«U haqiqatdan ham o’zbek repi qiroli»: Shoxruxning Toshkentdagi konserti qanday o’tdi?

Опубликовано· 674
«U haqiqatdan ham o’zbek repi qiroli»: Shoxruxning Toshkentdagi konserti qanday o’tdi?

21-oktyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan Humo Arena kompleksida o’zbekistonlik mashhur reper, ushbu yo’nalishdagi eng serqirra ijodkor Shoxruxning 15 yillik katta yubiley konserti bo’lib o’tdi. Qo’shiqchi o’zining barcha xit qo’shiqlari va yorqin shou dasturni taqdim etdi. Afisha.uz muxbiri tadbirda ishtirok etib, konsert qanday o’tgani haqida hikoya qiladi.

Konsert kuni arenaga 9000 nafarga tomoshabinlar tashrif buyurdi. Muxbirimiz bilan suhbatda ularning aksariyati yoshlik chog’idan reperning qo’shiqlarini tinglab kelayotgani, ular bilan katta bo’lgani, yorqin xotiralari mavjudligini aytib berishdi.

«Shoxrux — mening bolaligim deya olaman. Uning „Balandda“, „Xayolimdasan“ qo’shiqlari chiqganida men maktabda o’qib yurar edim, adashmasam 12 yoshda bo’lganman. Sinfdoshlar bilan birga rossa tinglar edik. Yoddan bilar edik».

«Shoxruxni men hech ikkilanmay „O'zbek repi qiroli“ deya olaman. Aynan uning qo’shiqlari O’zbekistondagi ushbu janr rivojiga hissa qo’shgan. To’g’risi, bunday artistlar juda kam».

«Shoxruxning qo’shiqlari yoshligimdagi eng shirin damlarni eslatadi. Barcha konsertlariga muntazam borib yurganman. Bugun ham zavq olib ketaman degan umiddaman».

Konsert dasturidagi yorqin lazerli shou va raqs guruhlarining chiqishi yaxshi tayyorgarliklar ko’rilganidan dalolat berar edi. Sahnaga Shoxrux o’zining «Naynov» qo’shig’i bilan chiqib, tadbirni boshlab berdi. Muxlislar uni katta olqishlar kutib oldi.

Konsertning yana bir e’tiborli jihati — reperdan tashqari, u bilan 2000-yillarning boshidan ijod qilib kelgan ikki qo’shiqchi — Sema va Serj ham ishtirok etdi. Ular birgalikda hammaga tanish bo’lgan «Xayolimdasan», «Hayr bevafo», «Leyli», «Avayla», «Fiesta», «Under control», «Bir bora», «Meni sevma», «Xato» va boshqa bir qancha qo’shiqlarini kuylashdi.

Barchamiz «Salom», «ABV» taronalarini Shoxrux kichik bolakay bilan kuylaganini yaxshi eslaymiz. Oradan ko’p yillar o’tib, yubiley konsertda aynan o’sha ulg’aygan bolakay — Sarvar ham chiqib, reper bilan birga xit qo’shiqlarni kuyladi va tomoshabinlarga o’zgacha zavq ulashdi.

Konsertdagi eng katta syurpriz — bu Sevara Nazarxon bilan bo’lgan yangi duet qo’shiqning premyerasi bo’ldi. «Asta-sekin» deb nomlangan ushbu tarona tomoshabinlar tomonidan juda iliq kutib olindi.

Tomoshabinlarning Shoxrux bilan birga baralla ovozda kuylamagan biror qo’shiq yo’q edi. «Bunday kuylashingizdan, men o’zimning ovozimni eshitmayapman», — deya kulib qo’ydi reper.

Ijodkorlar sahnadan turib, barchadan telefonlardagi yoritgichlarni yoqishni so’rashdi. Arena bo’ylab jimlik hukm surdi va barchaga tanish bo’lgan, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari haqidagi «Bolaligim» nomli mashhur qo’shiq yangradi. Atrof bo’ylab chiroqlarning yonishi konsertga o’zgacha muhit bag’ishladi.

«Hozir bir qo’shiqni eshitasiz. Uni chiqarganimizda ko’pchilik: „Mening taqdirim haqida kuylagansiz“ deya, uni o’zgacha tuyg’ular bilan tinlashganini aytishgan», — deya Shoxrux «Baxtli bo’l» qo’shig’ini go’zal kuy sadosi ostida ijro etdi.

«Balandda» va «Yoroney» qo’shiqlari yangraganida arena shunchalik shovqinga to’ldiki, sahnadagi artistlar ham lol qolishdi. Konsertning e’tiborga loyiq jihati: u boshidan oxiriga qadar jonli ijro asosida o’tdi.

Konsert dasturi Shoxruxning «O'zbegim» nomli taronasi bilan yakunlandi.

Нозима Хошимова
Автор
Нозима Хошимова
Евгений Сорочин
Фотограф
Евгений Сорочин
Подпишитесь на наш Telegram