ishtirok etaman».
Aktyor, rejissyor Rustam Sagdullayev
«Bu juda katta festival. Tasavvur qilyapsizmi, mazkur festivalga ВГИК (S.A Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universiteti) tashrif buyurdi! Bunday festival bizga juda kerak, har doim kerak bo’lgan. Qolaversa, mening Toshkentimda ushbu tadbir avvaldan ham o’tkazilib kelingan va „Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro Toshkent kinofestivali“ deb nomlangan. Hozir uni yana qayta tikladik. O’ylaymanki ushbu xalqaro tadbir hamisha Toshkent kinofestivali bayrog’ini o’zida mujassam etib boradi».
Aktrisa Dilnoza Kubayeva
«Festival zo’r bo’lyabdi. Shunday chiroyli qarsaklar bilan kirib keldim qizil gilamdan. O’zimning teatrimda ishlaydigan dugonalarim, opalarim bilan birgaman. Xonandalarni ko’rib turishdan juda ham baxtliman, chunki mezbon odam dastuxon yozsa, har xil sohalarning egalari kelsa xursand bo’lar ekan. Festivaldan rossa ham umidlarim katta, bu katta uzilishdan keyin ikkinchi festival. Ushbu tabdir juda katta yo’l ochadi, chunki kinoga shuncha hukumat darajasidagi e’tibor va shuncha davlatlar jalb etilyabdi, bu albatta faqat va faqat yangi-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi».

