Hafta artisti: Jahongir Otajonov

E’lon qilingan sana· 2 654
Hafta artisti: Jahongir Otajonov

Maqolani qanday boshlashga juda qiynaldim, rosti. Bu ruknning oldingi qismlarida kim haqida yozsam, uning qisqa ta’rifi bilan boshlanardi, lekin bu safar qahramonni tanlashga tanladim, lekin kirish soʻzlariga kelganda koʻp oʻylandim. “Jonli ijro qiroli”? Yoʻq, bu biroz kamlik qiladigandek. “Oʻzgacha ijodkor” — juda oddiy. Menimcha, bu san’atkor haqidagi maqolaga ideal kirish qismi shunday boʻladi — JAHONGIR. OTAJONOV.


Mashhhur sulola vakili

Oʻzbek san’atida Otajonovlarning oʻrni katta. 1978-yil 29-sentyabrda tavallud topgan Jahongir ham ulardan biri. Otasi Safarboy Otajonov bir vaqtning oʻzida nemis tili oʻqituvchisi va mahalliy darajada mashhur hofiz boʻlgan, onasi ham oʻzbek tili va adabiyotidan dars bergan. Sulolaning eng taniqli vakillaridan biri boʻlgan Ortiq Otajonov (aytgancha, u “Oʻzbekiston xalq artisti” unvonining ilk sohibi hisoblanadi) Jahongirga amaki boʻladi, aynan u sabab jiyan san’atga kirib kelgan.

Jahongir Otajonovning opasi, ukasi va singlisi boʻlgan. Ularning birortasi san'at yoʻnalishidan ketmagan, faqatgina singlisi E'tibor qoʻshiqchi boʻlishni istagan, lekin Jahongir buni xohlamagan – hozir u xonanda emas. 

Otajonov 1-sinfdan boshlab Toshkentdagi Glier nomidagi musiqa maktabida oʻqigan. Ammo 8-sinfga oʻtganida san’atkorning oilasida yetishmovchilik boshlanadi, shunda u maktabda deyarli oʻqimagan, bozorda savdo-sotiq qilishga majbur boʻlgan. U otasi bilan toʻy xizmatlariga ham borib turgan va davralarda qoʻshiq kuylagan. Biroz katta boʻlgach esa ijod yoʻlidan ketib, Oʻzbekiston konservatoriyasida oʻqigan.

Oʻqish davomida u bir qator tadbir va festivallarda chiqishlar qilib yurgan. Bu boshlangʻich san'atkorga yaxshigina mashhurlik olib kelgan va uni turli tadbirlar va toʻylarga chaqirishni boshlashgan. Mustaqil ijodga endi kirib kelayotgan paytida u Jahongir Rizo nomi ostida yurgan, keyinchalik esa yana oʻzining haqiqiy ismi bilan chiqishni boshlagan. 

Ijod

2000-yilning dastlabki dekadasi oʻrtalarida Jahongir Otajonov "Ikki qalb" ("Oq bulutlar") nomli qoʻshigʻini e'lon qiladi va u tom ma'noda san'atkorga katta mashhurlik olib keladi. 

Jahongir Otajonov faoliyati davomida unchalik ham koʻp konsert bermagan, uning yozuvlari bor ilk konserti 2005-yilga toʻgʻri keladi. U oʻshanda "Xalqlar doʻstligi" san'at saroyida "Oʻzbekiston sening oʻgʻlingman" nomli dasturini taqdim etgan. 

Ushbu konsert davomida u 20 dan ortiq qoʻshiq kuylagan, ularning koʻpi haligacha mashhur, masalan, "Uchrashmadik".

Shundan soʻng u qatorasiga konsert bera boshlagan. Har yili repertuardan bir nechta yangi treklar oʻrin olardi. U konsertlarida faqatgina jonli ijroda ijro etardi. Konsertlari ichida eng mashhuri 2014-yilgisi boʻlsa kerak. U oʻshanda yetarlicha mashhurlikka erishgan, katta konsert zallarini toʻldirib bir necha kunlab konsert berish darajasiga yetgandi.  "Arslonman"ning oʻsha mashhur yotgan holda qilingan ijrosi ham aynan shu konsertdan. 

Jahongir Otajonov xorazmcha qoʻshiqlarni ham maromiga yetkazib kuylaydi. Uning bir nechta xorazm shevasida kuylangan qoʻshiqlari bor, ammo eng mashhurlari esa oddiy qoʻshiqlaridir. Masalan, uning xorazmcha motivlarga ega "Arazlamang" qoʻshigʻi uni yanada mashhur qilgan.

Unda "Toza xorazmcha" qoʻshiqlar ham bor. 

"Arvachi" nomli qoʻshiqni eshitmagan, unga oʻynamagan odam boʻlmasa kerak. 

Keldiyu-ketdi: siyosatga aralashishi

Xorazmlik ijodkorda 2021-yilda kutilmagan niyat paydo boʻladi – prezident boʻlish. U bu yoʻlga qattiq kirishganini aytib, san'atdan ketdim deya barcha qoʻshiqlarini tarmoqlardan olib tashlagan. 

"Menda prezident boʻlish istagi bor. Va oʻylaymanki, albatta boʻlaman. Mening maqsadim – oʻzbek xalqiga adolatli xizmat koʻrsatish, rivojiga hissa qoʻshish", – deya bayonot bergan u oʻshanda.

San’atkorning bunday balandparvoz chiqishlaridan so‘ng, uning oilasida shov-shuvli voqea yuz berdi, Otajonovning ota-onasi videomurojaat qilib, uni "noshukr" o‘g‘il deb atadi. Ota-onasi u tufayli qanday og‘ir ahvolga tushib qolganliklarini aytdi. San’atkorning onasi uning talabgir qo‘shiqchi bo‘lishi uchun ko‘p pul sarflaganini va bunday munosabatga loyiq emasligini ta’kidladi.

Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Jahongirning prezident boʻlish istagi birdan so‘ndi, u onasi sabab siyosatdan ketishini aytdi. Shundan so‘ng, san’atkorning to‘ydagi chiqishlari aks etgan videolar yana tarmoqlarda tarqala boshladi, shuningdek, barcha klip va qoʻshiqlari sahifalariga qaytarildi. 

Otajonov ijodga qaytganidan keyin "Oʻrtar" qoʻshigʻini taqdim etdi. 

Ushbu voqealardan keyin uning ijodidan ham biroz oʻzgarish kuzatildi. Qaysidir ma'noda yaxshi tomonga – u kliplarga e'tibor bera boshladi. Kreativ va yosh rejissyorlar bilan ishlay boshladi. Bir nechta kuchli kliplar taqdim etdi. Biz ularning bir nechtasiga obzor ham yozganmiz: "Foniy dunyo", "Happy birthday" va "Poram". Uchchala klipni ham rejissyor Sardor Faxriddinov suratga olgan. Uning har biri klipi ishoralarga toʻla.  

E'tiborga molik qoʻshiqlari

"Bevafo"

"Yolgʻonchi yor"

"Arslonman"

"Sogʻindim"

"Qaddi baland"

"Ayol"

"Yona-yona"

"Ayol makri"

"Jonim"

"Oʻynasin"

"Happy birthday"

"Kunlarim"

 

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling