Moskvada oʻzbek estradasi yulduzlari ishtirokida konsert boʻlib oʻtadi
2024-yil 19-noyabr kuni Davlat Kreml saroyida Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida “O‘zbekiston yulduzlari oqshomi” konserti bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov, shuningdek, iste’dodli ijrochilar Shirin Mamatova va Sabina Mustayevalar ishtirok etadi.
Konsert O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri jo‘rligida va Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, tadbir doirasida tomoshabinlarga O‘zbekistonning tarixi, madaniy an’analari va kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada mamlakatdagi muhim voqealar, me’moriy obidalar va zamonaviy o‘zgarishlarga bag‘ishlangan 80 dan ortiq noyob fotosuratlar namoyish etiladi.
Chiptalar bepul, ushbu havola orqali oldindan band qilish zarur.
Eslatib oʻtamiz, kecha, 18-noyabr kuni Farrux Zokirov va Sevara Nazarxon Rossiyada “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangandi.