«Osmondagi bolalar 3: Yerdagi otalar» filmi suratga olish jarayonidan maxsus reportaj

Опубликовано: · 1 540
«Osmondagi bolalar 3: Yerdagi otalar» filmi suratga olish jarayonidan maxsus reportaj

O‘zbekiston san’at arbobi Zulfiqor Musoqovning 2002-yilda katta ekranlarga chiqqan «Osmondagi bolalar» filmi o‘z vaqtida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Komediyali drama janridagi mazkur kartinada to‘rt o‘smir do‘stlar: Hamdam, Xurshid, Javohir va Baxtiyorning taqdiri, orzu-umidlari va qiyinchiliklari haqida hikoya qilinadi.

Rejissor 2003-yili «Osmondagi bolalar-2"ni suratga oladi va u ham tomoshabinlar e’tiborini qozonadi. Zulfiqor Musoqov oradan 20 yil o‘tib, «Osmondagi bolalar-3"ni tasvirga olishga qaror qildi. O‘smirlar hayotiga bag‘ishlangan filmning navbatdagi qismida muxlislarni qanday yangiliklar kutayotganiga qiziqqan «Afisha.uz» muxbirlari syomka maydonchasidan reportaj tayyorladi.

«Aktyorlar tarkibida deyarli o‘zgarish yo‘q»

Zulfiqor Musoqovning aytishicha, film ssenariysi bir necha yil avval yozilgan. Ammo uning badiiy kengash tomonidan tasdiqlanishi ancha cho‘zilgan.

«Minglab tomoshabinlar tomonidan telefon qo‘ng‘iroqlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali iltimoslar bo‘ldi. «Zulfiqor aka, hamma filmlaringiz bizga yaqin. Lekin ‚Osmondagi bolalar‘ boshqacha, uni ko‘rib ulg‘ayganmiz, qahramonlarni qarindoshimizdek qabul qilganmiz. Ularning taqdiri nima bo‘ldi? Iltimos, davomini oling, bu bizga qiziq», degan takliflardan keyin ssenariyni yozib, badiiy kengashga topshirdim. Bir yilga yaqin vaqt davomida tasdiqlanib, nihoyat Kinematografiya agentligi mablag‘ ajratdi. Sochim oqargan jonajon studiyam: «O‘zbekfilm"ga topshirilgach, suratga olish ishlari ham boshlanib ketdi», — dedi rejissor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aktyorlar tarkibida deyarli o‘zgarishlar yo‘q. Ammo yangi aktyorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar: Karim Mirxodiyev, Fotima Rejametova, Turg‘un Beknazarov, aktrisa Dilnoza Kubayeva va boshqalarni ko‘rish mumkin.

«Oldingi qahramonlarning deyarli hammasi bu safar ham bor. Lola personajini ijro etgan Kristina Toirova Qozog‘istonning Olmaota shahridan atay kelib, suratga tushyapti. Faqat qahramonlar ancha ulg‘aygan va shu sabab 20 yosh qilib ko‘rsatishning imkoni yo‘q. Rejaga ko‘ra, joriy yil yakunigacha syomka jarayonlarini tugatib, so‘ng montajga kirishamiz. Xudo xohlasa, tinchlik bo‘lib tursa, hammasi amalga oshadi. Film qanaqa chiqadi, bilmayman. Ochig‘ini aytganda, filmlarim zo‘r chiqadi va hokazo deyishga odam uyaladi», — dedi Zulfiqor Musoqov.

«Uchinchi qism olinishiga umid ham qilmagandim»

Filmda Javohir rolini o‘ynagan Aziz Sultonov «Osmondagi bolalar-3» olinishi haqida eshitganida, shokka tushganini ta’kidladi.

«Filmining davomi suratga olinishini eshitganimizda, rosti, „shokda“ edik. Chunki buni umuman kutmagandik. Kinoni ikkinchi qismi 2003-yilda olingan bo‘lsa, oradan ancha yil o‘tib ketdi. Shu sababli men uchinchi qismi olinishiga umid ham qilmagan edim. Rejissor ushbu yangilikni aytganida, 20 yildan keyin yana nimalar haqida hikoya qilish mumkinligi qiziq edi. Filmning ishchi nomi „Yerdagi otalar“ ekanligini bilganimda, barchasini yaxshi tushundim. Osmonda bo‘lgan bolalar, endi „yerga qo‘nib“, ulg‘ayganini anglatuvchi g‘oya ilgari surilishi ma`qul kelgan», — Aziz Sultonov.

