Navbatdagi shedevr(mi)? Jahongir Otajonovning yangi klipi tahlili

5-fevral kuni Jahongir Otajonovning “Happy Birthday” qoʻshigʻi va unga ishlangan klip e’lon qilindi. Qoʻshiqchining ushbu ijod namunasi ham avvalroq premyera qilingan “Foniy dunyo” va “Poram” kliplari kabi ramzlarga va ishoralarga toʻla.
Klip YouTube platformasida hozirgacha 200 ming martadan oshiq koʻrildi va har xil muhokamalarga, xususan, koʻplab ijobiy fikrlarga sabab boʻldi. Quyida Afisha.uz muharriri ham ushbu ijod namunasi haqida oʻz fiklarini bildiradi.
Klip haqida
Qoʻshiqning nomi “Happy Birthday” boʻlsa ham tugʻilgan kunlarda aytiladigan odatiy qoʻshiqlardan tubdan farq qiladi. Rejissyor avvalgi kliplarda ham Jahongir Otajonov bilan birga ishlagan Sardor Faxriddinov boʻlib, ushbu ishi orqali ham oʻz imzosiga ega rejissyor ekanligini koʻrsatgan.
Klipda asosan ofisdagi voqealar tasvirlanadi. Unda faqatgina Jahongir Otajonovning yuzi koʻrinadi, qolgan barcha aktyor va aktrisalar esa gʻoz niqobida tasvirlangan. Klip soʻngidagi titrlarda “Mashhur yulduzlar ishtirokida” degan yozuvni koʻrish mumkin.
Klip voqealari boshida gʻoz obrazidagi odamlardan biri asosiy personaj oldiga juda koʻp fayllar olib keladi va unga jahl bilan gapiradi. Toqati toq boʻlgan Jahongir Otajonov esa tugʻilgan kuni ekani haqida qoʻshiq aytishni boshlaydi.
Bir xil tipdagi personajlar orasida ajralib turgan yagona qahramon isyon qiladi va yozilmagan qoidalarga zid harakatlarni, jumladan, fayllarni sochib, raqsga tushishni boshlaydi.
Ofis hayotidagi bir xillik tasvirlanadi, bosh qahramonning atrofini esa bema’no ovozlar chiqaradigan gʻozlar oʻrab olgan. Unutmaslik kerakki voqealar bir insonning prizmasi orqali koʻrsatiladi. Ya’ni uning oʻrnida istalgan odam boʻlishi mumkin: siz, biz yoki mana shu klipdagi istalgan gʻoz.
Klipga bunday musiqa tanlangani ham bekorga emas. Bu orqali faqatgina tugʻilgan kunidagina atrofdagilardan yaxshi muomala koʻradigan insonlar eslab oʻtiladi. Ofisdagi voqealar haqiqiy bayramni eslatib yuboradi. Jahongir Otajonov sharlar orqali yozilgan “Happy Birthday” fonida ham koʻrinish beradi.
Qoʻshiqning va videoklipning ikkinchi qismi muhabbat haqida desak adashmagan boʻlamiz. Jahongir Otajonov ham sevgi haqida kuylaydi. Kadrda ham Rassom Yan Vermeyerning “Marvarid zirakli qiz” asaridagi qahramon ham gʻoz obrazida namoyon boʻladi.
Bu bilan bosh qahramonning sevgisi ham aslida barchadan farq qilmasligini anglash mumkin. Ma’lumot uchun, Yan Vermeyerning bu obraziga Shimol Mona Lizasi deya tarif beriladi.
Shu oʻrinda fonda koʻzga tashlanadigan jurnal va komikslar ham e’tiborni tortadi. Masalan bir muncha yangi janr boʻlgan neobrutalizm va uning elementlarini, 1972-yilda premyera qilingan “Snupi, uyga qayt” multfilmi posterini, qora oʻrdak haqidagi “Dinki Dak” komiksi, Nintendoʻdagi Mario oʻyini va boshqalarni koʻrish mumkin.
Tugʻilgan kun davom etadi va Jahongir Otajonov 1990-yillardagi disko raqqoslari obrazida paydo boʻladi, fonda esa yana retro posterlarni koʻrish mumkin.
Shundan keyin esa personajimiz boshiga toj taqib, qoʻlida esa haqiqiy gʻoz bilan koʻrinish beradi. Ammo u oq-qora fondagi yana gʻoz niqobini kiyib olgan odamlar bilan birga oʻtirishga majbur boʻladi.
Buni insonning doʻstlari deyish mumkin, ammo qahramonimiz doʻstlari orasida ham oʻzini begonadek his qiladi. Shu sababdan u stol ustiga chiqib raqs tushishni, atrofdagilarga masqarabozdek koʻrinsa-da oʻzining istagi boʻlgan ishni bajarishni boshlaydi.
Shu oʻrinda faqatgina unga yuqoridan yoruq nur tushib turganini koʻrish mumkin. Bu bilan qahramonimiz toʻgʻri yoʻlda ekanini yoki kamida oʻziga yoqqan ish bilan shugʻullanayotganini sezish mumkin.
Ammo intihoda bularning barchasi sarob boʻlib chiqadi va qahramonimiz oʻzini yana ofisda, oʻsha bir xil qiyofali odamlar orasida koʻradi. Hammaning oldida masqarabozlik qilayotgan odamga gʻozlar hayrat bilan qaraydi.
Yozilmagan, hech kim tomonidan belgilanmagan qoliplarni buza olmagan qahramonimiz klip soʻngida gʻoz niqobini kiyadi va hamma kabi ishlashda davom etadi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, jamiyatga oʻzini begonadek his qiladigan va uning qoidalariga qarshi kurashishni istaydigan odam klipda oʻzini koʻradi. Unda keltirilgan yaxlit voqealik va yoʻnaltirilgan messej ham shunda tushunarli boʻladi. Kurash va unda qanday natija boʻlishi esa har bir odamning oʻziga bogʻliq. Oʻz hayotingizdagi kurashda kim gʻolib va kim magʻlub boʻlishini (kim ahmoq va kim toʻgʻri boʻlishini ham) oʻzingiz belgilaysiz.
Quyida klipni tomosha qilishingiz va Telegram kanalimizdagi izohlarda biz ilgʻamay qolgan belgilar haqida yozib qoldirishingiz mumkin.
