Hafta artisti: Shoxrux

E’lon qilingan sana· 4 965
Hafta artisti: Shoxrux

Oʻzbekistonlik reperlar deganda kishining xayoliga turli ismlar kelishi mumkin, lekin roʻyxat hech qachon Shoxruxsiz boʻlmaydi. Oʻzbek repida uning oʻrni juda katta, istalgan reperdan soʻrasangiz, buni alohida qayd etib oʻtadi. Shohrux reperlar ichida OAV uchun eng yopigʻi sanaladi. U butun faoliyati davomida katta intervyu bermagan, shoularda juda kamdan-kam koʻrinish bergan. Shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlar ham koʻp emas.

1-noyabr kuni reper Shoxrux Humo Arenada konsert beradi. Har yili konsert taqdim etish unga an’anaga aylanmoqda. Bu yilgi konserti oldidan Afisha.uz oʻzining “Hafta artisti” ruknini aynan Shoxrux reperga bagʻishlashga qaror qildi.


Musiqa — bu hobbi

Reper Shoxrux har doim musiqa u uchun shunchaki hobbi ekanini takrorlab keladi. Uning repdan tashqari yana bir nechta ishlari bor. Ammo uni ham ommaga oshkor qilishni xohlamaydi. Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida faol tarzda yoritib borayotgan faoliyati faqatgina deputatlikka bogʻliq. Shuningdek, oxirgi paytlarda konsertga oid postlarni ham faol joylab bormoqda, lekin bu vaqtinchalik.

Ma’lumot uchun, 2019-yil 22-dekabr kuni Shoxrux Shodmonov o‘z nomzodini O‘zLiDePdan ko‘rsatgan holda Toshkent shahar Chilonzor tumani kengashiga Xalq deputati etib saylangan. U 2024-yilning 27-oktabr kuni yana bir bor deputat sifatida saylandi.

Shoxrux sanoqli intervyu bergan boʻlsa, ularning har birida musiqaga hobbi sifatida qarashini aytib oʻtadi. Masalan, 2017-yilda Afisha.uz'ga bergan qisqa intervyusida ham u “musiqaga avvalgidek hobbi sifatida qarashi"ni aytgan.

Reperning aytishicha, uning ota-onasi bu qiziqlashini haligacha jiddiy qabul qila olishmaydi. Bu 2017-yilgi gap. Bir necha yildan beri Oʻzbekistonning eng yirik konsert zalini toʻldirib konsert berayotgan oʻgʻilning hobbisiga nisbatan qarash oʻzgarganmi yoki yoʻq — noma’lum. Sababi ham, oldinroq aytganimizdek, yopiqlik.

Shoxrux musiqa bilan 2000-yillar boshida shugʻullanishni boshlagan. Reper 2004—2005-yillarda oʻtkazilgan Tarona taqdimotining “Yil yutugʻi” va “Yil kashfiyoti” nominatsiyasi boʻyicha gʻolibi deb topilgan. Oʻshanda uning “Balandda” qoʻshigʻi xitga aylanib, reperga mashhurlik olib kelgandi. Shundan soʻng bu qoʻshiq Shohruxning “tashrif qogʻozi"ga aylanib qoldi.

Musiqaga hobbi sifatida qaragan reper sekin-asta konsert qoʻyishni boshladi. Uning ilk konserti 2006-yilda boʻlgan.

Oʻshanda u 3 kunda davomida “Xalqlar doʻstligi” saroyida chiqish qilgan. Konsert davomida ijro etilgan 20 ta qoʻshiqning 17 tasi jonli tarzda ijro etilgani aytiladi.

2007-yil 22—25 fevral kunlari boʻlib oʻtgan “Xalqlar doʻstligi” saroyidagi konsertida rejadagi 22 ta qoʻshiqning barchasini jonli tarzda ijro etilgan.

