Yodgor Saʼdiyev, Lola Ahmedova, Husniddin Xoliqov: o‘zbek mediasidagi mashhur qarindoshlar (1-qism)

Dunyo tor, ammo iste’dod chegara bilmaydi. Shu sababli bir-biriga qarindosh bo‘lgan iste’dodli insonlar barcha sohada uchraydi — ilm-fan, sport, biznes va, albatta, san’atda ham. O‘zbek san’atida ham bunday oilalar talaygina, Afisha.uz oʻzbek mediasidagi qarindoshlar roʻyxati bilan sizni tanishtiradi.
Javohir Zokirov va Ohista Jamshid
O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova va Jamshid Zokirov oʻzbek kinematografiyasida oʻzlarining oʻchmas izlarini qoldirishgan. Zokirovlar sulolasi san’atdagi iste’dodi bilan mashhur bo‘lib, bu meros keyingi avlod vakillariga ham o‘tgan. Ularning orasida Gavhar Zokirova va Jamshid Zokirovlarning farzandlari Javohir Zokirov va Ohista Jamshid ham bor. Javohir Zokirov mahoratli aktyor, rejissyor va xonanda sifatida tanilgan. U ilk oʻzbek pop-rok guruhi asoschilaridan biri hisoblanadi.
Ohista Jamshid — Gavhar va Jamshid Zokirovlarning qizi, Javohir Zokirovning singlisi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan. U hozirda “DalaHast” guruhi asoschisi bo‘lib, shu nom ostida ijod qilmoqda. Ohista Jamshidning oʻziga xos uslubi va musiqalari insoniy hislarni koʻproq ulugʻlagan holda inson qalbiga sokinlik baxsh etadi. Uning “Mensizman”, “Bo‘salar” kabi qo‘shiqlari, shuningdek “Yoʻl yurarman” nomli albomi sevib tinglanadi.
Ismoil Jalilov va Oskar Jalilov
O‘zbekiston xalq artisti, opera xonandasi, Italiya Musiqa akademiyasi va Qirg‘iziston Milliy konservatoriyasining faxriy professori Ismoil Jalilov o‘zbek san’atiga ulkan hissa qo‘shgan san’at arboblaridan biri hisoblanadi. Uning o‘g‘li Oskar Jalilov esa bastakor, xonanda, boshlovchi va blogger sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U bir nechta tele-kanalarda ishlagan, jumladan, ZOʻR TV’da ham, 2010-yilda “СОС” rok guruhiga asos solgan boʻlib, guruhning “Я Узбек”, “Ташкентский дроп”, “Бомбит” kabi qoʻshiqlari bor.
Husniddin Xoliqov va Farangiz Xoliqova
Bastakor, kompozitor va xonanda Husniddin Xoliqov o‘zining “O‘zbekiston”, “O‘lgan muhabbat”, “Xayol”, “Bolajon”, “Sevgi”, “Sevgi qo‘shig‘i”, “Sarson muhabbat”, “Fig‘onkim”, “Kel-kel”,"Sog‘inch" kabi ko‘plab mashhur qo‘shiqlari bilan tinglovchilar qalbidan joy olgan va bugungi kunda ham sevib tinglanmoqda. Aktrisa Farangiz Xoliqova san’atkorning o‘rtancha farzandi. U nafaqat kino va musiqiy kliplarda rollar ijro etadi, balki modellik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. Farangiz Xoliqova ijtimoiy tarmoqlarda ham faol bo‘lib, ko‘pchilik tomonidan instablogger sifatida ham taniladi.
Dilorom Karimova va Malika Ibrohimova
Teatr san’ati dargʻalari — O‘zbekiston xalq artistlari Dilorom Karimova va Malika Ibrohimovalar opa-singil hisoblanadi. Dilorom Karimova 1948-yilda, Malika Ibrohimova esa 1949-yilda ziyolilar oilasida dunyoga kelgan.
