Prezident oilasiga soʻzana tikadigan Madina Qosimboyeva hikoyasi

Madina Qosimboyeva nomi o‘zbekistonlik hunarmandlar va moda dunyosiga befarq bo‘lmaganlarga juda yaxshi tanish. U Toshkent kashtado‘zlik an’analariga qayta hayot baxsh etgan so‘zana ustasi sifatida ham tanilgan.
Hunarmand tikkan choponlarni siyosat olamidagi ayollar, xususan, O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno — Basso, Ilon Maskning onasi, model Mey Mask va boshqalarning egnida ham ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, uning ishlari Buyuk Britaniya muzeyining domiy ko‘rgazmasida ham namoyish etiladi. “Afisha.uz” hunari orqali el orasida hurmat va nom qozongan kashtachi, “Suzani by Kasimbaeva” brendi asoschisi Madina Qosimboyeva bilan katta intervyu uyushtirdi.
Zardo‘zlikdan kashtachilikka…
— O‘quvchilik davrimda, ya’ni maktabning 5−6 sinfida o‘qib yurgan kezlarim rasm chizishga, keyinchalik ularni matoga tushirib, tikishga qiziqqanman. O‘sha vaqtlarda uyimiz yaqinida joylashgan to‘garaklarga ham borardim. Buvimning do‘ppi tikishi, onamning qish oylarida nimcha, bosh kiyimlar to‘qishi tikuvchilikka, qo‘l mehnatiga nisbatan mehrimni yana-da oshirgan. 9-sinfdan so‘ng xalq amaliy san’ati litseyiga o‘qishga kirganman. U yerda zardo‘zlik, to‘qish, gazlamalarga gul bosish kabi turli hunarmandchilik sirlarini o‘rganib, bilimlarimni ham oshirganman. Sinfda faqat qizlar o‘qirdik. To‘qish va boshqa fanlarga nisbatan zardo‘zlikni juda yaxshi ko‘rardim. Ayollar oyoq kiyimi, yelpug‘ich, choynak qopqog‘i tikardim.
Litseyni bitirgach, oddiy bir maktabda zardo‘zlik to‘garagi rahbari sifatida ishlay boshladim. O‘shanda onam “Bularning hammasi hobbiy xolos, oliy ma’lumotli bo‘lishing, institutda o‘qishing kerak”, deb ko‘p aytardi. Shu tufayli ishdan keyin uyda mustaqil ravishda imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rardim. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga hujjat topshirib, birinchi urinishda o‘qishga kira olmaganman. Bundan esa juda quvonganman. Chunki men faqat hunarim orqali o‘sishni, izlanishni o‘ylardim. Maqsadim Benkov nomidagi rassomlik kollejiga o‘qishga kirish edi. O‘zDJTU imtihonidan yiqilgach, kollejga modelyer-dizaynerlik yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindim. U paytda darsdan keyin haftada uch kun ishga borardim. To‘garak binosi uzoqligi uchun avtobusma-avtobus, metroma-metro shoshilib yurganlarim hech esimdan chiqmaydi…
Kollejning ikkinchi bosqichida o‘qib yurgan vaqtimda, to‘garagimni bitirib ketgan shogirdlarimdan biri qo‘ng‘iroq qilib, ishga taklif etdi. Ya’ni u ishga kirgan ustaxonaga kashta tikadigan ayol kerak bo‘lgan. Onamni esa bunga ko‘ndirishim qiyin kechgan. Sababi kollejda o‘qishdan tashqari, ham to‘garak rahbari edim, ham institut imtihoniga tayyorgarlik ko‘rardim. Shogirdim “Zardo‘zlik ham qo‘l ishi, kashtachilik ham, siz kashta tikishni o‘rgata olasiz, bu qo‘lizdan keladi”, deya qayta-qayta chaqirardi. Oxiri onam bir marta borib kelishimga ruxsat bergan. O‘sha bir marta borib kelishim hayotimni o‘zgartirib, kashtado‘zlikni tanlashimga sabab bo‘lgan. Chunki ustaxona devoridagi qadimiy so‘zananing chiroyi menda qiziqish uyg‘otgan. Uning nusxasini haligacha eslay olaman. Xullas, shu tariqa 2000-yilda zardo‘zlikdan kashtachilikka o‘tib, 25 yildan beri kashta tikaman.
“Kunduzi kashta tiksam, kechasi pishiriq tayyorlardim”
— Mustaqil faoliyatim 2006-yilda boshlandi. Boshqa bir joyda dizayner sifatida ishlayotganimni bilgan kashtachilikdagi ustozim Ismatulla Mahdum “Seni shunday hunaring va biliming bor, nima qilyapsan dizaynerlikda”, deya tanbeh aralash maslahat bergan. Menga bigizlar olib berib, kashtachilikni davom ettirishmga turtki bo‘lgan. Ilk faoliyatim uyimizda, mahalla-ko‘ydagi ayollarni shogirdlikka olishdan boshlangan. Dadam qancha ip sotib olmoqchisan, qancha pul kerak, deganida xatto 100 dollarini ham olmaganman. Chunki ular bergan pulni oqlay olamasamchi, degan qo‘rquv bor edi. Yoshligimda pishiriqchilikka ham juda qiziqardim. Mahallamizda kimning to‘y yoki boshqa marakasi bo‘lsa, buyurtmaga turli shirinliklar pishirardim. Buni hech qachon to‘xtatmaganman. Shu hunarim va to‘garak rahbari sifatida topgan daromadimni jamg‘arib borganim o‘zimga foyda bo‘lgan. O‘sha pullarga iplar xarid qilganman.
Shuningdek, kashta qilishimni ko‘pchilik bilgani uchun tez orada mahsulotlarimizni sotishni boshlaganmiz. Lekin u daromad menga juda muhim ediki, ipak uchun yiqqan pullarim kamayib qolmasin, degan maqsadda shirinliklar tayyorlashda davom etganman. Kunduzi kashta, kechqurun pishiriqlar qilib, daromadimni ko‘paytirishga intilganman. O‘sha vaqtda ustaxonamiz yaqinidagi moyka orqali pishiriqlar sotardim, ya’ni har kuni ishga ketishda moykaga ikki patnis pishiriq tashlab ketardim, u yerdagilar kun davomida sotardi. Kechki payt patnislar va pulni olib uyga qaytardim.
O‘sha damlarda “Nimaga odamlar hamma narsaga oson erishadi, nega men har narsaga qiyinchilik bilan erishishim kerak?”, deb yig‘lagan vaqtlarim ham bo‘lgan. Lekin qiyinchiliklar ko‘rganimga, kechalari uxlamay pishiriq tayyorlaganimga hech ham achinmayman. Har bir natijaga erishish uchun albatta, mehnat qilish kerak va bu o‘z mevasini bermay qolmaydi.
“San'atshunos tanqidi sabab Toshkent kashtado‘zlik maktabini tikladim”
— Toshkent kashtado‘zlik maktabini tiklaganim hayotimdagi eng muhim yutuqlarimdan biri va bunga sababchi bo‘lgan insonlardan har doim minnatdorman. 2012-yili san’atshunoslar va hunarmandlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Ungacha so‘zanalarim bilan turli ko‘rgazma va moda namoyishlarida qatnashib, ozmi-ko‘pmi, mutaxassislar nazariga tushgandim. San’atshunoslar doim an’analar yo‘qolib ketmasligi, har bir hunarmand an’analar bo‘yicha ishlashini talab qilishadi va buni juda to‘g‘ri, deb bilaman. O‘sha davra suhbatida ko‘plab mutaxassislar ishlarimni maqtagan. Lekin san’atshunos Akbar aka Hakimov tanqid qilib, “Madina Qosimboyevaning so‘zanalari yaxshi, lekin u toshkentlik bo‘la turib, yo‘qolib ketgan Toshkent maktabini davom ettirmadi, bu uning uchun katta minus”, degan.
O‘sha mutaxassisning gapidan keyin Toshkent kashtado‘zlik maktabini tiklashga qaror qilganman, ammo biroz qo‘rqqanman ham. Chunki Toshkent maktabi har tomonlama murakkab, ipak va vaqt ham ko‘p ketadi. Ammo yaqinlarimning, ukalarimning qo‘llab-quvvatlashi sabab maktabni tiklashga kirishganman. Bu borada san’atshunos Binafsha Nodirning ham o‘rni juda katta. Undan Toshkent kashtalarining tarixini o‘rganib, ilmiy bilimlarimni oshirdim. 2015-yili “Olis yulduz jilvasi” nomli hamkorlikdagi ilk ko‘rgazmani tashkil qildik. Unda faqat Toshkent so‘zanalari namoyish etilgan. O‘sha ko‘rgazmadan so‘ng juda ko‘p muxlislar orttirdim. Aynan Toshkent kashtado‘zlik maktabini tiklashim ortidan 2016-yili “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldim.
Mato va iplarni qayerdan oladi?
— Har ikkisini ham vodiydan: Namangan va Marg‘ilon shaharlaridan xarid qilamiz. Hammasi tabiiy mahsulot hisoblanib, eng toifalisidan foydalanamiz. Ipakni ham, matoni ham olayotganda sifatiga katta ahamiyat qarataman. Bu juda muhim. Mato ham qo‘lda to‘qilgan va mustahkam bo‘lsa, kashta bir necha asrlar davomida o‘z rangi, ohorini yo‘qotmaydi.
Iplarni o‘zimiz bo‘yaymiz. Qizil rangni sun’iy turk bo‘yog‘idan, yashil rangni yosh yong‘oq po‘stlog‘i va o‘sma, ayollar kosmetikasi uchun yetishtiriladigan o‘tdan, sariq rangni piyoz qobig‘idan, ko‘k rangni Hindistonda yetishtiriladigan tabiiy indigo bo‘yog‘idan olamiz. Oxirgi paytlarda tajriba sifatida turli o‘simliklar va ularning po‘choqlarini aralashtirib, ranglar tayyorlab ko‘ryapmiz. Bo‘yashdan keyin iplar uzoq vaqt davomida achchiq tosh va tuz qo‘shilgan holda qaynatiladi.
“Tikkan ishlarim Britaniya muzeyidan joy oldi”
— 2017-yili ustaxonamizga Britaniya muzeyi xodimlari tashrif buyurdi. Ularni har doim keladigan mehmonlar singari qabul qildim va Toshkent kashtachilik tarixi, uni tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berib, tayyor mahsulotlarimiz bilan ham tanishtirdim. Mehmonlar o‘zlariga yostiq jildlari va boshqa narsalar xarid qilishdi. Samarqand, Buxoro safaridan so‘ng Toshkentga qaytgach, o‘zlari yoqtirgan ikkita ishimni muzeyning doimiy ko‘rgazmasida namoyish etish uchun olib ketishdi. Ammo bunga ishonmadim. Chunki menda bunday orzu ham, hayol ham bo‘lmagan.
Oradan bir yilcha vaqt o‘tib, “Madina Qosimboyeva tikkan chopon Baritaniya muzeyiga qo‘yilibdi”, degan xabarlarni eshitdim. O‘shandan keyin ishonch paydo bo‘ldi. Lekin men ham qachondir Angliyaga, o‘sha muzeyga borib, o‘z mahsulotlarimni ko‘rarmikanman, degan orzuda yurardim. Bu yil Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Angliyada tashkil etilgan mahorat darsiga borib, kashtachilik bo‘yicha darslar o‘tdim. O‘sha safar bahonasida muzeydagi o‘zim tikkan ishlarni ko‘rish baxtiga erishdim va xursandligimdan yig‘lab ham oldim (kuladi).
Taniqli ayollarga chopon tikish sharafmi yoki mas’uliyat?
— Siyosat olamidagi taniqli ayollar (Birinchi xonimlar, diplomatlar va hokazo — tahr.) ning egnida ijodiy ishlarimni ko‘rish albatta, minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otadi. Sababi o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlarini qadrlashgani men va jamoam uchun juda katta sharaf. Ular choponlarimizni kiyib, chet ellarda ham milliy an’analarimizni targ‘ib qilishda ulkan hissa qo‘shayotganidan cheksiz xursandman!
Shogird olishda nimalarga ahamiyat qaratadi?
— O‘zimga qolsa, qizlarni 15−16 yoshidan shogirdlikka olgan bo‘lardim. Lekin ota-onalar juda erta: 9, 12 yoshdan olib keladi. Tanishlarimning farzandi bo‘lganligi yoki qattiq iltimos qilishlari sabab ularga yo‘q, deya olmayman. Yosh bolalar bilan ishlash qiyinroq, tez charchab qolishadi. Shogirdlikka kelganlarni kashtachilikka qiziqishi bor yo yo‘qligiga e’tibor beraman. Sababi ota-ona majburlab olib kelgani bilan uning o‘zida qiziqish bo‘lmasa, kashta tika olmaydi ham, hunar o‘rganmaydi ham. U bilan ishlashda men ham qiynalaman.
Kashta bu…
— … hayotimning katta bir qismi, kashtasiz umuman turolmayman. Turli davlatlarga ko‘rgazma yoki mahorat darslari o‘tgani borganimda ham u yerdagi vazifam tugashi bilanoq uyga qaytaman. Bir necha kun sayohat qilib, aylanmayman. Ishimni juda yaxshi ko‘raman. Ustaxonamiz uyimizning pastki qavatida joylashgan. Shogirdlarim ketganidan keyin ham ustaxonada ish qilayotgan bo‘laman. Albatta, men uchun birinchi o‘rinda oilam, farzandlarim turadi. Lekin hunarimni, kashta tikishni yaxshi ko‘raman, bu hayotimning bir bo‘lagiga aylangan.
Toʻliq suhbatni YouTube kanalimizda tomosha qiling:

