Oldin va hozir: “Kichkina tabib” filmi aktyorlari 27 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

E’lon qilingan sana· 2 942
Oldin va hozir: “Kichkina tabib” filmi aktyorlari 27 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Mashhur rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan suratga olingan “Kichkina tabib” filmi ilk marta 1998-yilda katta ekranlarda namoyish etilgandi. Ushbu dramatik film komediya va fantastika elementlari bilan boyitilgan bo‘lib, “O‘zbekkino” davlat unitar korxonasi buyurtmasiga binoan ishlangan.

Mazkur filmda 90-yillarning bir qator mashhur, tajribali aktyorlari suratga tushgan. Bosh rol ijrochisi — 8 yoshda bo‘lgan Dilshodbek Kattabekovning kinodagi debyut roli uni butun O‘zbekistonga mashhur qildi.

Afisha.uz qariyb 30 yil vaqt davomida bir necha avlod vakillarining sevimli kartinasiga aylangan film qahramonlari qanchalik o‘zgargani va hozir nimalar bilan mashg‘ul ekani haqida ma’lumot beradi.


Dilshodbek Kattabekov

  • false
  • false

“Kichkina tabib"ning bosh qahramoni — Doniyor rolini ijro etgan aktyor Dilshodbek Kattabekov hozirda kinolarda suratga tushmayapti, aksincha faol ravishda blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanyapti. U bir nechta brendlarning ambassadori hisoblanadi.

Dilshodbek Kattabekov 2023-yilning oktyabrida 33 yoshida 19 yoshli Zuhra ismli qizga uylandi. Aktyorning to‘yida o‘zbek shou-biznesining ko‘plab taniqli vakillari mehmon bo‘lgandi. Juftlik 2025-yil iyun oyida o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Unga Umar deb ism qo‘yishdi.

Murod Rajabov

  • false
  • false

Filmda yirik tadbirkor Shuhrat Shodmonov rolini ijro etgan O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov 2023-yil 8-aprelda 74 yoshda vafot etgan. U aktyorlik mahorati sababli o‘zbek kinosining “Temir erkagi” deb e’tirof etiladi. Kino olamiga 1973-yili suratga olingan “Olovli sohil” filmida yaratgan kichik epizodi orqali kirib kelgan.

Prezident farmoni bilan 2025-yil 23-avgust kuni marhum aktyor Murod Rajabov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotladi.

Barno Nishonova

  • false
  • false

Filmning yana bir asosiy qahramonlaridan biri Nigora rolini o‘ynagan Barno Nishonova ancha yillardan beri oilasi bilan AQSHda yashaydi. U rolga qanday tasdiqlangani haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas.

Aktrisa Munavvara Abdullayevaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Barno Nishonova fortepiano yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan va bir muddat O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham ishlagan. Uning turmush o‘rtog‘i ham musiqa bilan shug‘ullanadi. Ular bolalarga fortepiano chalish bo‘yicha saboq berishadi. Barno Nishonovaning Amalia, Dana ismli qizlari va Amir ismli o‘g‘li bor.

Karim Mirhodiyev

  • false
  • false

Filmdagi ikkinchi darajali qahramonlardan biri Teshavoy obrazini ijro etgan aktyor Karim Mirhodiyev hozirda 71 yoshda. U uzoq yillar davomida “Ilhom” teatrida faoliyat yuritgan. Mirhodiyev kinoga ilk marta 1979-yilda “Alibobo va qirq qaroqchi” filmidagi epizodik rol bilan kirib kelgan.

Ijodkor 2001-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan. Mirhodiyev, shuningdek, prezidentning joriy yil 23-avgust kungi farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan ham taqdirlandi.

Fotima Rejametova

  • false
  • false

Nigoraning onasi Nargiza rolini qoyilmaqom ravishda ijro etgan aktrisa Fotima Rejametova 27-iyul kuni 55 yoshni qarshi oldi. Aktrisa uzoq yillar davomida Zulfiya nomidagi yosh iste’dodlar uchun Davlat mukofoti hay’ati a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.

Rejametovaga 2001-yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni berilgan. U 2019-yil avgust oyida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Aktrisa rus ijodkorlari tomonidan tasvirga olingan “Ko‘chaning quyoshli tomoni” serialida suratga tushdi.

Saida Mansurxo‘jayeva

  • false
  • false

Taniqli aktrisa va raqqosa Saida Mansurxo‘jayeva filmda Shahnoza rolini ijro etgan. 45 yoshli san’atkor “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” va “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari sohibasi hisoblanadi.

Uning kinodagi faoliyati 1996-yilda suratga olingan “Marg‘iyona” filmidagi bosh rol bilan boshlangan. Aktrisa so‘nggi marta 2015-yilda “Mehmonxona” nomli serialda rol ijro etdi. U hozirda Toshkentda “Saida” nomli raqs maktabida bolalarga dars berib keladi.

