Bolalarga qanday kitoblar sovg'a qilish mumkin?

E’lon qilingan sana· 611
Bolalarga qanday kitoblar sovg'a qilish mumkin?

Bugun sizlar bilan bolalar adabiyoti haqida gaplashamiz. Ba’zida biz kattalar bolalarimizda kitob o’qishga ishtiyoq paydo qilish uchun qanday kitoblar sovg’a qilish yoki qanday kitoblarni o’qib berish borasida katta tanlovga duch kelamiz. Bolalar adabiyotini ikki toifaga bo’lishimiz mumkin: bolalar adabiyoti klassikasi va zamonaviy bolalar adabiyoti. Xo’sh, ushbu maqolada bugun biz aynan bolalar adabiyoti klassikasining eng ajoyib asarlari haqida gaplashamiz va siz bemalol ushbu kitoblarni farzandingizga sovg’a qilishingiz mumkin.

Hans Kristian Andersen ertaklari

Bu ro’yxatni, albatta, Hans Kristian Andersen ertaklari bilan boshlamasam bo’lmasdi. Uning ertaklarini deyarli har birimiz o’qiganmiz va keyingi avlod ham ularni o’qishi lozim deb o’ylayman. Uning “Qor malikasi”, “Irkit o’rdakcha”, “Suv parisi”, “Dyuymchaxon” va ko’plab boshqa ertaklari — multfilmlar va to’liq metrajli filmlar uchun asos qilib olingan. Ko’pchiligini hattoki ko’rganmiz ham. Ammo Andersenning barcha ertaklari ham yaxshilik (va baxt) bilan tugayvermaydi.

Ma’lumki, bolalar bir xillikka toqat qila olishmaydi, shuning uchun ularni kitobga jalb qilish unchalik oson emas. Biroq, Andersenning barcha ertaklari bolalarda zavq va katta qiziqish uyg’otadigan o’ziga xos, takrorlanmaydigan syujetlarga ega.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Uning ertaklari juda ko’p va har biri nimanidir o’rgatadi. Ammo umumlashtiradigan bo’lsak, bolalar bu ertaklardan insoniylikni, qahramonlik ko’rsatish, boshqalarni qadrlash, muhabbatning kuchi, hamdardlik va mehr-shafqat, hayotni qadrlash kabi narsalarni o’rganishadi.


Aka-uka Grimm ertaklari

Bolaligimizda sevib tomosha qilgan “Aka-uka Grimm ertaklari” mutseriali esingizdami? Shu ondayoq musiqasi qulog’ingiz ostida jaranglayapti, shunday emasmi? Ko’pchiligimizning bu ertaklar asosida ishlangan multfilmlar bilan bog’liq bolalik xotiralarimiz bor. Nega endi bolalarimiz ham bunday tuyg’ularni tuymasligi kerak ekan? Albatta, ushbu ertaklarning multfilmlarini ham farzandingizga ko’rsatishingiz mumkin. Ammo boshida kitobini sovg’a qilib ko’ring. Ichidagi ertaklarni o’qib bering. Mayli, agar juda qiziqtirish qiyin bo’lsa, multserialini birga tomosha qilsangiz bo’ladi.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Xuddi mana shu savolni kutubxonada yig’ilgan bolakaylarga berib ko’rishgan ekan. Va ular bir ovozdan shunday deb javob berishgan: “Bu ertaklar mehr-oqibatli bo‘lishga, bir-birimizga yordam berishga, dangasa bo’lmaslikka, aldamaslikka, odamlarni sevishga o‘rgatadi”.


“Kichkina shahzoda”, Antuan de Sent-Ekzyuperi

Ekzyuperining “Kichkina shahzoda"si haqida juda ko’p gapirish mumkin. Bu asarni nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham tavsiya qilish mumkin. Behazil. Undagi ayrim narsalarni bolalik payti payqamaslik mumkin, lekin yillar o’tib o’qiganingizdan keyin boshqacha effekt olasiz. Yaxshisi, bu asar haqida yozgan maqolamizni o’qib ko’rishingizni maslahat beramiz.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Ushbu asarda o’zaro ishonch, mehribonlik va mas’uliyatli bo’lish kerakligi haqida so’z boradi. Bu asar aslida allegorik ertakdir va uning ostida majoziy ma’noda keltirilgan muhim mavzular yotadi.


