Pitsa, pasta va... oʻzbek futboli. Italiyalik muxlis hikoyasi

E’lon qilingan sana· 63
Pitsa, pasta va... oʻzbek futboli. Italiyalik muxlis hikoyasi

O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqdi. Bu gapni 3-saralash bosqichi yakuniga yetmasdanoq baralla aytish nasib qildi. Oradan bir necha kun o‘tdi, eyforiya sal tarqadi, ammo uzoq kutilgan voqea sodir bo‘ldi va goh-gohida biz buni eslab, nim tabassum qilib qo‘yyapmiz, kechasi shiftga qarab tirjayib yotibmiz. Qator saralash bosqichlari yakunida kayfiyati buning aksi bo‘lgan futbol muxlislari bunga haqli, “qo‘yavering o‘ynasin”.

Ha, hozirgi kundagi eng yorqin sharhlovchilardan biri Orif Tolipov aytganidek, bu, do‘stlar, bayram va u barchamizniki. Bu bayramni nishonlashga barcha birdek haqli. Ammo men bu “to‘yning oldi qatorlarida” turishga haqli insonlarni bilaman. Ular — seviklilari mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ostida JChda qatnashishini kutganlar (va balki yetolmaganlar — ular uchun farzandlari bu kunlarni ko‘rdi); ular — 94-yilgi hozirgacha yagona bo‘lib turgan chempionlikni ko‘rgan (baxtli) va shundan so‘ng JCh umidi uyg‘ongan muxlislar; ular — Yaponiyadan uchralgan eng yirik mag‘lubiyatimizni ko‘rgan va shundan keyin ham sevimlilarini yolg‘iz qo‘ymagan ishqibozlar; ular — Abramovning va ehtimol, terma jamoaning eng go‘zal futbolini ko‘rgan, ammo yakunda juda alamli va yirik mag‘lubiyatni ko‘rsa-da, umidlarini o‘ldirmagan insonlar; ular — chet ellik murabbiylar kelganda yana bir bor umidvor bo‘lganlar; ular — Akmal Shorahmedovga bosh bilan urgan avtogoli uchun chindan achingan va unga tanqid yog‘dirmaganlar; ular — so‘nggi imkoniyatni yo‘qotganini jurnalistdan eshitgan Anzur Ismoilovning holatini ich-ichidan his qilgan futbol ixlosmandlari; ular — Qatar bilan o‘yinda futbolchilari yirik hisobda g‘alaba qozonsa-da, oxirida birgina urilmagan gol uchun yig‘ilgan fidoiylar; ular — Shomurodov, Husanovlarni top klublarga o‘tmaslaridan turib tanigan o‘zbek futboli shinavandalari; ular — “Abbos Maxsitaliyev, Temur Hakimovlar bizni Mundialga olib chiqadi” deya kutib, boshqa Abbos-u Temurlardan najot topgan muxlislar; ular — muhim o‘yin payti uyida elektr o‘chsa ham radio orqali sharhning o‘zini eshitgan (tasavvur qilyapsizmi, bu uchun qanchalik “futbol jinnisi” bo‘lish kerak?!) muxlislar.

Davom ettirsa juda ko‘p. Bularni o‘qib, o‘zingizda yana kimlar ekanini xayolga keltirgan bo‘lsangiz kerak. Ehtimol, yuqoridagilarni boshidan kechirgan odamlar 5-iyun kuni kutilganidek hissiyot, ko‘z yosh chiqara olmagandir. Ishoning, ular mana shu kun uchun avvalgi har bir muvaffaqiyatsiz davrda yetarlicha ko‘z yosh to‘kib bo‘lgan.

Ammo bu kun, yana Orif Tolipov aytganidek, barchamizni birlashtirdi va bundan barcha-barcha muxlis birdek xursand.

Aytmoqchi, maqola bu haqda emasdi, aslida. Lekin Jahon chempionatiga chiqqan o‘zbek futboli muxlislariga hozir hamma narsa mumkin-ku, to‘g‘rimi?!

