«Ayol tadbirkorlar – qahramonlardir» – poytaxtda «Ayol va biznes - o'sishga qodirmiz!» forumi bo'lib o'tdi

Опубликовано: · 413
«Ayol tadbirkorlar – qahramonlardir» – poytaxtda «Ayol va biznes - o'sishga qodirmiz!» forumi bo'lib o'tdi

8-oktyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan Hyatt Regency mehmonxonasida «Ayol va biznes — o’sishga qodirmiz!» nomli forum bo’lib o’tdi. Tadbir O’zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlash markazi, Savdo-sanoat palatasi, MPA creative media agency va bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Afisha.uz muxbiri tadbirda ishtirok etib, u qanday o’tgani haqida hikoya qiladi.

Mehmonxonaning kirish qismida tashrif buyuruvchilarni qizil yo’lakcha, zargarlik buyumlari ko’rgazmasi, musiqiy orkestr, turli shirinliklar va bayramona tort kutib turgan edi. Forumga start berilishidan avval, ayollar o’zaro tanishishlari, fikr va tajriba almashishlari, suratga tushib, rejalari haqida suhbatlashishlari mumkin edi.

Mazkur forum shaxsiy lug’atidan muammo, to’siqlar, tengsizlik, ishonchsizlik, moliyaviy qiyinchiliklar kabi so’zlarni allaqachon o’chirib yuborgan hamda o’z biznesini trend darajasiga olib chiqqan ishbilarmon ayollar bilan uchrashish va seminar-treninglarni tashkil etish uchun o’tkazilgan edi.

Unda bir qancha spikerlar o’zlarining faoliyatlari, yengib o’tgan qiyinchiliklari, qanday qilib o’z bizneslarini yuqori cho’qqilarga olib chiqishga muvaffaq bo’lganliklari, orzu-umidlari va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo’lgan ayollarga turli motivatsion maslahat va tilaklari bilan bo’lishdi.

Tashrif buyurgan mehmonlar orasida san’at sohasi vakillari, mashhur boshlovchilar, dizayner va blogerlar ham bor edi.

«Forumdan asosiy maqsad — ayollarimizning bugungi kunda har tomonlama qo’lidan ko’p narsa kela olishini ko’rsatish. Ya’ni tadbirkorlikda ayol o’zi uchun rahbar bo’lishi mumkin, o’zining vaqtini o’zi taqsimlashi mumkin, farzandiga ham vaqt ajratishi mumkin. Ayollarning o’zlarini o’zlari kerakli bo’lgan yo’nalishda band qilishi, har doim rivojlanishi, o’qishi, o’rganishi, bu davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan turtki desa ham bo’ladi. Men o’ylaymanki, ayollarimiz bilan bo’lib o’tayotgan shunday forumlarimiz har tomonlama manfaatli. Chunki bitta tadbirkor 10 ta ish o’rnini yaratdi degani, bu 10 ta oilaning qozoni yaxshi qaynayabdi degani» -ta'kidladi forum tashkilotchisi, MPA kreativ agentligi asoschisi Nafosatxon Tojiboyeva.

Nafosatxon Tojiboyeva forumda «Jahon tajribasi asosida Media, PR va Branding biznesni rivojlantirishga ta’siri» mavzusida so’z yuritdi.

Forum spikerlari orasida Wang Da Group qo’shma korxonasi bosh direktori — Go‘zal Bahodirovna, Namangan metallurgiya zavodi bosh boshqaruvchisi, Guanzhou Shengli Rade Corporation asoschisi — Gulbahor Tojimirzayeva, New Yorkdagi mashhur Wall Street`ning Morgan Stanley va UBS kabi investitsion banklarida faoliyat olib borgan, hozirda Twelve Stars Capital kompaniyasi bosh direktori — Tamila Qurbonova, «Beton sanoat» MChJ bosh direktori — Hilola Obidova va boshqalar bor edi.

Ular biznesni sistemalashtirish, yirik biznesda yo’l qo’yiladigan kamchiliklarni bartaraf etish, biznesdagi trendlar, fond bozori qanday ishlashi, qurilish sohasida ayollarning o’rni, turizm sohasida qancha daromad topish mumkinligi haqida gapirib berishdi.

Forum jamoaviy suratga tushish va ishtirokchilarni kuzatish bilan yakunlandi.