Qanday qilib “Знаешь ли ты” futbol muxlislarining asosiy qoʻshigʻiga aylanib qoldi?

Erkaklarning internet lentasida rossiyalik qoʻshiqchi Maksimning “Знаешь ли ты” qoʻshigʻi koʻp aylanadi. E’tiborli tarafi, videolarda buni futbol uchun toʻplangan minglab erkak muxlislar birgalikda baqirib kuylaydi. Avval ham muxlislar bu qoʻshiqni kuylaganini koʻp koʻrganman, lekin hech sababiga qiziqib koʻrmagan ekanman.
Futbol muxlisi borki, stadionda minglagan erkaklar “Знаешь ли ты” qoʻshigʻini ich-ichidan mazza qilib kuylayotganini koʻrgan. Bu Rossiyaning “Spartak” jamoasi bilan boʻladi. Qoʻshiq jamoa muxlislarining norasmiy madhiyasiga aylanib qolgan. Lekin ayol kishi tomonidan (erkak kishi bilan bogʻliq) javobsiz sevgi, ushalmagan orzular haqida kuylanayotgan trek qanday bunday boʻlishi mumkin?
Hammasi juda oddiy. Shunchaki qoʻshiq kuylashga oson boʻlgani uchun. Ma’nosi sport, futboldan umuman yiroq, lekin kayfiyatga tushgani uchun muxlislar har qayerda shu qoʻshiqni kuylashni boshlashgan.
“Знаешь ли ты” 2007-yil chiqarilganiga qaramasdan, u “Spartak” muxlislari orasida 2014-yilda mashhurlikka erisha boshlagan. Oʻshanda jamoa navbatdagi uchrashuvni oʻtkazish uchun Qozonning “Rubin” jamoasi uy stadioniga borgan, tanaffusda aynan shu qoʻshiq qoʻyilgan (Maksim ham qozonlik). Moskvalik muxlislar esa uni joʻr boʻlib kuylashni boshlagan.
Shundan soʻng ular uy uchrashuvlarida ham, safar oʻyinlarida ham shu trekni kuylay boshlashgan. Shu tariqa bu norasmiy madhiya darajasigacha kelgan ekan.
Minglab brutal erkaklar bu qoʻshiqni kuylashi oʻzgacha koʻrinadi. Lekin videolardan tushunish mumkinki, ular mazza qilyapti. Men ham har koʻrgan / eshitganimda etim jimirlab ketadi.
“Spartak” katta tadbirlar, uchrashuvlar va gʻalabalarda Maksimni chaqiradi. Muxlislar ham uni alohida yaxshi koʻradi, kasal boʻlganida alohida qoʻllab-quvvatlaydi. Uning “Spartak” muxlislari bilan hozircha oxirgi uchrashuvi 2024-yilning 11-sentyabrida sodir boʻldi.
Xuddi shu MakSim 2025-yilning 26-aprelida Toshkentdagi “Humo Arena"da konsert beradi. Futbol muxlislari, ketdikmi?!
