Bukhara Night Race: O’zbekistondagi ilk tungi yugurish poygasi qanday o'tdi?

Опубликовано· 607
Bukhara Night Race: O’zbekistondagi ilk tungi yugurish poygasi qanday o'tdi?

17-sentyabr kuni Buxoroi Sharifda o‘ziga xos bo’lgan sport tadbiri — Bukhara Night Race xalqaro xayriya musiqiy tungi yugurish poygasi katta tantana bilan bo’lib o’tdi. Poyganing o’ziga xos jihati uning aynan tungi payt o’tkazilgani bo’lib, u O‘zbekistonda ilk bor tashkillashtirildi va Samarkand Marathon poygalari turkumiga kirdi.

Mazkur tadbir Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilib, Sportni rivojlantirish vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida olib borildi.

Musobaqaning asosiy xayriya maqsadi muzeylarni sust ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun moslashtirishdan iborat. Yig‘ilgan mablag‘lar audiogid, bo‘rtma surat va maxsus jihozlar xarid qilinishiga yo‘naltiriladi.

Poyga dasturiga Buxoroning tarixiy maskanlari: Kalon masjidi, Labi Hovuz, Abdullahon madrasasi, Poi-Kalon ansambli va Ark orqali yugurish kerak edi. Mazkur obidalar orqali o‘tuvchi Kids Run 300, Kids Run 600, 5 va 10 km kabi turli masofalar belgilangan. Unda 1500 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Musiqiy dasturni Ark qal’asida turib livanlik DJ Jad Halal ochib berib, ishtirokchilarga a’lo kayfiyat ulashdi.

«Bu O’zbekistonga ilk tashrifim. Tarixiy shahar bo’lgan Buxoroda musiqa ijro etish — menga o’zgacha zavq bag’ishladi, albatta. Umid qilamanki, musiqam sizga yoqdi. Benihoyat go’zal shahar, odamlari ham mehmondo’st. Buxoro palovi va kabobini ham hozir tatib ko’rdim, juda mazali», — deydi DJ Jad Halal muxbirlar bilan suhbatda.

Bolalar poygasida 3 yoshdan 14 yoshgacha bo’lganlar ishtirok etdi. Ularning barchasi start xabarini intizorlik bilan kutib, o’zgacha quvonch bilan yugurishga tayyorgarlik ko’rayotgan edi. Afisha.uz kichik ishtirokchilar bilan suhbatlashdi.

4 yoshli Umar medal orzusida ekanligini bildirib, 300 metrlik masofaga yugurishini aytdi. Uning 9 yoshli akasi Sarvar esa 600 metrlik masofani tanlagani va uyda yugurib, tayyorgarlik ko’rganini ma’lum qildi.

«Men ilk bora yuguraman. Men uchun bu juda qiziq. Zo’r taasurotlarni kutaman», — deydi 12 yoshli Samira.

Poygada oilaviy ishtirok etayotganlar ham bor edi. Aleksandr, Anastasiya va 5 yoshli Tolik masofalarni o’zaro bo’lishib olganliklarini aytishdi: 10 km — otaga, 5 km — onaga va Tolik uchun — 300 metr. «Buxoro juda go’zal. Juda do’stona muhit hukm surmoqda. G’alaba emas, ishtirok muhim», — deya qo’shimcha qiladi Aleksandr.

Ishtirokchilar orasida turli kasb egalari, mashhur blogerlar ham bor edi. Hamkorlar jamoasi — Korzinka`dan marketolog, bloger Mirzayor Erkinov bu uning to’rtinchi yugurish poygasi ekanligini ma’lum qildi.

«Bungacha Zominda ishtirok etgan edim. 10 km masofadagi yugurish poygasi qanday bo’lishini his etib ko’rmoqchiman. O’zbekiston iqlimi juda issiq bo’lgani sababli, kunduzi Buxoroda yugurishning iloji yo’q. Men Korzinka aravachasi bilan poygani yakunlamoqchiman. Biz tomondan ovqatlanish nuqtalari va finishga yetib borganlar uchun to’plamlar taqdim etilgan», — deydi u.

PR bo’yicha mutaxassis, «Samimiy bloger» Madina Ruzmatova esa ilk bora 5 km masofali yugurish poygasida ishtirok etayotganini aytdi.

«Hissiyotlarga to’laman. Buxoro — mistik shahar, trassaning ba’zi qismlarida qorong’i edi. Aynan shu narsa ham Buxoroning o’ziga xos jihatini ta’minlab turdi. Meni mahalliy aholining iliq munosabati hayratda qoldirdi. Arkda didjey zo’r chiqish qildi. Bu yerga tashrif buyurganlarning yarmi — ishtirokchilar emas. Ko’chilik bu yerdagi muhit, buroxocha oshni tanovul qilish uchun kelgan. Buxoro juda ajoyib shahar — u bunday katta tadbirlarga tayyor», — deydi bloger.

Poyga yakunlangach taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. U italiyalik DJ Leharning musiqiy chiqishi bilan davom etdi. Finishga yetib kelgan har bir ishtirokchiga medallar taqdim etildi, ularga o’z ismlari va yetib kelgan vaqtlarini o’ydirib yozdirishlari mumkin edi. Birinchi yetib kelganlar esa sahnada, maxsus esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

5 kilometrlik poyga g’olibi Yevgeniy Fadeyev: «Tassurotlarim juda zo’r. Tashkilotchilarga o’z minnatdorchiligimmi bildirmoqchiman. Biz chiroyli joylar, qadimiy obidalar bo’ylab yugurdik. Professional sportchi sifatida bu poyga men uchun mashq qilishdek bo’ldi» — ta’kidladi sportchi. Bir haftadan so’ng u Yengil atletika bo’yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari chempionatida ishtirok etishini ma’lum qildi.

«Marafonga juda yaxshi tayyorgarlik ko’rilgan. Yo’llar juda ham tekis, mazza qilib yugurdik. Natijamdan xursandman. Anchadan beri bunday tez yugurmagan edim. Kechqurun salqinligi uchun yengil yugurdim», — deydi 10 kilometrlik poyga g’olibi Ablayeva Kamola.

Нозима Хошимова
Автор
Нозима Хошимова
Воспроизводство, копирование, тиражирование, распространение и иное использование информации с сайта Afisha.uz возможно только с предварительного письменного разрешения редакции. Пользовательское соглашение
Свидетельство регистрации электронного СМИ №0400 от 13 августа 2019 г.
Учредитель: ООО «Afisha Media»
Главный редактор: Сапаева Галина Вячеславовна
Адрес: 100007, Ташкент, ул. Паркент, 26А / Почта: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
ООО «Afisha Media»