Bir nafasda oʻqiladigan TOP-7 ta kitob

E’lon qilingan sana· 668
Bir nafasda oʻqiladigan TOP-7 ta kitob

Shunday kitoblar boʻladiki, birinchi sahifalaridanoq bizni oʻziga tortadi, shunchalar qiziq boʻladiki, boshqa narsalarga chalgʻishni xohlamaymiz. Bugun biz aynan ana shunday kitoblar haqida gaplashamiz. Afisha.uz muharriri bir nafasda oʻqiladigan 7 ta kitobni bir joyga jamladi.

“Eljernonga atalgan gullar”, Deniel Kiz

Bu asar Deniel Kizning yagona “shedevri” emas, bu yozuvchining har bir asari alohida e’tiborga loyiq. Lekin, ehtimol “Eljernonga atalgan gullar” uning eng mashhur asaridir. Buning ustiga, ushbu roman hozircha yozuvchining oʻzbek tiliga tarjima qilingan yagona asari boʻlib turibdi.

Asar oʻrta yoshlardagi aqli zaif inson Charli Gordonning tilidan hikoya qilinadi. Aniqrogʻi, kundalik tarzida, Charlining qaydlari va hisobotlari koʻrinishida bayon etilgan. Matnlarni oʻqir ekansiz, Charlining aqlida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar yaqqol koʻzga tashlanadi, uning rivojlanishi, boshqalardan ham aqlliroq boʻla boshlashidan tortib… Sal qolsa, berilib ketib, spoyler qilib qoʻyardim. Xullas, siz mutolaa davomida Charlining idrokida, qalbida kechayotgan barcha oʻzgarishlarni birga his qilasiz.


“Ular oʻnta edi”, Agata Kristi

“Ular oʻnta edi” yoki biz uchun koʻproq mashhur nomi “Oʻnta negr bolasi” boʻlgan ushbu asar Agata Kristining eng mashhur asarlaridan biri hisoblanadi.

Uzoqda joylashgan oroldagi bir qasrda bir-biriga aloqasi yoʻq oʻn kishi joylashgan… Kimdir ularni sirli tarzda bu yerga taklif qilgan. Nega kimdir ularni birma-bir yoʻq qilishni xohlaydi?

Agata Kristi detektiv asarlar qirolichasi ekanligini yaxshi bilamiz. Ushbu asari ham bizni ilk sahifalardanoq oʻziga jalb etadi. Ushbu kitob dunyo boʻylab 100 milliondan ortiq tirajda sotilgan.


“Farengeyt boʻyicha 451 daraja”, Rey Bredberi

“Farengeyt boʻyicha 451 daraja” — eng mashhur antiutopik asarlardan biri. Rey Bredberining ushbu asari vaqt oʻtgani sayin dolzarblashib borayotgandek koʻrinadi. Va Bredberini ma’lum bir ma’noda kelajakni koʻra olgan yozuvchilardan biri desak adashmaymiz.

Kitoblar mavjud boʻlmagan, odamlar kitob oʻqimaydigan dunyoni tasavvur qilishga harakat qiling. “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” asarida tasvirlangan dunyoda kitob oʻqish va hattoki ularni uyda saqlash jinoyat qilish bilan tengdir. Oʻt oʻchiruvchilarning vazifasi esa olovni oʻchirish emas, aksincha, kitoblarni topish va yoqish hisoblanadi…


“Oqcharloq Jonatan Livingston”, Richard Bax

Richard Baxning “Oqcharloq Jonatan Livingston” asari oson oʻqiladi, unchalik katta kitob emas, ammo fikrlash uchun bir dunyo ozuqa beradi. Bu kitobni oʻqib tugatgach, siz oʻz qarashlaringizni qayta koʻrib chiqishni xohlab qolasiz. Jonatan Livingstonda oʻzingizni koʻrsangiz ham ajab emas. Uning yordamida siz oʻz qalbingizga quloq solishni, chegaralar bu illyuziya ekanligini tushuna boshlaysiz.

Kitobda Jonatan bilan birga parvoz qilasiz, uning oʻz orzularidagidan ham balandroq va tezroq uchishi sizni ilhomlantiradi…


“Aeroport”, Artur Xeyli

Oʻylashimcha, bu kitob hali oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan, ammo undagi syujet juda qiziqarli boʻlgani uchun, ushbu kitobni ham roʻyxatga kiritishga qaror qildim.

“Aeroport” — Artur Xeylining 1968-yilda nashr etilgan eng koʻp sotilgan romanidir. Eng yirik aeroport joylashgan xayoliy shaharni to‘satdan qor bo‘roni qoplaydi, shuning uchun barcha xizmatlar favqulodda rejimda ishlamoqda. Aeroport xodimlari birin-ketin gʻaroyib voqealarni boshdan kechirishni boshlashadi.


“Mazaxchini oʻldirish”, Harper Li

“Mazaxchini oʻldirish” — oʻtgan asr Amerika adabiyotining eng mashhur asarlaridan biri. Bu kitob qora tanlilarning huquqlarini himoya qilishda katta ahamiyat kasb etgan. 1961-yilda muallif ushbu asari uchun Pulitser mukofotiga sazovor boʻlgan. “Must-read” asarlardan biri sanaladigan ushbu asarda muhim mavzular koʻtarilgan: zoʻravonlik, adolatsizlik, rasizm, ijtimoiy tengsizlik… Oʻylaymanki, ushbu kitobning syujeti sizni befarq qoldirmaydi va qalbingizdan joy egallaydi.


“Kitob oʻgʻrisi”, Markus Zusak

Ushbu kitob, eng avvalo, rahm-shafqatni, boshqalarning baxtsizligiga befarq boʻlmaslikni oʻrgatadi. Hubermanlar oilasi bu ular uchun yoqimsiz oqibatlarga sabab boʻlishi mumkinligini bilishsa-da, yahudiyga oʻz uyidan boshpana beradi…

“Kitob oʻgʻrisi” oilasidan ayrilgan, kitoblarni juda yaxshi koʻradigan, ularni yigʻadigan, oʻgʻirlaydigan yoki shunchaki olib yuradigan qizaloqning baxtsiz taqdiri haqida hikoya qiladi.


Yuqorida tavsiya etilgan kitoblarning deyarli hammasi oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Oʻzbek tilida mavjud yoki yoʻqligini tushunish uchun muqovaga qarang.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