Dilorom Karimova teatr sahnasi va spektakllardagi rollari bilan bir qatorda, o‘zbek kinosiga ham katta hissa qo‘shgan. U nafaqat aktrisa, balki ssenariy muallifi va rejissor sifatida ham faoliyat yuritgan. Malika Ibrohimova esa o‘zbek san’atida teatr, kino va radiodasturlarda yaratgan unutilmas obrazlari bilan e’tirof etiladi.
Firdavs Abduxoliqov va Amira Rashidova
Ayollarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida faoliyat yuritib kelayotgan jurnalist Amira Rashidova bugungi kunda ko‘proq Instagram sahifasi orqali blogger va kouch sifatida tanilgan. U Sevimli telekanali asoschisi, prodyuser hamda jamoat arbobi Firdavs Abduxoliqovning qizi hisoblanadi. O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosi haqidagi kitoblar turkumi muallifi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov Oʻzbekistondagi media sohasida oʻzining ulkan hissasini qoʻshgan shaxslardan hisoblanadi.
Sevara Nazarxon va Qunduzxon Abdullayeva
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, ko‘pchilikning sevimli xonandasi Sevara Nazarxon va tele hamda radio boshlovchi, notiq Qudduzxon Abdullayeva xolavachcha hisoblanadi. Qudduzxon Abdullayeva shu kungacha bir qancha telekanal va radiolarda faoliyat yuritgan. Hozirda esa u “Sevimli” tijorat telekanalida boshlovchilik qilmoqda.
Lola Ahmedova va Shahlo Ahmedova
Zamonaviy estrada yulduzlari — opa-singil Lola va Shahlo Ahmedovalar. Ular orasida 11 yil yosh farqi bo‘lishiga qaramay, har ikki san’atkorning ham yoshlar orasida o‘z muxlislari bor.
Lola Ahmedova 2010-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan. Shahlo Ahmedova esa O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi hamda Moskva teatr universitetida tahsil olgan. U ko‘plab mahalliy va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Shuningdek, xonandaning “Avayla”, “Qani”, “Kerakmas” kabi qo‘shiqlari keng ommalashgan.
Alisher Fayz va Xurshid Turdiyev
Xurshid Turdiyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda Alisher Fayz (asl ismi Alisher Turdiyev)ning ukasi hisoblanadi. U 1986-yilda tug‘ilgan bo‘lib, akasidan ikki yosh kichik. Akasi singari Xurshid Turdiyev ham musiqa va sahnaga qiziqishi bilan ajralib turadi. U turli madaniy tadbir va loyihalarda faol ishtirok etib keladi.
Ra’no Shodiyeva va Raxshona Mahmudova
“Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi” rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva o‘zining unutilmas rollari bilan o‘zbek tomoshabinlarining qalbidan mustahkam o‘rin olgan. Avvalroq biz aktrisa haqida yozgan edik.
Ra’no Shodiyevaning uch nafar farzandi bor. Ulardan qizi Raxshona onasining izidan borib, ijod yo‘lini tanladi. U “O‘tov” va “Novda” filmlaridagi obrazlari bilan tomoshabinlar yodida qolgan. Bugungi kunda Raxshona san’at bilan birga media sohasida ham faoliyat yuritib, “Oshxona Talk” nomli YouTube blogini olib bormoqda.
Xayrulla Saʼdiyev va Yodgor Saʼdiyev
Xayrulla Sa’diyev va Yodgor Sa’diyev — o‘zbek san’ati va kinosining eng taniqli vakillaridan biri hisoblanadi. Xayrulla Sa’diyev 1940 yili Toshkentda aktyor Habib Sa’diyev oilasida tug‘ilgan. Uning ukasi Yodgor Sa’diyev 1946-yilda tugʻilgan. Yodgor Sa’diyev sportchi sifatida ham tanilgan, u “Paxtakor” futbol jamoasida darvozabon boʻlgan. Aka-uka ijodkorlar “Shaytanat”, “Toʻylar muborak” kabi afsonaviy filmlaridagi mahoratli ijrolari, teatrdagi salmoqli faoliyati bilan tomoshabinlar mehrini qozongan. Shuningdek, Ikkila ijodkor ham 2005-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Shahlo Rustamova va Dilafroʻz Rustamova
Afruza taxallusi bilan tanilgan xonanda Dilaro‘z Rustamova uzoq vaqt davomida san’atkorlar oilasidan ekanini ommadan yashirib kelgan. U keng jamoatchilikka “The Cover Up” loyihasi orqali tanilgan. Afruza mashhur xonanda Shahlo Rustamovaning qizi. Shahlo Rustamova bir vaqtlar “Boshqacha yorim”, “Sendan”, “Kelaqol” kabi qo‘shiqlari bilan muxlislar mehrini qozongan. Biroq qo‘shiqchi bir muddat san’atdan chekingan va hozirda ijod bilan shug‘ullanmayapti.
