O‘zbekiston xalq artisti Gulnora Mavayeva 94 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston xalq artisti, balerina, raqqosa, ustoz va murabbiy Gulnora Mavayeva 26-iyul kuni 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Gulnora Mavayeva ko‘p yillar davomida balerina sifatida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida klassik baletlardagi yorqin rollarni ijro etib kelgan.
Raqqosa sifatida o‘zbek xalq raqslarida obrazlar yaratgan, ular nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlari tomoshabinlari uchun namoyish etilgan.
Gulnora Mavayeva O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Feruza Sagdullayeva, Gulnora Nizamova, Jamila Osmanova va boshqa ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan.
Ta’kidlanishicha, Gulnora Mavayeva hayotining so‘nggi kunlarigacha O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi va Respublika ixtisoslashtirilgan xoreografiya maktab-internati o‘qituvchilari va talabalariga o‘z bilim va tajribalari bilan boʻlishib kelgan.