Eng yaxshi antiutopik asarlar — TOP 10

E’lon qilingan sana· 1 528
Eng yaxshi antiutopik asarlar — TOP 10

Biz insoniyat kelajagi, jamiyat va taraqqiyot haqida fikr yuritishni yoqtiramiz. Bizga bu borada antiutopik asarlar juda yaxshi yo’riqnoma bo’la oladi. Bunday asarlar bizni muhim savollar, masalalar haqida bosh qotirishga undaydi. Afisha.uz bugun sizlarning e’tiboringizga eng yaxshi antiutopik asarlar ro’yxatini taqdim etadi. Boshlashimizdan oldin, keling, antiutopiya o’zi nima ekanligi haqida gaplashib olamiz.

Antiutopiya — bu badiiy adabiyot va kinodagi tendensiya bo’lib, tor ma’noda totalitar davlatning tavsifi va unda keng ma’noda salbiy rivojlanish tendensiyalarini ko’rish mumkin bo’lgan har qanday jamiyat tasvirlanadi.

Ana endi bu yo’nalishni biroz kengroq qilib tushuntiraman. Insoniyat butun tarix davomida ideal, mukammal tizimni yaratishga harakat qilib keladi. Ideal hayot tarzi, ideal davlat tuzumi, boshqaruv… Utopiya esa aynan shunday mukammal tuzum. Mukammallik turlicha bo’ladi, ya’ni sizni nuqtai nazaringizdagi utopiya boshqacha, men uchun utopiya boshqacha bo’lishi mumkin. Ya’ni ideallik deganda hamma teng, bir xil bo’ladigan hayot tarziga nisbatan olinsa, antiutopiya aynan shu tuzumni “ustidan kuladi”. Ya’ni siz o’zgacha jamiyat manifestini ishlab chiqib, mana shunday yashasak hammasi zo’r bo’ladi deysiz, antiutopik asarlarda esa aynan shunday hayot tarzini ko’rsatib bergan holda kamchiliklarini, nuqsonlarini ochib beradi. Ya’ni umumiy g’oya ideal tizim yoki boshqaruv bo’lishi mumkin emas degan fikrga olib keladi. Faqat mana shu g’oya biror bir jamiyat yoki utopiya misolida ko’rsatib beriladi. Endi esa bu yo’nalishdagi eng yaxshi asarlarga o’tamiz.

1. Jorj Oruell, “1984”

Antiutopik asar deganda o’zbek kitobxonining xayoliga birinchilardan bo’lib, Jorj Oruellning “1984” asari kelsa kerak. “Total boshqaruv”, “erksizlik”, “absurd darajasiga yetgan ideologiya” — bu asarda keltirilgan tuzum va jamiyatni tasvirlash uchun, ehtimol, eng qulay jumlalardir. Qaysidir ma’noda, Zamyatinning avvalroq yozilgan “Biz” nomli asariga o’xshab ketadi. Unda ham, bunda ham odamlar erkin emas.

“1984” asari propagandaning qanday kuchga ega ekanligi, ommaning “miyasini yuvish” qanchalik oson ekanligi haqida so’zlaydi.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

2. Oldos Xaksli, “Ajib yangi dunyo”

Oldos Xakslining “Ajib yangi dunyo"si ko’pchilik kitobxonlar uchun eng yaxshi antitopik asardir. Va men bu fikrga qo’shilaman. Oruell tasvirlagan dunyodan farqli o’laroq, Xakslining “dunyosi"da odamlar baxtli, to’q va “erkin”. Nega bu yerda erkin so’zini qo’shtirnoqda keltirganimni esa asarning ilk sahifalaridanoq tushunib olasiz. Bu yerda odamlar o’zini erkin va mustaqil deb bilishadi. Aslida esa ular baxt, zavqlanish kabi tuyg’uliga aylanib qolishgan. Biz hozir yashayotgan jamiyatga juda o’xshash shunday emasmi?