Shirin Zaitova va Yasmin Zaitova
Instagram tarmogʻining mitti yulduzi Yasmin foydalanuvchilarning mehrini qozonishga ulgurgan. Bu qizaloq xonandalar Shirin va Nodir Zaitovlarning qizi hisoblanadi. Yasminning instagradagi dadasi bilan boʻladigan dialoglari katta miqdordagi foydalanuvchilar qiziqishi va tabassumiga sabab boʻladi. Hozirda bu jajji qizaloq yirik auditoriya jamlashga va koʻplab reklama takliflarini olishga erishdi.
Yoqub Ahmedov va Odil Ahmedov
Futbolchilar oilasidan chiqqan Yoqub Ahmedov san’at sohasida o‘zining yorqin iste’dodi bilan tanilgan. U aktyor, rejissyor va prodyuser sifatida ko‘plab loyihalarda faoliyat yuritgan. Yoqub Ahmedovning ukasi — Odil Ahmedov esa butunlay boshqa yo‘nalishda, ya’ni sportda, yuksak marralarni zabt etgan. U O‘zbekiston futbol tarixidagi eng yaxshi yarim himoyachilardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Sitora Alimjonova va Dildora Hoshimova
Sitora Alimjonova zamonaviy o‘zbek kinosining yorqin vakillaridan biri hisoblanadi. Uning kino sanoatiga kirib kelishida opasi, aktrisa Dildora Hoshimovaning roli katta bo‘lgan. Dildora Hoshimova ham bir qator kassabop filmlarda suratga tushgan bo‘lib, “Sevginator”, “Oshiqlar” va “Koreyalik kelin” kartinalari uning eng mashhur ishlari qatoriga kiradi.
Sitora Alimjonova esa “Sen ketma”, “Janob Hotdogchi”, “Kuyovmisan, kuyov?” kabi filmlarda yodda qolarli rollar ijro etgan. Bundan tashqari, u ko‘plab boshqa filmlarda ham ishtirok etigan. Aktrisaning so‘nggi filmlaridan biri “Uyga qatish” haqida taqriz yozgan edik.
Botir Muhammadjonov va Behruz Ahmedov
Mahoratli aktyor, Oʻzbek Milliy akademik drama teatri direktor oʻrinbosari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Botir Muhammatjonov teatr va kino sanatida oʻzining oʻrniga ega ijodkor sanaladi. Bu ijodkorni aksariyat “Otalar soʻzi aqlning koʻzi” koʻrsatuvidagi salbiy rollar orqali taniydi. Uning oʻgʻli Behruz Ahmedov ssenarist va prodyuser sifatida ishlab kelmoqda. U “ZOʻR TV” kanalida efirga uzatilga “The Cover Up” loyihasida ishlagan. Behzod Ahmedov 2024-yilda qoʻshiqchi Afruza bilan oila qurgan.
Muhabbat To‘laxo‘jayeva va Nozim Toʻlaxoʻjayev
O‘zbek kinosida professional ijrolari bilan tanilgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nozim To‘laxo‘jayev mahoratli aktyor sifatida e’tirof etiladi. Uning opasi, “Maftuningman” filmidagi qizaloq Muhabbat obrazi orqali tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan Muhabbat To‘laxo‘jayeva, kino yo‘lini emas, balki san’atshunoslikni tanlagan. Bu ikki iste’dod egasi mashhur shoir Turob To‘laning farzandlari hisoblanadi.
