«Ayol qismati» dan Yulduz Rajabovagacha: o‘zbek kinoijodkorlari xalqaro festivalda e’tirof etildi (foto)

Опубликовано: · 198
«Ayol qismati» dan Yulduz Rajabovagacha: o‘zbek kinoijodkorlari xalqaro festivalda e’tirof etildi (foto)

Turkiyaning Bursa shahrida 1−5-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan «Qo‘rqut ota» turkiy xalqlar kinofestivalida o‘zbekistonlik ijodkorlar ham taqdirlandi.

Ta’kidlanishicha, kinofestival doirasida turkiy tilda so‘zlashuvchi 17 ta davlat kinoijodkorlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjumanda Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya kabi mamlakatlarning yuzdan ziyod kino ustalari qatnashdi.

4-noyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston kinosi kunlarida esa Turkiyadagi vatandoshlar uchun o‘zbek kinoijodkorlari bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va o‘zbek filmlari namoyishi uyushtirildi.

Festivalda 57 ta film ikki yo‘nalishda g‘oliblik uchun raqobatlashdi. G`oliblar orasida o`zbekistonlik ijodkorlar ham bor. Xususan, rejissyor Dilmurod Masaidovning «Ayol qismati» badiiy filmi hamda Furqat Usmonovning «Inson» ko‘p qismli xujjatli filmi gran-priga loyiq, deb topildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva va aktrisa Yulduz Rajabovaga «Turkiy xalqlar birdamligi hamda hamdo‘stligiga qo‘shgan hissasi uchun» «TURKSOY» xalqaro mukofoti topshirildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, aktrisa Ra’no Shodiyeva ayni paytda shifoxonada davolanayotgani tufayli mukofotni uning o‘rniga yaqin dugonasi va hamkasbi Rayxon Ulasenova qabul qilib olgan.

Bundan tashqari, «Eng kreativ kiska metrajli film suratga olgani uchun» nominatsiyasi bo‘yicha VGIKning Toshkentdagi filialining ikki nafar talabasi festivalning esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Xalqaro tadbir yakunida ma’lum qilinishicha, «Qo‘rqut ota» III-xalqaro kinofestivali 2023-yilning noyabr oyida Ozarbayjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tadi.