Uill Smitga oʻzbek milliy choponi va doʻppisi sovgʻa qilindi

O‘zbek influenserlari Gollivud yulduzi Uill Smitga milliy chopon sovg‘a qilib, uni O‘zbekistonga taklif qildilar.
Dubayda o‘zbek modeli Vazira Jon va bloger Saidazim Rizayev mashhur aktyor Uill Smit bilan uchrashdi. Suhbat davomida aktyorga uning unutilmas rollariga hurmat sifatida milliy o‘zbek choponi va do‘ppisi kiydirildi.
“Janob Smit, men sizning filmlaringiz „The Fresh Prince of Bel-Air“, „Bad Boys“, „Hancock“, „Hitch“ kabi asarlarni tomosha qilib ulg‘ayganman. Bu uchrashuv men uchun katta sharaf. Ushbu sovg‘ani minnatdorchilik ramzi sifatida qabul qilishingizni istardim. Bugun deyarli 40 million o‘zbekistonlik nomidan sizni milliy libosda ko‘rish biz uchun faxrdir. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda madaniy o‘zgarishlar tezlashmoqda: yaqinda Samarqandda Andrea Bochelli konserti bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda, amerikalik fuqarolarga 30 kunlik vizasiz kirish tartibi joriy etildi. Sizni O‘zbekistonda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz” — deya Saidazim sovgʻalarni topshirgan.
Shuningdek, aktyor nafaqat O‘zbekistonga, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham tanishishga taklif etildi.