Ravshan Namozov va Timur Namozov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov xonanda va bastakor sifatida ko‘plab mashhur qo‘shiqlari bilan keng e’tirof etilgan san’atkor hisoblanadi. Uning ijodida “Xayol”, “Kovushim”, “Chipradalli”, “Bazm”, “Manashunnoq” kabi xalq orasida sevib tinglanadigan qo‘shiqlar alohida o‘rin tutadi. “The Voice of Uzbekistan"loyihasida san’atkorning kichik o‘g‘li Timur Namozov ishtirok etib, o‘zining iste’dodini namoyon qilgan.
Shahboz Nizomiddinov va Zarina Nizomiddinova
Aktrisa va qoʻshiqchi Zarina Nizomiddinova “Yalla” guruhi a’zosi, Oʻzvekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shahboz Nizomiddinovning kenja farzandi hisoblanadi. Zarina Nizomiddinova 1989-yilda tugʻilgan va 1990-yildanoq san’atga kirib kelgan. U opasi va akasi tomonidan kuylangan “Karate-karate” qoʻshigʻida va Shahboz Nizomiddinovning “Olib bering” nomli qoʻshigʻida suratga tushgan. Aktrisa sifatida Zarina Nizommidinova oʻzbek kinomatagrafiyasida ham rang-barang rollari bilan e’tirof etib kelinadi. “Men yulduzman”, “Zamonaviy sovchilar”, “Parizod” kabi bir qator filmlarda rollar ijro etgan. Uning Shoxrux Nizomiddinov ismli akasi ham bor. U marketing sohasida faoliyat yuritadi.
Aziza Begmatova va Izzat Shukurov
“Checha” obrazi bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan teatr va kino aktrisasi Aziza Bekmatova nafaqat o‘zbek san’ati muxlislari uchun “buvi”, balki xonanda Izzat Shukurovning ham buvisi hisoblanadi. Shuningdek, Izzat Shukurov bir paytlar faoliyat yuritgan “Toj” guruhining solisti Tojiboy Shukurovning o‘g‘li sanaladi. Yosh xonanda Izzat Shukurov karyerasining ilk yillaridan xit qoʻshiqlarni taqdim etishni boshlagan. Uning “Xafa boʻlish yoʻq” qoʻshigʻi premyera qilinishi bilan mashhurlik choʻqqisiga olib chiqgan.
Lola Yoʻldosheva va Asal Yoʻldosheva
“Tarona Records” asoschisi Ravshan Yo‘ldoshevning qizlari Lola va Asal Yo‘ldoshevalar opa-singillar hisoblanadi. Lola Yo‘ldosheva o‘zining betakror ijodi bilan ko‘plab muxlislarning qalbidan joy olgan xonanda bo‘lish bilan birga, bir qancha filmlarda ham yodda qolarli rollar ijro etgan. Xonandaning “Sevinch” filmida ijro etgan Sevinch obrazi koʻplab qalblarni haligacha larzaga soladi. 2025-yil sentabr oyidan uning “Oʻzicha” nomli konserti boʻlib oʻtadi. Uning singlisi Asal esa xonandalik yo‘nalishida o‘zini sinab ko‘rib, “X-Factor” loyihasida ishtirok etgan hamda “Sarob” nomli qo‘shig‘ini taqdim etgan. Asal intervyularida o‘zini opasidan butunlay farq qilishini ta’kidlab keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, opasi muloyim va sokin, o‘zi esa shaddod va energiyaga boy.
Oybek Sultonov va Shahzod Sultonov
Oʻz davrida xit tarona sanalgan “Zilola” nomli qoʻshiq egasi Oybek Sultonov soʻnggi yillarda koʻplab rollar ijrochisi Shahzod Sultonovning otasi boʻladi. Oʻzbekistondagi aholi oʻrasidagi eng mashhur loyihalardan biri “Ovoz” 50+ loyihasida Oybek Sultonov rahmatli Muhriddin Xoliqovning “Uzatamiz” qoʻshigʻi bilan qatnashgan. Xonandaning soʻnggi yillarda taqdim etilgan “Kapalak” va “Uchradim”, “Afgʻoniston”, “Oqshomlar” nomli qoʻshiqlari mavjud.
