Xonanda Keti Perri kosmosga uchdi

Pop yoʻnalishida ijod qiluvchi qo‘shiqchi Keti Perri Jeff Bezosning Blue Origin kompaniyasi “New Shepard” havo kemasida koinotga chiqdi.
U bilan birga kema bortida jurnalist Geyl King, aktivist Amanda Nguyen, kinoprodyuser Keriann Flinn, NASA olimi Aisha Bou, shuningdek, Bezosning qaylig‘i Loren Sanches ham bo‘lgan.
Butun dunyo bo‘ylab yuz minglab tomoshabinlar onlayn translyatsiyani kuzatdi. Bu 1963-yildan beri kosmosga parvoz qilgan faqat ayollardan tashkil topgan ilk ekipaj boʻldi. U vaqtda sobiq Sovet Ittifoqi kosmonavti Valentina Tereshkova “Vostok-6” kemasida yakka o‘zi koinotga parvoz qilgan birinchi ayol bo‘lgandi.
“New Shepard” havo kemasi G‘arbiy Texasdagi birinchi uchish maydonchasidan Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da havoga ko‘tarilgan. Ekipaj oʻrin olgan kapsula Yer yuzasidan 106 km balandlikka chiqdi. Parvoz vaqti 10 daqiqa 21 soniyani tashkil etdi.
Yerda ekipajni Jeff Bezosning oʻzi kutib oldi. Kemadan tushgach, Keti Perri yerni o‘pish uchun tiz cho‘kdi.