Shundan soʻng reper ma’lum sabablarga koʻra konsert berishdan toʻxtaydi. Ikkita konsertdan soʻng u 10 yil pauza qildi. U 2017-yilning bahorida “10 yillik ijodim” deb nomlangan konsert dasturini taqdim etdi. Oʻshanda “Istiqlol” deya nomlangan konsert zali bu safar ikki kunga band qilingan edi. Reper 10 yil davomida yoʻq boʻlib ketganini shu konsertida “sarhisob” qildi.

U “MTV Show” dasturida mana shu davr mobaynida bitta oʻqishini yakunlagani va yana bitta oʻqishga kirib, ikkita oliy ma’lumotli boʻlganini aytadi. U dastlab Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti, keyin esa Toshkent davlat Yuridik universitetini tamomlagan.

Shoxrux shoubiznes vakillari bilan aloqalari kuchli emasligiga sabab qilib u shu oʻquv yurtlarini tamomlaganini keltiradi. “Men umuman boshqa yoʻnalishda oʻqiganim uchun ham atrofimdagilar umuman boshqa odamlar, ularda esa bu boshqacharoq”, — deydi reper.

U deyarli toʻylarga chiqmaydi. Reperni juda koʻp marta toʻyga chaqirishadi, lekin u avvaldan toʻylarda xizmat qilmaydi.

“To‘ylarga juda ko‘p chaqirishadi. Lekin hammasiga ham boravermayman. Chunki to‘ylarda odamlar dam oladi, spirtli ichimliklar ichishadi. Menga esa bunday muhit yoqmaydi. O‘zim bilgan, tanigan insonlar bo‘lsa albatta boraman”, — deydi Shoxrux.

Duetlar

Shoxrux duetdosh tanlashda juda ehtiyotkor. Shu sababli ham uning deyarli barcha duetlari hitga aylangan. Masalan, 2006-yilda Sarvar ismli yigit bilan kuylangan “ABV” qoʻshigʻi haligacha koʻpchilikning sevimlilari qatorida turadi.

Oradan 5 yil oʻtib, 2011-yilda ular yana bir marta duet qilishgan. Ammo “Give it up” nomli qoʻshiq unchalik ham mashhurlikka erishmagan.

Shoxrux faoliyati davomida bir nechta muvaffaqiyatli duetlar qilgan. Bunga yana bir yorqin misol Shahzoda bilan kuylangan “Qayt”. Notoʻgʻri yoʻllarga kirganlarni toʻgʻri hayotga qaytishga chorlovchi qoʻshiq haligacha Instagram va TikTok’da trend boʻlib turadi. Ushbu qoʻshiq “Fotima va Zuhra” filmiga saundtrek hisoblanadi.

Shoxrux bilan duet kuylash 5 ming dollarmi? Bir necha yil avval shunday gaplar chiqqan, lekin reperning oʻzi buni inkor etgan.

“Menga duet bilan murojaat qiladigan reperlar haqiqatdan ham rep aytishni bilishi kerak. Keyin kuylanadigan qo‘shiq matni sifatli bo‘lishi kerak. Shundagina hamkorlik qilishimiz mumkin. Shu paytgacha hecham pulga rep aytmaganman. Takliflar ko‘p bo‘ladi, lekin taklif qilishdan oldin yaxshilab uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini o‘ylab ko‘rish kerak”, — deydi Shohrux.

Oxirgi yillarda chiqqan mashhur duetlardan biri Sevara Nazarxon bilan aytilgan “Asta-sekin” boʻldi. 2022-yilda e’lon qilingan qoʻshiq YouTube’ning oʻzida 2 yarim milliondan ortiq marta tinglangan.

Avvalroq Afisha.uz Shoxrux reperning eng sara qoʻshiqlarini bir joyga yigʻgandi, u bilan quyidagi havolada tanishib chiqishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov

"Balandda damda, hayot achiganda...": Shoxrux ijodidagi eng sara qoʻshiqlar

Bugun, 31-yanvar kuni Shoxrux (Shohrux Shodmonov) 38 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan uning ijodidagi eng sara qoʻshiqlarni bir joyga toʻpladik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Hafta artisti: Shoxrux — Toshkent Afishasi