Yulduzlar, yaxshi kayfiyat va tinimsiz kulgu – «Million» jamoasining kuzgi konsertidan maxsus reportaj

Опубликовано: · 284
Yulduzlar, yaxshi kayfiyat va tinimsiz kulgu – «Million» jamoasining kuzgi konsertidan maxsus reportaj

20−30-oktyabr kunlari «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida «Million» kulgi jamoasining yangi konserti bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari jamoaning kuzgi konsert dasturidan reportaj tayyorladi.

«Million» sardori Davron Kabulovning ta’kidlashicha, jamoa bu galgi dasturda ham ijtimoiy mavzularga ko‘proq murojaat qilgan.

«Kundalik hayotimiz va tarmoqlarda kuzatilayotgan turli holatlar, jamiyatimizdagi ba’zi illatlarni hazil ko‘rinishida sahnaga olib chiqishga qaror qildik. Bundan tashqari, musiqiy chiqishlar, tarixiy sahna ko‘rinishlari ham bor. Qisqasi, rang-baranglik borasida bu safaragi konsert oldingilaridan yaxshi tomonga ajralib turadi, degan umiddamiz. Xolis bahoni, albatta, tomoshabin beradi», — dedi u.

Davron Kabulov jamoa a’zosi Alisher Botirovning nima uchun san’atdan ketganiga oid savolga shunday izoh berdi:

«Alisher shaxsiy sabablarga ko‘ra sahnadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Biz uning qarorini hurmat qilamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo bu jamoa ichidagi vaziyat bilan umuman bog‘liq emas. Biz tarafdan Alisher bilan hech qanday muammo yo‘q. Bu uning shaxsiy qarori edi. Ijoddan tashqari paytlarda bemalol ko‘rishib, do‘stona munosabatda bo‘lib, yaxshi davrlarni eslab, kulishib yuraveramiz. Jamoamizning har bir a’zosi kabi men ham Alisherning kelgusidagi faoliyatiga omad tilayman».

Uning qayd etishicha, ijtimoiy muammolarni sahnaga olib chiqayotgan jamoa a’zolariga hozircha biror tashkilot yoki amaldor tomonidan bosim bo‘lgani yo‘q.

«Xalqning ichida qanday muammo, ijtimoiy kamchiliklar bo‘lsa, shularni hazil tariqasida sahnaga olib chiqishga harakat qilamiz. Agar bor gapni aytsak, xalq qarsak chaladi. Xulosani biz emas, o‘sha sohalar mutasaddilari chiqaradi. Xalqni ichida mutasaddi odamlar bo‘lsa va o‘sha sohada ijobiy tarafga o‘zgarish kuzatilsa, bunga ozgina hissamiz qo‘shilganidan faqat xursand bo‘lamiz», — dedi Davron Kabulov.

Jamoa a’zosi Mirkomil Musayevning ta’kidlashicha, joriy yilgi dasturda oilaviy ajrimlar mavzusiga alohida urg‘u berilgan. U shuningdek, Alisher Botirovning jamoani tark etishi haqida ham fikr bildirdi.

«Alisher Botirov bu galgi konsertda ishtirok etmayapti. Qatnashishini judayam istardik, ammo bu uning qarori. Biz tanlovini ma’qulladik, uni shunday niyati bor edi o‘zi. Ma’lum vaqt kelib, hammamiz faoliyatimizni to‘xtatamiz baribir. U ketish qaroriga sal erta kelibdi va buni qo‘llab-quvvatladik. O‘ylaymizki, muxlislar ham bu qarorni hurmat qilishadi», — dedi u.

«Million» ning bu galgi dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov hamda Shoxrux reper mehmon sifatida qatnashib, bir qancha qo‘shiqlarni ijro etdi.