“Gulliverning sarguzashtlari”, Jonatan Svift

Menimcha “Gulliverning sarguzashtlari"ni maktab davrimizda ko’pchiligimiz o’qiganmiz. Ehtimol ko’plab fantastika janri ixlosmandlarida bu janrga qiziqish ham shu asardan keyin paydo bo’lgan. Jonatan Sviftning bu asarini o’qigandan keyin Jyul Vernga o’tasiz, undan keyin sekin-sekin zamonaviy fantastikani o’qiy boshlaysiz. “Gulliverning sarguzashtlari” nafaqat fantastik, balki satirik asar hamdir. Ya’ni Jonatan Svift ushbu asarda insoniy va ommaviy illatlarning ustidan kuladi. Bolalar uchun esa bu asar Gulliverning turli mamlakatlarga sayohati, Liliputiya va boshqa shu kabi bir-biridan keskin farq qiladigan mamlakatlar tufayli juda qiziqarli bo’lishi mumkin.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? “Gulliverning sarguzashtlari” odamlarni yolg‘on va ikkiyuzlamachilikni ko‘ra olishga, yovuzlikdan nafratlanishga, erkinlik va adolat uchun kurashishga, haqiqatgo’ylikka o‘rgatadi. Shuningdek, bolalar bu asarni o’qigach, dunyo mo’jizalarga boy ekanligini tushuna boshlaydi.


“Alisa mo’jizalar mamlakatida”, Lyuis Kerrol

Asarda Alisa ismli qizaloqning g’alati antropomorfik mavjudotlar yashaydigan xayoliy dunyoga tushib qolishi haqida hikoya qilinadi. Ertak ham bolalar, ham kattalar orasida mashhurlikka ega. “Alisa mo’jizalar mamlakatida"ni o’qiyotganda, o‘quvchilar cheshir mushugi, shlyapali quyon, kartalar malikasi va yana ko‘plab qiziqarli qahramonlarga duch kelishadi.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Bolalar uchun kattalar dunyosi noma’lum va katta hilqat bo’lib tuyulishi mumkin va ular mo’jizalar mamlakati misolida noaniqlik va oldindan aytib bo’lmaydigan voqeliklarga duch kelganda qanday yo’l tutish kerakligini o’rgatadi.


“Chippolino”, Janni Rodari

Janni Rodarining bolalikdan hammamizga tanish bo‘lgan ushbu ertagi piyoz bolakay va uning ertak olamidagi “meva-sabzavot” ko’rinishidagi adolat uchun kurashib, ezgulikni orzu qiladigan do‘stlari haqida hikoya qiladi. Aslida Janni Rodarining istalgan ertagini topib o’qib bersangiz juda yaxshi. Uning ertaklar to’plami ham ajoyib sovg’a bo’la oladi. Rodari o’zining mahorati va kreativligi borasida Xans Kristian Andersen va aka-uka Grimllardan o’tsa o’tadiki, ammo qolishmaydi.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Ushbu ertak do’stlik va atrofdagilarga yordam berish, hayotdan zavqlanishga va hech qachon umidsiz bo’lmaslikka va mehribon bo’lishga o’rgatadi. Shuningdek, yomonlik albatta jazolanishini, yaxshilik g’alaba qozonishini isbotlab beradi.


“Maugli”, Redyard Kipling

Maugli o’rmonda o’sgan bolakay, u inson tilini bilmaydi, lekin o’rmon aholisi tilida gapiradi, u hech qanday insoniy urf-odatlarni bilmaydi, lekin u o’rmon qonunini hurmat qiladi. Bolaligimizda deyarli barchamiz Maugli haqidagi turli multfilmlarni ko’rganmiz. Farzandlarimizni ham u bilan tanishtirish kerak deb o’ylayman.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? “Maugli” bolalarni mard va jasur bo‘lishga, oilaviy qadriyatlarni qadrlashga, tabiat va olam qonunlarini hurmat qilishga, boshqalarga yordam berishga o‘rgatadi.


“Narniya saltanati: Arslon, Jodugar va kiyim javoni”, Klayv Steyplz Lyuiz

“Arslon, jodugar va kiyim javoni” Pevensi oilasining to’rt nafar farzandi — Piter, Syuzan, Edmund va Lyusi haqida hikoya qiladi. Ular Londondagi portlashlar tufayli oilasining do’sti professor Digori Kirkning uyiga yuboriladi. Bekinmachoq o’yini davomida Lyusi kiyim javoniga yashirinadi va u orqali Narniyaga kirib qoladi… Esladingizmi? Nostalgiya!

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? “Arslon, jodugar va kiyim javoni” asari bolalarga muhabbat, do’stlik va mo’jizalarga ishonishni, shuningdek, mehr-oqibatli bo’lishga, boshqalarni tushunish va kechirimli bo’lishga o’rgatadi.


“Sariq devni minib”, Xudoyberdi To’xtaboyev

“Sariq devni minib” asarini bu ro’yxatga qo’shmaslik mumkin emas. Bu asarni ham maktab davrimizda ko’pchiligimiz sevib o’qiganmiz. Aslida Xudoyberdi To’xtaboyevning bunday ajoyib asarlari ko’p va ularning har biri e’tiborga loyiq. Lekin, mening fikrimcha, “Sariq devni minib” Xudoyberdi To’xtaboyevning eng yaxshi asari.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Ushbu asar bolalarga bizni orzular ro’yobiga yetaklaydigan to’g’ri yo’l tanlay olish, halol mehnat, yaxshi xulq-atvorning ahmiyati va qunt bilan o‘qish kerak ekanligini o’rgatadi.


