Gustav Klimtning kartinasi 236 mln dollarga sotildi

Gustav Klimtning “Elizabet Lederer portreti” asari auksionlar tarixidagi eng qimmatbaho zamonaviy san’at asari sifatida rekord o‘rnatdi. Nyu-Yorkdagi Sotheby’s auksionida asar 236,4 mln dollarga sotildi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
Sotuv Estee Lauder kompaniyasining sobiq rahbari, marhum milliarder Leonard Lauder kolleksiyasini sotish doirasida bo‘lib o‘tdi. 24 ta lotni o‘z ichiga olgan butun kim oshdi savdosi 527,5 million dollar daromad keltirgan bo‘lsa-da, aynan Klimtning ishi kechaning asosiy yutugʻi bo‘ldi. Asar savdoda boshlangʻich narxida 150 million AQSh dollaridan oshdi.
“Elizabet Lederer portreti” asari Klimt asarlari kolleksiyasining bir qismi bo‘lib, natsistlar tomonidan Venadagi badavlat yahudiy Lederer oilasidan musodara qilingan. Rasmlarning aksariyati urush paytida yo‘q qilingan, ammo bu portret boshqa joyda boʻlgani uchun ham saqlanib qolgan. 1948-yilda u oilasiga qaytarildi va 1985-yilda Leonard Lauder tomonidan sotib olindi.
Polotnoda Xitoy imperatorining mantiyasini eslatuvchi oq ko‘ylak kiygan 20 yoshli Elizabet Lederer tasvirlangan. 1914-yilda chizilgan portret Klimt ijodining so‘nggi davrini aks ettirgan, rassom 1918-yilda vafot etgan.