24-sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrining «Do‘stlik» uyida «O‘zbek madaniyati kuni» ni turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu turizm yarmarkasi O’zbekistonning turistik salohiyatini namoyish etish, millatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash, qozog‘istonlik turistlarni oqimini oshirish maqsadida tashkillashtirildi.
Tadbirda o’zbekistonlik san’atkorlar — Abdulla Shomag’rupov va G’iyos Boytoyev ham ishtirok etishdi. «Do'stlik' madaniyat uyida O’zbekiston elchixonasi vakillari ham qatnashib, Afisha.uz muxbiri bilan suhbatda tadbir haqida o’z fikrini bildirdi.
«Bugun O’zbekiston tomoni ushbu tadbir uchun tayyorlangan „O'zbekistonga xush kelibsiz!“ nomli o’z ekspozitsiyasini taqdim etmoqda. Umid qilamizki, ushbu ekspozitsiya o’zbek-qozoq munosabatlarini mustahkamlashga, fuqarolarimizning o’zaro turistik sayohatlarini oshirishga, O’zbekistonga qozog’istonlik turistlarning ko’proq tashrif buyurishiga turtki bo’ladi. Shu jumladan „Ziyorat turizmi“ dasturi doirasida ham», — deydi Olmaotadagi O’zbekiston Respublikasi bosh konsuli Abror Fatxullayev.
Mazkur yarmarkada turistik agentliklar va tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari hamda Chimkent shahrining aholisi bevosita ishtirok etishdi.
«Bayram juda ko’tarinki ruhda o’tmoqda. Chimkentda o’zbeklar juda ko’p, o’zbek tilida so’zlashuvchilar ko’p. Biz bir oilamiz, madaniyatimiz, tilimiz o’xshash. O’zbek-qozoq munosabatlari yanada mustahkamlanib borishiga umid qilamiz», — deya fikr bildirishdi hamjamiyat a’zolari.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini namoyish etuvchi tarqatma materiallar, jurnallar va bukletlar tarqatildi.
O‘zbek milliy oshxonasi taomlarini namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi buyurtmasiga asosan chimkentlik oshpazlar tomonidan 100 kg osh tayyorlandi.
Tashkilotchilar: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy jamoat birlashmalari «Do‘stlik» hamjamiyati.