Ijodkorlar oilasidanligini ancha vaqt yashirib kelgan Shahzod Sultonov san’at bilan birga boks sport turi bilan ham shugʻullanib kelgan. Eng yirik rollaridan birini “Jurnalist"serialida ijro etib , katta mashhurlikka erishgan.
Rayhon Ulasenova va Oyxon Iforzoda
Aktrisa va notiq sifatida tanilgan opa-singillar — Rayhon Ulasenova va Oyxon Iforzoda birdek iste’dod egasi sanaladi. Rayhon Ulasenova 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U “Xo‘rlangan ayol” filmidagi bosh qahramon obrazi bilan ko‘plab kino ixlosmandlari e’tiborini qozongan. Shuningdek, uning boshlovchilik faoliyati ham alohida ta’kidlashga arziydi. Rayhon Ulasenova “Zirapcha” realiti-shousida olib borib, tomoshabinlarda qiziqish uygʻotgan. Opa-singillarning kenjasi — Oyxon Iforzoda 1989-yilda tug‘ilgan. U juda yosh, atigi 9 yoshida O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “Oltin Toj” ko‘rsatuvida boshlovchilik faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda ham Oyxon o‘zining sahnadagi chiqishlari va boshlovchilik mahorati bilan tanilib kelmoqda.
Ortiq Otajonov va Jahongir Otajonov
Oʻzbekiston xalq artisti unvonining ilk sohibi Ortiq Otajonov ijodkorlar sulolasining asoschisi hisoblanadi. Ustoz san’atkorning “Hoh inon”, “Umr oʻtar”, “Boshqacha”, “Lazgi” kabi asarlari oltin meros sifatida qadrlanadi. Mashhur san’atkor Jahongir Otajonov esa uning ukasi Safarboy Otajonovning farzandi boʻlib, oʻzbek estradasining yorqin va isteʼdodli vakillaridan biridir. Uning bugungi ijodiy faoliyati avvalgi yoʻnalishidan keskin farq qilib, yosh auditoriya orasida katta qiziqish uygʻotmoqda. Jahongi Otajonov yaqinda “Happy bithday”, “Kunlarim” soʻnggi qoʻshiqlarini taqdim etdi.
Tamara Shakirova va Rayhon Gʻaniyeva
Ijodkorlar oilasida dunyoga kelgan Rayhon Gʻaniyevaning onasi Tamara Shokirova mashhur oʻzbek aktrissasi, otasi afsonaviy oʻzbek rejissori Nabi Gʻaniyevning oʻgli va aktyor Otabek Gʻaniyev boʻladi.Tamara Shokirova “Quyosh tigʻi ostida”, “Zulmatdan qochish”, “Olis urushdagi qisqa uchrashuvlar” va boshqa koʻplab filmlarida 50 dan ortiq rol ijro etgan. “Bo‘ysunmas"dagi Jumagul roli uchun Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Rayhon Gʻaniyeva oʻzbek estradasining eng yorqin xonandalaridan boʻlib kelmoqda. Rayhon 2002-yil “Baxtli boʻlaman” qoʻshigʻi bilan musiqa olamida borlab chiqdi. Uning yigirmaga yaqin albomlari mavjud.
Ra’no Yarasheva va Madina Mumtoz
Latofatli aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva filmlardagi yodda qoluvchi ona obrazlari orqali tomoshabinlar mehrini qozongan san’atkor sifatida koʻriladi. Aktrisaning eng unitilmas rollari sifatida “Bevalar” spektakli, “Mening akam boʻydoq”, “Telba”, “Poyma poy” filmlaridagi ijrolari yoqga keladi. Uch nafar farzandning onasi bo‘lgan aktrisaning qizi — Madina Mumtoz ham san’at yo‘lini tanlab, bir qator mashhur o‘zbek filmlarida bosh rollarni ijro etgan. Biroq hozirgi kunda u ijodiy faoliyatdan biroz chetlanib turibdi. Ammo uning ham bir qancha esda qolarli rollari mavjud. Bulardan “Oʻzimdan oʻzimgacha”, “Janob hech kim” , “Yuzma yuz” kabi filmlari.
