“Ijoddan sovub ketyapmiz, yangi qo‘shiq yo‘q” – Yulduz Usmonova mualliflik huquqi borasidagi kelishmovchiliklar haqida gapirib, prezidentga murojaat qildi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova oʻz Instagram sahifasida prezident, bosh vazir va huquq-tartibot vakillariga murojaat bilan chiqdi. Murojaatda u mualliflik huquqlari, adolatli qonunchilik va san’atkorlarning holati haqida masalalarni ko‘tardi.
San’atkorning aytishicha, ayrim shoirlar yoki ularning yaqin qarindoshlari tomonidan avval aytilgan qo‘shiqlarga egalik huquqini da’vo qilish holatlari ko‘paygan. Qo‘shiq allaqachon ommaga taqdim etilganidan keyin uni qayta ijro etishga ruxsat bermaslik, sudga murojaat qilish holatlari ijodkorlarda norozilik uyg‘otmoqda.
Yulduz Usmonova bu holatni san’atkorlar uchun ruhiyatini tushiradigan sabablardan bittasi deb koʻrsatdi. “Ijoddan sovub ketyapmiz, yangi qo‘shiq yo‘q. Hozirgi omon-omon zamonda biz ijod qilishiz kerak edi, lekin biz sudma-sud yurayapmiz”, — deya ta’kidladi u.
U murojaatda koʻrsatib oʻtilgan qonunning qachon, qaysi yildan boshlab qoʻllanilishi, shuningdek, mualliflik huquqlariga oid qonunlar qachon kuchga kirgani haqida aniqlik so‘radi.
“Biz o‘z vaqtida soliqlarni to‘laganmiz. Nega endi oradan yillar o‘tib, davo ochilmoqda? Pantera va Tarona kabi shirkatlar mavjud edi, hujjatlar ham bori. Nega endi ular ko‘rib chiqilmayapti?” — dedi Usmonova.
Shuningdek, u ayrim shoirlarni asarlarni bir-biridan o‘g‘irlashda ayblab, faqat xonandalarga emas, shoirlarga ham savol berilishi kerakligiga toʻxtalib oʻtdi:
“Shoirlar ham “Vatanga nima xizmat qilding?” degan savolga javob bersin, faqat tijorat haqida oʻylamasdan. Buyuk shoirlar Iqbol Mirzo, Mahmud Toir kabilar she’rlari uchun pul berilsa “Iye, pul ham bormi deyishardi” — deydi xonanda. Usmonova ayrim holatlarda birgina qo‘shiq uchun bir necha marotaba to‘lov qilganini ham aytib oʻtdi va endi u qoʻshiqlar qaytib aytilmasligini “tandirga qoʻyib yondirdim” — deya izohladi.
Xonanda, shuningdek, boshqa ijodkorlarning ham shunday holatlarga duch kelayotganini qayd etib, bunday masalalarda har ikki tomon — shoir ham, xonanda ham — teng tekshiruvdan o‘tishi lozimligini bildirdi.
“San'atkorlar bayramlarda xizmat qiladimi yoki sudda yuradimi? Bu qayoqdan chiqqan adolatsizlik? Har kim davo bermoqchi bo‘lsa, avvalo o‘zining soliq to‘lovlari, xizmatlari tekshirilsin,” — deya fikr bildirdi Yulduz Usmonova.
San’atkor bu murojaati bilan “ijodiy erkinlik, adolatli qonunchilik va ijodkorlarning himoyasini” so‘rab, masalani chuquroq o‘rganishni taklif qildi.