«Kino ichida kino olinayotgani juda ham qiziq»

Rejissor Zulfiqor Musoqovning ko‘plab kinolari orqali tomoshabinlarga yaxshi tanish aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametova «Osmondagi bolalar-3"da ham ishtirok etmoqda.

«Bilasizmi, kino ichida kino olinayotgani juda ham qiziqarli holat. Rolim haqida gapiradigan bo‘lsam, Alfiya ismli mashhur rejissor yordamchisi bo‘lgan. U ayol aktyorlar bo‘yicha ko‘p kinolarda ishlagan. Zulfiqor aka Alfiyaga atab epizodik rol yozdi va uni men ijro qilyapman. Zulfiqor aka kino olsa, menga epizodik rol bo‘lsa ham baribir topiladi. Har safar yangi ssenariy yozganida, albatta, kutaman va qo‘ng‘iroq qilib chaqirishadi. Ko‘pincha ssenariyni o‘qimayman. Ba’zida improvizatsiya orqali kichik rolim katta bo‘lib ketadi. Buni esa shaxsan o‘zim ham yangilik sifatida qabul qilaman. „Bomba“ filmini shunaqa olganmiz. Ssenariy kichkina bo‘lishiga qaramay, o‘zimizdan kelib chiqib, rol o‘ynaganmiz. Aslida improvizatsiya judayam qiyin holat. Faqat o‘ziga ishongan aktyor improvizatsiya qila oladi, deb o‘ylayman», — deydi aktrisa.

«Sochim yana o‘sib chiqadi, ammo kino tarixda qoladi»

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov ushbu kartinada rejissor rolini talqin qiyapti. U ijrosi to‘g‘risida shunday dedi:

«Zulfiqor Musoqovning «Dadam betob» filmida ham suratga tushganman. U bilan ishlash zavqli, ijodkorga kayfiyat beradi. «Osmondagi bolalar-3"da rejissor rolini ishonib topshirdi. Qahramonimning kallasi bo‘m-bo‘sh bo‘lsa-da, lekin bir nimalarni kashf qilishga urinadi (kuladi). O‘zini dono qilib ko‘rsatadigan bunday rejissorlar oramizda ham bor, ammo tan olmaymiz».

Uning qo‘shimcha qilishicha, film sabab sochini oldirishga majbur bo‘lgan.

«Rejissor rol uchun sochimni oldirtirdi. Institutga kirgan yilim sochimni oldirgan bo‘lsam, 50 yildan keyin shu ishni qildim. Soch yana o‘sib ketadi, ammo kino tarixda qoladi. Mazkur komedik film oldingi qismlardan ham zo‘r chiqadi, degan umiddaman. Chunki harakterli rollar ko‘p, taniqli aktyorlar jamoasi yig‘ilgan. Voqealar ketma-ketligi chiroyli, bir-biriga bog‘langan. Tomoshabin sira zerikmaydi, qiziqib ko‘radi, deb o‘ylayman», — dedi Turg‘un Beknazarov.

«Aktyorlar taklifimga bajonidil rozi boʻldi»

Film ijodkorlari ko‘p ma’lumotlarni oshkor etishni xohlamadi. Ammo Zulfiqor Musoqov intervyularining birida filmining yangi talqini haqida gapirarkan, qadrdon qahramonlar:Xurshid, Javohir, Hamdam va Baxtiyorlarning otalik maqomiga erishgani hamda farzandlari bilan munosabatlari aks etishini aytgandi.

«Qahramonlar oʻsha-oʻsha. Aktyorlarga taklifimni aytganimda, ular bajonidil rozi boʻldi. Filmda Xurshid koʻzga koʻringan jarroh, Hamdam taniqli ssenarist, Javohir sport murabbiyi boʻlib yetishadi. Baxtiyor esa otasining izidan borib, biznes bilan shugʻullanadi», — degan edi rejissor.