Bastakor Sultonali Rahmatov 55 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli bastakor Sultonali Rahmatov 55 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uning “O‘zbekiston”, “Mening O‘zbekistonim”, “Assalom O‘zbekiston” kabi kuylari nafaqat televideniye orqali, balki rasmiy tantanalar, bayram sahnalari va xalq orasida ham yangrab kelgan.
Sultonali Rahmatov 1970-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Nyu York Qirollik akademiyasi kompozitori (2006-yil), O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qoshidagi Qurolli kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli badiiy rahbari sifatida xizmat ko‘rsatgan.
“U ko‘p yillar davomida san’atning estrada va bastakorlik sohasida faoliyat yuritdi hamda ushbu san’atni rivojlantirishda fidokorona xizmat qildi”, — deyiladi Madaniyat vazirligi xabarida.