“Dunyo bo’ylab 80 kun”, Jyul Vern

“Dunyo bo’ylab 80 kun” — bu fransuz yozuvchisi Jyul Vernning sarguzasht romani bo’lib, unda ekssentrik va flegmatik ingliz janobi Fileas Fog va uning fransuz xizmatkori Jan Passpartuning butun dunyo bo’ylab sayohati haqida hikoya qilinadi. Ular dunyo yuzini 80 kun ichida aylanib chiqishga bahs boylashadi.

Aslida Jyul Vernning barcha asarlarini farzandingizga sovg’a qilsangiz bo’ladi. Uning asarlari bolalarda kreativlikni va sarguzashtlar ishtiyoqni oshiradi.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Ushbu kitob bizni o’z oldimizga uddalab bo’lmaydigandek tuyuladigan maqsadlarni qo’yishdan qo’rqmaslikni va ularga qanday erishishni o’rgatadi. Shuningdek, bolalar unda mehribonlik, ehtiyotkorlik, do’stlikning muhimligini va sizning sa’y-harakatlaringiz bilan hamma narsaga erishishingiz mumkinligini o’rganishadi.


“Bilmasvoyning sarguzashtlari”, Nikolay Nosov

Nikolay Nosov Bilmasvoy haqida bir nechta kitob yozgan (trilogiya). Istalganini oling, uning ichida g’ij-g'ij ma’no topasiz. Asosiysi, ularni farzandingiz bilan birga o’qib tugatgach, undan qanday xulosa olganini so’rang va o’zingizning ham xulosangizni ayting. Muallifning Bilmasvoy haqidagi birinchi asari “Bilmasvoy va uning do’stlarining sarguzashtlari” deb nomlanadi. Ushbu kitob yozilganiga deyarli 80 yil bo’lgan bo’lsa-da, hozirgacha dolzarb va u bolalarga eng kerakli tushunchalarni bera oladi.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? “Bilmasvoyning sarguzashtlari” bolalarga ko’p narsalarni o’rgatishi mumkin, jumladan, har qanday sharoitda ham inson bo’lib qolishni, do’stlarga sodiqlik qilsih, ochko’zlik va bema’nilikka berilmaslikni o’rgatadi. Shuningdek, bu asar qaysidir kasb yoki hunarda ozgina bo’lsa ham bilimga ega bo’lish kerak ekanligini tushuntiradi.


“Bolakay va tomda yashovchi Karlson”, Astrid Lindgren

Ushbu qissa asosida ishlangam multfilmni ko’pchilik bolalaligida ko’rgan bo’lsa kerak. Uni o’qish bundan ham qiziqarliroq. Bu kitobni farzandimizga shunchaki sovg’a qilish emas, uni birga o’qisak ham bo’ladi. Chunki biz ham uni o’qib bolaligimizga qaytishimiz mumkin. Aslida Astrid Lindgrenning istalgan kitobini bolalarga sovg’a qilish mumkin, barchasi o’ziga xos sarguzashtlar, qiziq syujetlardan iborat asarlar.

Bu kitob nimalarni o’rgatadi? Ushbu kitob bolaga hurmat qilish va sevish qiyin bo’lgan insonlarga bag’rikenglik bilan yondashishni o’rgatadi.


Shuningdek, bu ro’yxatga Astrid Lindgrenning “Uzun paypoq Peppi”, Jyul Vernning “Dengiz ostiga yigirma ming milya”, Aleksey Tolstoyning “Oltin kalit yoki Buratinoning sarguzashtlari”, Turgenevning “Mumu” asari, Mark Tvenning “Tom Soyerning sarguzashtlari”, Charlz Dikkensning “Oliver Tvistning sarguzashtlari”, Aziz Nesinning “G'aroyib bolalar” romanini va ko’plab boshqa asarlarni ham qo’shish mumkin. Bu asarlar bolalarning sarguzashtlarga qiziqishi va yangi narsalarni o’rganishga intilishini oshiradi, yangi bilimlarni o’rganishga chanqoqligini rag’batlantiradi.

Umuman olganda, bolalarda kitob o’qishga qiziqish uyg’otish juda muhim. Va bunda eng samarali yo’l, bu boshida o’zingiz kitob o’qib berishingizdir. Ana shunda farzandingiz siz sababli kitoblarga mehr qo’ya oladi va keyinchalik ularni mustaqil mutolaa qilishni boshlaydi.

Aslida bolalar bizga ko’zgu, biz smartfonga tikilib o’tirsak, ular ham shunday qiladi. Biz kitob o’qisak, ular ham kitob o’qiydi.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