Munavvara Abdullayeva

  • false
  • false

Doniyorning onasi Xayrinisa rolini ijro etgan aktrisa Munavvara Abdullayeva 2025-yil 5-aprelda 55 yoshga kirdi. Unga 2000-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” unvoni berilgan. Aktrisa O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati kafedrasi professori hisoblanadi.

Abdullayeva hozirda talabalarga dars berish bilan birga professional rejissyorlik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. Aktrisa hozirgacha O‘zbekistonning turli teatrlarida 30 ga yaqin spektakllarni sahnalashtirgan.

Bahrom Matchonov

  • false
  • false

Filmda bemor qizaloq Nigoraning otasi Shavkat rolini o‘ynagan Bahrom Matchonov uzoq yillar davomida AQSHda yashadi. U 2019-yil boshlarida O‘zbekistonga qaytib ko‘chib keldi. Matchonov mamlakatdagi o‘zgarishlarni ko‘rgach, vatanga qaytishga qaror qilgan.

“Men AQSHga 2002-yilda ketganman. O‘shanda teatrimizda katta inqiroz bo‘lgan. O‘zbekistonda 2000-yildan keyin filmlar ishlab chiqarilishi keskin qisqargan. O‘shanda AQSHga ketishimga to‘g‘ri kelgan”, — deb ta’kidlagan aktyor intervyularidan birida.

Rajab Adashev

  • false
  • false

Gapirmaslikka qasam ichgan Mashrab obrazini gavdalantirgan taniqli aktyor Rajab Adashev 15-iyul kuni 81 yoshni qarshi oldi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” va “O‘zbekiston xalq artisti” unvonlari sohibi hisoblanadi. O‘zining aktyorlik faoliyati davomida 60 dan ziyod filmlarda suratga tushgan.

Adashev iyul oyida YouTube’dagi “NmaGap” podkasti mehmoni bo‘ldi. Suhbat davomida aktyor “Kichkina tabib"dagi rolini ijro etish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rgani haqida gapirib berdi. Uning ta’kidlashicha, suratga olish ishlari boshlanishidan avval fransuz ijodkorlarining pantomima teatrini jonli kuzatgan.

Hojiakbar Nurmatov

  • false
  • false

Filmda Sherzod Shodmonov rolini ijro etgan aktyor Hojiakbar Nurmatov 2007-yilda 63 yoshida vafot etgandi. U 1966-yildan to vafotiga qadar Hamza teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da aktyor bo‘lib ishlagan. Aktyor so‘nggi bor 2006-yil “Yana o‘sha Nasriddin” filmida suratga tushgan.

Aktyor kinodagi faoliyati davomida yigirmadan oshiq kinofilmlarda suratga tushgan hamda bir necha esda qolarli rollarni ijro etgan. Shu bilan birga, Hojiakbar Nurmatov filmlar dublyajida ham faol tarzda ishtirok etib, umumiy faoliyati davomida 2000 ga yaqin fillm va seriallar dublyajida ishtirok etgan.

Nozim To‘laxo‘jayev

  • false
  • false

Filmda mag‘rur ishchi Nozim rolini ijro etgan aktyor Nozim To‘laxo‘jayev hozirda 74 yoshda. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.

To‘laxo‘jayev “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ishlagan davrida ssenariy muallifi va rejissyor sifatida ko‘plab multfilm va filmlar suratga olgan hamda bir qancha xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan.

Fathulla Ma’sudov

  • false
  • false

Filmda Doniyorning katta akasi Nuriddin rolini ijro etgan aktyor Fathulla Masudov 2020-yilda 57 yoshida vafot etdi. U professional faoliyati davomida dublyaj aktyori sifatida ham faol ravishda ishladi. 2020-yilda suratga olingan “Parokanda” filmidagi roli aktyorning so‘nggi ishi sifatida tarixga muhrlandi.

U faoliyati davomida bir qator faxriy unvonlar sohibi bo‘lgan. Jumladan, Ma’sudov “Shuhrat” medali, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Film saundtrekini xonanda Abdulla Shomag‘rupov (“Nola” guruhi) ijro etgan. “Xoh inon, xoh inonma” nomli qo‘shiq kartina davomida bir necha marotaba yangraydi. Xususan, Murod Rajabovning qahramoni Shuhrat Shodmonov nevarasining tug‘ilgan kuni munosabati bilan tashkil etilgan bazmda shu qo‘shiq ostida raqsga tushadi.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Oldin va hozir: “Kichkina tabib” filmi aktyorlari 27 yil ichida qanchalik o‘zgardi? — Toshkent Afishasi