Hafta artisti: Anvar Sanayev

Muhabbat kuychisi va san’atkorlar ichida “stadionlar qiroli”. Bu ta’rirfni faqatgina bitta qoʻshiqchiga ishlatish mumkindek, toʻgʻrimi? Zumerlar yaxshi bilmasligi mumkin, lekin oʻsha avlodning birinchi yillarida oʻz mashhurligining pik nuqtasiga chiqqan bir san’atkor bor edi. Anvar Sanayev. Oʻzbek musiqiy dunyosi va umuman, san’atida katta oʻringa ega boʻlgan shaxs.
Yoshlar yaxshi biladi, “Ummon” guruhi blyutuz orqali mashhur boʻlgan, lekin bugungi qahramonimiz undan ham oldingi davrda, mobil telefonlar ommalashmagan paytlarda shuhrat qozongan va qayerga bormasin, stadionlarni toʻldirib konsert bergan. Bu uning mashhurligi masshtabini tasavvur qilish uchun yetarli boʻlsa kerak. Afisha.uz bu safargi “Hafta artisti” ruknini Anvar Sanayevga bagʻishlashga qaror qildi.
Ilk qadamlari
Anvar Sanayev 1968-yil 16-noyabrda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida tahsil olgan. U oʻz ijodini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Muxriddin Holiqov qoʻl ostida boshlagan. U oilasida yagona qoʻshiq emasdi, Sanayevlarning yana biri — Umarjon Sanayev — amakisi ham ijodkorga ustozlik qilgan.
Sanayev 1997-yildan beri katta (ba'zan juda katta) sahnalarda chiqish qiladi. U 1998-yilda oʻsha paytlarda mashhur boʻlgan “7 yoshdan 70 yoshgacha” teleshousida chiqish qilgan va bu unga katta mashhurlik olib kelgan.
Oradan ikki yil oʻtib — 2000-yilning noyabr oyida Sanayev oʻzining ilk yakkaxon konsertini oʻtkazgan. Dastlabkisi stadionda boʻlmagan, u oʻsha paytda poytaxtdagi “Turkiston” san’at saroyini band qilib, “Meni tushun, azizam” nomli dasturini taqdim etgan. U oʻsha davrlardan boshlab “Muhabbat kuychisi” nomini ola boshlagan. Uning qoʻshiqlarida asosiy mavzu sevgi-muhabbat boʻlardi. “Muhabbat” nomli qoʻshiq koʻp san’atkorda bor, eng mashhurlaridan biri aynan Anvar Sanayevga tegishli.
Undan keyin ham Anvar Sanayev oʻzining konsert va yangi musiqalarini taqdim etib bordi. U ilk konsertidan koʻp oʻtmasdan boshqa hududlarda ham konsertlar berishni boshlagan. Stadionlarda chiqish qilish taqdir taqazosimi yoki ataylab tanlanganmi, bunisi qorongʻu, ammo xonanda u yerda minglab odamlarni yigʻa olgan.
Gʻalati taqiqlar
Anvar Sanayev faoliyatida davomida uch marta “zapret"ga tushgan. Ularning ba’zilarida sabablar juda kulgili. Birinchisi — rahbar odamning toʻyiga bormagani uchun, ikkinchisi — Yulduz Usmonovani maqtagani uchun, uchinchisiga esa birgina rasm sabab boʻlgan. Bular haqda xonanda intervyularining birida aytib bergan.

Bir. Rahbar lavozimida ishlaydiganlardan biri Anvar Sanayevni toʻyiga chaqirmoqchi boʻlgan. Bepulga. Uning aytishicha, uni toʻyga chaqirganlar xonandani mensimay muomala qilgan, hech qanday sharoit qilib bermasligini, qoʻshiqchining oʻzi viloyatdagi toʻyga kelib-ketishini aytishgan. Ammo Sanayev bunga koʻnmagan.
Oqibatlari esa ertasi kuniyoq bilina boshlagan: xonandaga televideniyedan telefon qilishib, uning ismi bilan “zapret” degan yozuv kelganini aytishgan. Shu bilan u besh yil davomida televideniyeda koʻrinish bermagan.

Ikki. Yulduz Usmonova Anvar Sanayevni maqtagan. U bu uchun minnatdorchilik bildirgan. Xonanda bu e’tirof haqida “Oʻzbegim taronasi” radiosida ham aytib bergan. Ammo Anvar Sanayevning ta’kidlashicha, “efirdan chiqib, uyiga yetib borgunicha” taqiq qoʻyilgani haqida xabar kelgan. Chunki oʻsha paytda Yulduz Usmonovaga ham taqiq boʻlgan. Shu sabab 3 yil “zapret"da yurgan.
Ushbu taqiq olingandan keyin u yana ijod namunalarini taqdim etishni boshlagan. 2010-yilda u yana konsertlar taqdim etishni boshladi — birinchisi “Goʻzalim Barno” nomli dastur boʻldi.
Uch. Bu konsert quvonchi uzoqqa choʻzilmagan, shundan keyin uni yana bitta taqiq kutib turardi. Oʻsha vaqtlarda xonanda Ichki ishlar vazirligi ansamblida ishlagan. Bir kun shunchaki ishdan boʻshashi haqida ariza yozishni aytishgan — “zapret”. Ikki yilcha vaqt oʻtib esa buning sababini oʻziga aytishgan. Uning ta’kidlashicha, “diniy oqimga aralashgan bir odam bilan suratgan tushgansan”, deb aytishgan. U bu rasmni toʻyda tushgani, bu odamni tanimasligini aytganida, “boʻldi, sen elakdan oʻtding”, deb taqiqni olishgan. Ammo orada yana ikki yilga ijodi toʻxtab qolgandi.
Oilasi
Anvar Sanayev 1 qiz, 2 oʻgʻilning otasi. Qizi Asalxon Sanayeva yoshligidan aktrisalikka qiziqqan, “Otalar soʻzi” koʻrsatuvi va toʻliq metrajli filmlarda (“Kechir, farzandim”, “Tango yoxud adashgan sovchilar”) rollar ham ijro etgan, ammo uning aktrisalik faoliyati turmush qurganidan keyin toʻxtagan. Oʻgʻillari esa AQShda tahsil oladi. Biri tennis boʻyicha, ikkinchisi esa axborot texnologiyalariga oʻqishini aytadi. Xonandaning aytishicha, tennischi oʻgʻli kollejlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqalarda uch marta gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
E’tiborga molik qoʻshiqlari
“Kel, bagʻringga bos meni”
“Muhabbat”
“Yigʻlama, jonim”
“Yigʻla, sevgilim”
“Begonaman”
“Atirgul”
“Gulim”
“Goʻzalim”
“Koʻzlaringda yosh”