Futbolchilarimiz dunyo miqyosiga chiqishni boshlaganidan keyin O‘zbekiston haqida bilganlar, qiziqqanlar ko‘paydi. Chet-ellik muxlislar ham paydo bo‘ldi. Hozir ularning eng mashhuri italiyalik bloger — GargsBeauty. Uning videolari o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari orasida yetarlicha mashhur. U rimlik va aynan shu shahar jamoasi uchun o‘ynovchi Eldor Shomurodovning personal muxlisi (ko‘p italiyaliklar kabi). Ushbu bloger anchadan beri O‘zbekistonda, u milliy terma jamoaning Abu-Dabidagi o‘yiniga ham bordi, tarixiy voqeani stadiondan kuzatdi. Ushbu safardan oldin Afisha.uz Gargsbeauty bilan qisqa suhbat uyushtirgandi. Infomaydonda biroz susaygan futbol mavzusiga qaytish qilish o‘laroq ushbu suhbatni e’tiboringizga mana endi havola qilamiz.

Bugungi qahramonimiz — Eugenio. U italiyalik, Rimda yashaydi. Ha, Eldor Shomurodov o‘zining mehnatkashligi, talanti va doim kulib turishi bilan zabt etgan shaharda. U 21 yoshda va universitetda o‘qiydi. U O‘zbekistonda ekanidan foydalanib, men uni osh markaziga taklif qildim. Ushbu suhbatni do‘ppidekkina osh ustida olib bordik va o‘ylashimcha, u yomon chiqmadi. Ha aytgancha, men o‘z porsiyamni to‘liq yeyolmadim, italiyalik do‘stimiz esa nafaqat o‘zbek futbolini, balki oshini ham sevishini ko‘rsatdi.

Hammani qiziqtirgan bir savol bor: italiyalik yigit qanday qilib o‘zbek futboli muxlisiga aylanib qoldi? Men ham birinchi bo‘lib aynan ushbu savol bilan unga yuzlandim.

“O‘zbek futboli haqida hech narsa bilmasimda oldin faqat ba’zi ismlarni bilardim, masalan, Odil Ahmedov. U FIFA kompyuter o‘yinida bo‘lardi, shundan bilaman. Lekin 2020-yilda Eldor Shomurodov “Jenoa” klubiga ko‘chib o‘tdi, shundan yaqinroq kuzatishni boshladim.

2022-yilda Toshkentga keldim, ba’zi do‘stlarim meni “Paxtakor”, “Olimpik” o‘yinlariga tushishni boshladim. Bu O‘zbekiston Superligasini kuzatishni boshlashga ilk qadamlar bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga keladigan bo‘lsak, adashmasam, men birinchi ko‘rgan o‘yin 2019-yilda Saudiya Arabistoniga qarshi JCh saralash o‘yini edi. O‘shanda shunchaki do‘stimda bepul chipta borligi uchun tushganman, o‘zbek futbolini umuman kuzatmasdim. Lekin 2022-yilda Toshkentda U-23 Osiyo Kubogi bo‘lib o‘tdi. Ana o‘shanda men yaxshiroq kuzatishni boshladim, iloji boricha stadionga borib qo‘llab-quvvatladim. Va ha, aytishim mumkinki, o‘zbek futboliga muxlisligimning boshlanishi aynan U-23 terma jamoaga borib taqaladi", — deydi Eugenio.

Italiyalik do‘stimiz Eldor Shomurodov uning sevimli futbolchisi ekanini aytdi. U, yuqorida aytilganidek, futbolchi Italiyaga ko‘chib o‘tganidan keyin kuzata boshlagan. Eugenio kutilmaganda yana futbolchining ismini tilga oldi — Ilyos Zeytullayev (hozirda “Bunyodkor” bosh murabbiyi). Lekin u bu futbolchimizni qayerdan biladi?

“Eldor Jenoaga ko‘chib o‘tganidan keyin Italiyada o‘ynagan o‘zbek futbolchilari haqida ma’lumot qidirdim va Ilyos Zeytullayev ismi chiqib keldi, shundan keyin uni ham tanidim”, — deydi bloger.