Kitobda siz bunday hayot tarzi va bunday ideologiya, aniqrog’i, “iste'molchilk jamiyatining” hosil bo’lishi nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida bilib olasiz. Ishoning, asar sizni chuqur fikr-mulohazalar qilishga undaydi. Avvalroq, ushbu asar haqida maqola yozgan edim. Ushbu maqola mutolaaga kirishish oldidan siz uchun kirish qismi rolini o’tashi mumkin.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

3. Rey Bredberi, “Farengeyt bo’yicha 451 daraja”

“Farengeyt bo’yicha 451 daraja” romani Rey Bredberiga katta shuhrat olib kelgan. Farengeyt bo’yicha 451° —bu qog’oz yonadigan va kulga aylanadigan haroratdir. Rey Bredberining falsafiy antiutopiyasi postindustrial jamiyat taraqqiyotining umidsiz manzarasini tasvirlaydi. Bu kelajak dunyosi, unda barcha yozma nashrlar “o't o’chiruvchilar"ning maxsus otryadi tomonidan shafqatsizlarcha yo’q qilinadi va uyda kitoblar saqlash qonun bilan ta’qib qilinadi. Interaktiv televidenye esa barchani aldash uchun muvaffaqiyatli qurolga aylangan…

Ushbu asar haqida ham avvalroq maqola e’lon qilgan edik.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

4. Zamyatin, “Biz”

“Biz” antiutopik romanida ham “1984” dagi kabi ustidan qat’iy nazorat qilinadigan jamiyatni tasvirlaydi. Asar 1920-yilda yozilgan bo’lsa-da, o’sha paytda SSSRda nashr etilmagan: zamondoshlari buni kelajakdagi sotsialistik, kommunistik jamiyatning yovuz karikaturasi sifatida qabul qilishgan. “Biz” asarini AQSh va Fransiyada nashr qilishgan va faqat 1988-yildagina rus tilida chop etilgan. Bu roman Jorj Oruell va Oldos Xakslining ijodiga ta’sir ko’rsatgan deb tan olinadi.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

5. Jorj Oruell, “Molxona”

Original nashrda “Animal Farm” deb nomlanadigan va o’zbek tilida “Molxona” deb nom olgan bu asar Jorj Oruell tomonidan “1984” asari chop etilganidan 5−6 yil o’tib yoziladi. Ammo Oruellning xayoliga bu asarni yozish ancha oldin kelgan. “Molxona” satirik asar bo’lib, bo’lganda ham fojiali satira. Ehtimol, kitobxon “1984” ni o’qishdan oldin “Molxona"ni o’qib chiqqani yaxshidir. Chunki u birinchisiga qaraganda ancha soddaroq yozilgan va tushunish oson.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

6. Ayn Rend, “Atlant qaddini rostladi”

“Atlant qaddini rostladi” asari Ayn Rendning eng mashhur asari bo’lib, u ko’plab tillarga tarjima qilingan va bir necha avlod kitobxonlariga ongiga katta ta’sir ko’rsatgan. Ayn Rend ushbu asarda fantaziya va realizmni, utopiya va antiutopiyani, romantik qahramonlik va shiddatlilikni bir-biri bilan uyg’unlashtirgan.

Syujet haqida gapiradigan bo’lsam, spoyler qilmaslik uchun asar boshlanishini qisqagina tasvirlayman. Qo’shma Shtatlarda hokimiyat tepasiga sotsialistlar keladi va hukumat iste’dodli insonlar, boylar hisobiga nochor va iste’dodsizlarni boyitishni adolatli deb hisoblaydi, “teng imkoniyatlar” yaratishga kirishadi… Asarda buning qanday oqibatlarga olib kelishi haqida so’z boradi.

Asar hali o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

7. Entoni Byorjess, “Заводной апельсин”

Ingliz yozuvchisi, shoiri, adabiyotshunosi, tilshunosi va bastakori Entoni Byorjessni haqli ravishda o‘z davrining eng ziyoli insonlaridan biri deb atashadi. “Заводной апельсин” (yoki “Murvatli apelsin”) yozuvchining eng mashhur asari hisoblanadi.

Asarda insonning “yaxshi inson bo’lish yoki zo’ravonlik qilish” tushunchalari o’rtasidagi tanlov erkining ahamiyati haqida so’z boradi. “Tanlash imkoniyatidan ayrilgach, inson — inson bo’lishdan to’xtaydi”, — deydi ushbu asarda Entoni Byorjess.

Asar hali o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

8. Dmitriy Gluxovskiy, “Metro 2033”

2033-yil. Butun dunyo vayronaga aylangan. Insoniyat deyarli butunlay yo’q qilingan. Moskva radiatsiya bilan zaharlangan va yirtqich hayvonlar yashaydigan arvoh-shaharga aylandi. Omon qolgan bir necha kishi Moskva metrosida yashiringan va yadroviy bombalardan himoya qilingan eng yirik qarshi boshpanadan qo’nim topishgan…

“Metro 2033” asariga “postapokaliptik asar” degan ta’rif ko’proq tog’ri keladi. Ammo bu yerda ham antiutopiya elementlari bor. Asar ro’yxatdagi boshqa antiutopik asarlarga qaraganda ancha yangi bo’lib, 2005-yilda yozilgan. “Metro 2033” asari asosida shu nom ostida kompyuter o’yini ham yaratilgan.

Asar hali o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

9. Uilyam Golding, “Pashshalar hukmdori”

Ingliz yozuvchisi, Nobel mukofoti laureati (1983) Uilyam Golding 1957-yilda, dastlab 21 ta nashriyot tomonidan rad etilgan “Pashshalar hukmdori” romanini yozgan. Golding asarni chop etishga tayyor bo’lgan nashriyotni oxir-oqibat topadi va ushbu kitob bestsellerga aylanadi.

Uilyam Golding ezgulik va yovuzlik, sivilizatsiya va vahshiylik, axloq va qonunsizlik o’rtasidagi kurashni juda yaxshi tasvirlay olgan. U rang-barang personajlar yaratib, ularning har biri inson tabiatining ma’lum bir jihatini ifodalaydi. Ularning turli dunyoqarashlari va intilishlari to’qnashuvlarga hamda haqiqat hissini yo’qotishga olib keladi.

Asar hali o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

10. Jonatan Svift, “Gulliverning sayohatlari”

Ha, ko’pchiligimiz bolaligimizda sevib o’qigan bu asar ham antiutopiya elementlariga ega. Ro’yxatimizdagi boshqa asarlardan ancha oldin yozilgan bu sarguzasht asarda, hali bu payt antiutopiya degan janr mavjud bo’lmagan bo’lsa-da, uni ilk antiutopik asar deyishimiz uchun yetarli asoslar bor.

Agar siz bu asarni o’qimagan bo’lsangiz, sizga bu janr bilan tanishishni aynan ushbu kitobdan boshlashni tavsiya qilamiz. Chunki antiutopiya janri ancha murakkabroq, “Gulliverning sayohatlari” esa birinchi navbatda sarguzasht asar va u bolalarga ham, kattalarga ham birdek manzur bo’ladi.


Antitopiya janriga mansub XXI asrda yozilgan va chop etilgan ko’plab asarlar mavjud. Biz ular bilan ko’pincha kinematografiya orqali tanishmiz. Masalan, Syuzen Kollinzning “Ochlik o’yini” (Hunger Games), Jeyms Deshnerning “Labirintda yuguruvchi”, Veronika Rotning “Divergent” nomli asarlar turkumi ham antuitopiyani ifodalaydi. Agar siz filmlar tomosha qilish xush ko’rsangiz, ushbu filmlar bilan tanishishni ham tavsiya qilamiz.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov