Bloger "Chechenka" bolalarni urishtirgani uchun jarimaga tortildi

Instagram’da “Chechenka” taxallusi bilan mashhur boʻlgan bloger bolalarni oʻtkir tigʻli buyumlar bilan urishtirgani uchun jarimaga tortildi, deya xabar bermoqda Gazeta.
Ta’kidlanishicha, bloger ikki yosh bolani urishtirgan va uni videoga olgan. Video davomida bloger bolalarni pichoq va vilkalardan foydalanib urishishga chaqirgan. Mazkur holat bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganilib, holatga huquqiy baho berish maqsadida 14-iyul kuni IIVga tegishli so‘rov berildi.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB tomonidan aniqlanishicha, 1993-yilda tug‘ilgan A.G. 13-iyul kuni Toshkent viloyatida oilaviy dam olish vaqtida kichik yoshdagi o‘g‘li va jiyanini go‘yoki hazillashib urishtirgan va bu holat tasvirlangan videoni o‘z Instagram sahifasiga joylashtirgan.
15-iyul kuni fuqaro A.G. bola manfaatiga zid harakatlari uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatini bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortildi. Hozirda mazkur oila mutasaddilar tomonidan alohida nazoratga olingan.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan soʻng senator Jamila Bobonazarova yuz bergan holatni keskin tanqid qilib chiqdi.
“Xalq vakili sifatida men bunday kontentning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishini qat’iyan qoralayman. Bu masala bilan Bolalar ombudsmani shug‘ullanishi kerak. Bu ayolning ruhiy holatini — ruhiy jihatdan sog‘lommi-yo‘qmi, tekshirish kerak. Chunki bolasi va jiyanini urishtirib „pichoqni ol, vilkani tiqvol“ degan gaplar menimcha, ruhiy sog‘lom onadan chiqishi mumkin emas”, — dedi senator.
Avvalroq, “Chechenka” turmush o‘rtog‘iga ikkinchi xotin sovg‘a qilgani aks etgan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib, 15-avgust kuni mazkur holat bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Sud hukmiga ko‘ra, Gulzoda Abdullayeva qaramog‘ida ikki nafar farzandi borligi hamda muqaddam bu toifadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilmagani inobatga olinib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod etildi va ogohlantirish bilan kifoyalangan edi.