"Biz bir-birimizni yomon ko‘rardik": Shvarsenegger Silvestr Stallone bilan dushmanlik haqida

Aktyor Arnold Shvarsenegger radioefirlarning birida Silvestr Stallone bilan adovati boʻlganini va bu qanday yakunlanganini soʻzlab berdi.
Shvarsenegger va Stallone 1980-yillarda jangari filmlar yulduzlariga aylangan vaqtda o‘zaro ziddiyatga borgan. Keyin ular 2013-yilda “Escape plan” filmida va “The Expendables” franshizasining bir nechta qismlarida birga rol o‘ynab, do‘stlashgan.
“Biz bir-birimizni yomon ko‘rardik. Bir-birimizga hujum qilganmiz, xunuk ishlar, haqoratlar boʻlgandi va bu juda ahmoqona edi”, — deydi aktyor.
Qayd etilishicha, ikki aktyorning yarashishiga kutilmagan ishbilarmonlik tashabbusi sabab boʻlgan.
“Men Robert Erl va Kit Perish bilan “Planet Hollywood” franshizasini yaratish ustida ishlay boshladim. Menga Stallone bilan ishlagan advokatim qo‘ng‘iroq qildi va “Planet Hollywood"da Stallone uchun joy bormi, deb soʻradi. Bu bizni yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan yaxshi g‘oya deb o‘yladim. Men shuni istardim”, — deydi Arnold Shvarsenegger.