Oskar Uayldning eng mashhur 5 ta asari

E’lon qilingan sana· 2 410
Oskar Uayldning eng mashhur 5 ta asari

Bugun, 16-oktabr — irland yozuvchisi va shoiri Oskar Uayldning tavallud topgan kuni. Shu munosabat bilan, bugun Viktorian davrining eng taniqli dramaturglaridan biri bo’lgan Oskar Uayld qalamiga mansub eng mashhur va eng yaxshi asarlarni eslab o’tamiz.

Oskar Uayld haqida

Oskar Uayld 1854-yil 16-oktabr kuni Dublin shahrida tug’ilgan. Uning otasi, ser Uilyam Uayld o’z davrining eng mashhur oftalmologlaridan biri bo’lgan, ko’plab ilmiy ishlar yozgan. Uning onasi Irlandiya va ozodlik harakati haqida she’rlar yozgan. Yosh Uayld she’riyat va ta’sirchan teatral muhitda katta bo’lgan, bu uning keyingi faoliyati va turmush tarziga ta’sir qilgan.

Uayldning birinchi she’riy to’plami (1881) uning individualizm, tasavvuf, yolg’izlik va umidsizlikning pessimistik kayfiyatlari bilan ajralib turadigan dekadensning estetik yo’nalishiga sodiqligini namoyish etdi. Shuningdek, uning dramaturgiyadagi ilk ijod mahsuli “E'tiqod yoki nigilistlar” pyesasi bo’lgan. Biroq keyingi oʻn yil davomida u dramaturgiya bilan shugʻullanmadi, boshqa janrlarga — esse, ertak, adabiy-badiiy manifestlarga ko’proq qiziqdi.

Oskar Uayldga eng katta shuhrat olib kelgan asar bu uning “Dorian Greyning portreti” nomli romanidir. Bu uning yagona romani bo’lib, 1890-yilda juda oz fursat — uch hafta ichida yozib tugatgan.

Oskar Uayldning TOP-5 asari:

“Dorian Greyning portreti”

“Dorian Greyning portreti” romani jahon adabiyotidagi eng mashhur va ta’sirli romanlardan biri hisoblanadi. Ushbu chuqur mazmunli asar oddiy kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi, ammo tanqidchilar hikoyani juda axloqsiz deb hisoblashdi.

Rassom o’ziga tikilishni yaxshi ko’radigan yosh yigit Dorian Greyning portretini yaratadi. Bir kuni bosh qahramon u emas, uning o’rniga portret qarib borishini xohlaydi. Shundan so’ng bir qator qiziqarli va tushunarsiz voqealar boshlanadi… Mayli, spoyler qilmaymiz.

Bu roman dunyoning turli mamlakatlarida 25 martadan ortiq marotaba ekranlashtirilgan. Bu har bir kishi o’qib chiqishi kerak bo’lgan ajoyib asardir. “Dorian Greyning portreti” o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.


“Lord Artur Sevilning jinoyati”

“Lord Artur Sevilning jinoyati” komediyasi Oskar Uayldning noodatiy asarlaridan biri.

Roman bosh qahramoni Lord Artur Sevil xiromant (kaftga qarab fol ko’radigan) janob Septimusdan o’zining qotillik sodir etish arafasida ekanligini bilib oladi. U buni o’zining bo’lajak to’yi oldidan qilishga qaror qiladi. Ammo kimni o’ldirish kerak? Artur Sevilning izlanishlari shu yerdan boshlanadi.

Artur o’z bashoratini amalga oshirishga va sevgan ayoliga uylanishga muvaffaq bo’ladimi? Bashorat haqiqatga aylanadimi?


“Kentervillik arvoh”

“Katervillik arvoh” hikoyasi bir necha bor ekranlashtirilgan va hatto unga asoslangan multfilm ham yaratilgan.

Amerikaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Xiram Otisning oilasi bir vaqtlar ser Saymon de Kantervilga tegishli bo’lgan qasrga tashrif buyuradi. Qasrning yangi egalari, sobiq egasi bir necha asrlar oldin o’z rafiqasi Eleanor xonimni qal’a devorlari ichida qoldirganini, shundan so’ng bu joy la’natlanganligini, Kantervil arvohi qasr devorlari ichida tutqunlikda qolganligini bilib olishadi.


“Baxtli shahzoda va boshqa ertaklar”

“Baxtli shahzoda” mashhur klassik yozuvchining ko’p sonli ertaklaridan biri. Oskar Uayld ko’p ertaklar yozib qoldirgan va bir necha to’plam sifatida chop etilgan.

Bu ertakda o’zining Farovon saroyida umr bo’yi qiyinchiliklarsiz, xursandchilik bilan hayot kechirgan baxtli shahzoda haqida so’z boradi. U faqat saroy hayotini ko’rdi va undan tashqarida nima bo’layotganini bilmasdi. O’limidan keyin unga haykal o’rnatiladi, uning ichi qalaydan, tashqarisi esa oltindan edi. Hamma bu haykalning jozibasidan maftun edi. Ammo “oltin” shahzodaning balandlikdan turib xalqqa nazar tashlar ekan, ularning ahvolini ko’rib, uning dili og’rir edi. Shunda u ularga yordam berishga qaror qiladi. Va bunda unga xuddi shunday mehribon qalbga ega qaldirg’och yordam beradi.


“Bulbul va atirgul”

“Bulbul va atirgul” qissasi juda qisqa, uni atigi yarim soatda o‘qib chiqish mumkin. Ammo juda qisqa bo’lsa-da, juda chuqur ma’noga ega.

Oskar Uayld bu qissada bulbul misolidan foydalanib, sevishganlarning ba’zida naqadar sodda bo’lishini va ular qanday orzular og’ushida bo’lishini tasvirlab beradi. Bulbul yoshlarning muhabbatini saqlab qolmoqchi bo‘lib, bulbul oshiq yigit o’z sevganiga qizil atirgul sovg‘a qilishi uchun o’z jonini fido qiladi, ammo bu qurbonlik besamar bo‘lib chiqadi… Bu hikoyani albatta o‘qib ko’ring.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