GargsBeauty” Instagram sahifasiga qarasangiz, blogerda juda ko‘p futbol formalari bor, ularni to‘plash unga xobbi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ba’zi-ba'zida futbol formalari sotuvidan foyda qilib turadi. Uning xobbisidan kelib chiqib savol berdim: senda Eldor Shomurodov formasi bormi?

“Menda Shomurodovning futbolkalari Eldorning o‘zida boridan ham ko‘proq bo‘lsa kerak. Men Shomaning futbolkalarini 2021-yildan beri sotib olaman, esimda, o‘shanda otam bilan Jenoaga borgandik va 61-raqamli futbolkani sotib olganman. Adashmayotgan bo‘lsam, hozir menda ulardan 10−12 tacha bor. Ularning birortasini uning o‘zidan olmaganman, lekin menga buning qizig‘i yo‘q. Meni qiziqtiradigan yagona narsa — Shomaning yaxshi futbol o‘ynashi”, — deydi bloger do‘stimiz.

Uning kolleksiyasidagi eng yaxshi futbolkalardan biri Paulo Dibalaniki bo‘lgan. Uning aytishicha, u Rimda aylanib yurgan vaqtida Dibalani uchratib qolgan va dastxat qo‘ydirib olgan. Shuningdek, Federiko Kyezaning ham dastxati tushirilgan futbolka ham kolleksiyasini bezab turishini aytdi. Ushbu jamoadagi Yildizning futbolkasi ham bor.

Eugenio O‘zbeksitondagi biror klub muxlisi emasligini aytdi. Uning Instagram sahifasiga qarasangiz, “Dinamo”, “Buxoro”, “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nasaf” kabi klublar o‘yinlariga tushganini ko‘rishingiz mumkin. Qisqa qilib aytganda, rostdan ham klub tanlamaydi. Ammo u suhbat davomida “Andijon” futbol klubining uy o‘yinlariga tushishni xohlashini aytdi. Bunga sabab — “Ultras Burgut” — har o‘yinni yondirayotgan muxlislar.

Shomurodov haqida boshqa italiyalik muxlislar nima deydi? Eugenio bunga quyigacha javob berdi.

“Roma muxlisi bo‘lgan do‘stlarim eng ko‘p aytadigani uning mehnatkashligi. U xoh asosiy tarkibda maydonga tushsin, xoh zaxiradan o‘yinga qo‘shilsin, har doim jamoa uchun borini beradi. Jamoaga yordam berish: gol urish, assist qilish, umuman foydali ish qilish uchun borini boradi, deb ko‘p aytishadi, eshitganlarim shu”, — deydi u.

Bloger Shomurodovning praym davrini “Jenoa"da o‘tgan deb hisoblashini aytdi. “Chunki u payt uning Seria A’da birinchi o‘yinlari edi, shu sababli unga o‘sha paytda hozirgidan qiyinroq bo‘lgan deb o‘ylayman. Hozir u ligani biladi, anchadan beri shu yerda yashaydi, hozir ham ajoyib formada, zo‘r o‘ynayapti, shu sababli ikkisidan birini tanlash qiyin. Lekin baribir qiyinchilik jihatdan “Jenoa"dagi Shomurodovni tanlagan bo‘lardim. Ammo hozirgi Shomurodovni shunchaki neytral muxlis sifatida kuzatish ham zavq beradi”, — deydi italiyalik.

Aytib o‘tganimizdek, chet ellik o‘zbek futboli muxlislari juda kam uchraydi. Barmoq bilan sanoqli. Shu sababli undan so‘radim: “O‘zbek futbolining sendek chet ellik muxlislarga ko‘proq yetib borishi uchun yana nimalarga e’tibor berishimiz kerak?”. U aytdiki, klublar ko‘proq ijtimoiy tarmoqlariga e’tibor berishi kerak, dunyo darajasiga chiqish uchun kreativ g‘oyalar qilish kerak. Shunda odamlar juda kuzatvormasa ham hech bo‘lmasa klub haqida eshitadi, biladi.

Suhbatimiz O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqmasidan avval bo‘lgandi. O‘shanda Eugenio Abu-Dabiga borolmasam kerak, deb aytgan edi. Lekin taqdirni qarangki, u bilan Abu-Dabidagi o‘zbek futboli uchun tarixiy stadion — “Al-Nahyan” atrofida uchrashib qoldik, u ham bizning xursandchiligimizga sherik bo‘ldi.

O‘sha suhbat davomida undan o‘zini murabbiy tasavvur qilib, BAA bilan o‘yin uchun boshlang‘ich tarkib tuzishni so‘ragandim. U saralash bosqichida O‘zbekiston uchun juda yaxshi tanishga aylangan sxema — 3−4-3 ni ilgari surdi va quyidagi futbolchilarni tanladi.


Eugenio tomonidan BAAga qarshi oʻyin uchun tanlangan asosiy tarkib.

Buni qarangki, Timur Kapadzening 5-iyun kungi o‘yin uchun tanlovlari ham xuddi shunday bo‘lib chiqdi. Bundan kelib chiqadiki, Eugenio o‘zbek futbolini ancha yaxshi biladi, ajoyib.


Timur Kapadze tomonidan BAAga qarshi oʻyin uchun tanlangan asosiy tarkib.

Shomurodov haqida shuncha gaplashdik, u Yevropa TOP-5 ligasida qanday shuhrat qozonganini ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Lekin yana shunday futbolchilarimiz bormi? Eugenioning fikri qanday?

“Albatta, Aliqulov Turkiyada ajoyib o‘yin ko‘rsatyapti, umuman olganda, u hozir ham Yevropada o‘ynayapti, lekin mening fikrimcha, u TOP-5 ligaga tortadi.

Va albatta, Fayzullayev. Uning katta klubga o‘tishi faqat vaqt masalasi bo‘lsa kerak. Va yana Diyor Holmatov ham bor, har doim u haqda aytib kelaman. Adashmasam, unga allaqachon Yevropadan qiziqish ham bo‘lgan, u ham yaqin orada ketib qolsa kerak", — deydi u.

Suhbat yakuniga yaqin men Eugeniodan so‘radim: O‘zbekiston bilan bog‘liq sen bilan sodir bo‘lgan eng esda qolarli voqea qaysi?

“Yaqindagi voqeani eslayman. U-17 Jahon chempionati bo‘layotgandi. Men jonli efirda uni tomosha qilib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimda strim qilayotgandim. Men yoshlar jamoasi qilayotgan ishlardan hayratda edim. Shuningdek, 2022-yilda o‘tgan U-23 Osiyo Kubogi ham juda ajoyib bo‘lgan. Shu ikkisini ajratib ko‘rsata olaman”, — deydi bloger.

Shuni ta’kidlash kerakki, U17 Jahon chempionati finalidagi strim unga yanada mashhurlik olib keldi. Uning reaksiyalari mashhur sharhlovchi Davron Fayziyevning e’tiboriga tushdi va italiyalik muxlisni u o‘z o‘quvchilariga tanishtirdi.

Biz u bilan intervyuni bittagina blits savol bilan yakunladik: hozirgi vaqtdagi eng yaxshi o‘zbek futbolchilari uchligini sanab ber. Uning javobi quyidagicha bo‘ldi:

  1. Eldor Shomurodov.
  2. Husniddin Aliqulov.
  3. Abduqodir Husanov.

U bilan xayrlashayotganimizda o‘zbekchalab omad tiladi va “umid qilamanki, tez orada O‘zbekiston Jahon chempionatida bo‘ladi”, dedi. Va bu amalga oshdi. O‘ylaymanki, endi Amerika maydonlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqa kashfiyoti va yoqimtoyi bo‘la oladi. Keyin esa mana shu yigitdek chet ellik muxlislarimiz ko‘payadi. Barchaga Eugenioning tilagini yetkazaman: Omad!

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling