Ayollar huquqini ilgari surayotgan hujjatli film: "Diyora. Nozik yoʻl" kinokartinasiga taqriz

17-noyabr kuni Cinematica kinozalida rejissyor Sardor Kazining 2024-yil Parij Olimpiadasining eng yorqin yulduzlaridan biriga aylangan Diyora Keldiyorova haqidagi hujjatli filmi namoyish etildi.

O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida ilk bor oltin medal olgan ayol sportchiga aylangan Diyora o‘sha onning o‘zidayoq mamlakatdagi eng taniqli “celebrity"lar qatoridan joy olib, o‘zbek media makonida uzoq vaqt davomida eng ko‘p o‘qilgan va ko‘rilgan materiallar sarlavhalari sababchisiga aylangan edi. Va bunday qahramon hikoyasi albatta tarixga muhrlanishi, kattaroq auditoriyaga yetkazilishi shart edi.
Diyora haqidagi film uning sportchi bo‘lib yetishish va bu yo‘lda uni kimlar qo‘llab-quvvatlagani, Olimpiadaga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani va bu yo‘lda g‘alabaga erishishda nimalar ko‘makchi bo‘lgani haqida hikoya qiladi.
Film ustida juda katta jamoa ishlagani, operatorlik ishlari mohirona amalga oshirilgani yaqqol seziladi — kartina go‘zal, suratga olish joylari juda ustalik bilan tanlangan, voqelikka mos keladigan va filmda kayfiyat ulashadigan postanovkalar tashkillashtirilgan.

Qolaversa, kartina yaratuvchilari butun film davomida turli xil kinematografik uslublardan yaxshigina foydalanishgan. Masalan, Diyoraning germaniyalik murabbiyi Marko Shpitka dzyudo detallarini tushuntirayotganida, puxtalik bilan tanlangan ohanglar hamrohligida oyoqlar va qo‘llarning harakatini kuzatayotgan kamera tomoshabinni xuddi kungfu va boshqa sharq yakkakurashlari haqidagi filmlarga tushirib qo‘ygandek bo‘ladi.
Film davomida cho‘qqiga ko‘tarilib borayotgan Diyora, kartina oxirida tepalikni zabt etib bo‘lganida ham ramziy messejlar qoldirilgandek go‘yo.

“Diyora. Nozik yo‘l” filmi ijodkorlari qahramonning sportdagi yo‘li haqida hikoya qilar ekan, u orqali ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi stereotiplar va qarashlarni yengish uchun ham ushbu kartinaga qo‘l urishgani seziladi.
Bunga Diyoraning o‘z hikoyasi ham sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Sportchi bo‘lishida va muvaffaqiyatga erishishida muhim rol o‘ynagan ko‘plab insonlar matonatli, o‘z qadrini biladigan, o‘zini hurmat qiluvchi va o‘z kuchiga ishonchi bo‘lgan ayollar ekanligini ko‘rish mumkin.

Film ayollarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, o‘z so‘zini ayta olishi, o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kerakligi va buning qanchalik muhimligiga urg‘u beradi. Va buni aynan sog‘lom tarzda, hech qanday ekstrimlarga berilmasdan amalga oshiradi. Ayniqsa film oxirida Diyora karyerasining eng cho‘qqisida turib, ona bo‘lishga qaror qilgani ko‘rsatilgani menga shaxsan juda yoqdi. Ayol kishi o‘z shaxsiy rivojlanishini karyera bilan teng ravishda oilada ham ko‘rishi mumkinligi hamda bu bo‘yicha faqat va faqat o‘zi qaror qilishi kerakligini barcha tomonlar anglashi lozim.
To‘g‘risini aytganda, 20 yil o‘tib, avlodlar almashgandan keyin Diyora haqidagi ushbu film dolzarb bo‘lmay qolishiga tilakdoshman. Chunki agarda jamiyat to‘g‘ri yo‘ldan rivojlansa, bu filmda keltirilgan qadriyatlar har birimizga singib ketishi, xotin-qizlarning jamiyatda to‘laqonli tenghuquqli hayot kechirishiga barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lishi kerak.

Shunday bo‘lgan taqdirda ham, film abadiy muallaq qoladigan haqiqatlarni ham ochib berganligi uchun dolzarbligicha qolsa kerak.
Muvaffaqiyat yoki mag‘lubiyat taqdiri bir onda hal bo‘lib ketsa-da, ushbu daqiqaga yaqinlashish va uni o‘z foydasiga hal qilish uchun har bir qahramon uzoq yo‘lni bosib o‘tgan bo‘ladi. Diyoraning natijalarini shundoq ham internetda bilib olishi mumkin bo‘lganlar, bu filmni bunday muvaffaqiyat ortida kimlarning va qanday mehnati yotganini tushunish uchun ham ko‘rishi kerak.

Sport haqidagi barcha hujjatli filmlar singari, ushbu film ham muvaffaqiyatga erishishning oson bo‘lmagan yo‘li haqida hikoya qilar ekan, jamoaning bundagi muhim o‘rniga ham to‘xtaladi. Tatamida ba‘zida 1 daqiqa davom etadigan jangda ham hal ilib ketiladigan g‘alaba ortida qator murabbiylar, psixologlar, shifokorlarning bir necha yillik mehnatlari va oila a‘zolarining hech narsaga qaramasdan qo‘llab-quvvatlashlari turishini barchaga eslatish juda muhim.
“G‘alabaning sababchisi ko‘p bo‘ladi” degan kinoyali gap bor, lekin har qanday sport turida g‘alaba ortida birgina insondan ko‘ra ko‘proq kishilarning mehnati turadi: bolalikda sportchini qo‘llab-quvvatlagan buvisidan boshlab, kerakli vaziyatda to‘g‘ri so‘zni topib ayta olgan murabbiy-u psixologlargacha. Va bu g‘alabada ularning har birining ulkan hissasi bor.

Filmda Diyora Olimpiada o‘yinlarida yaponiyalik raqibi Uta Abeni yenggandan keyin, ushbu olamshumul g‘alabada qotib qolmasdan, butun jamoa bilan birgalikda keyingi qadamlarga tayyorlanishni boshlashgani ko‘rsatiladi. Yani hayotda nima bo‘lgan taqdirda ham, kechagi kunimizdan g‘alaba ortda qoldimi yoki mag‘lubiyat, ularga bog‘lanib qolmasdan, faqat oldinga qarab intilishda davom etishimiz muhim.
Diyoraning yo‘li haqidagi hujjatli filmni Kinopoisk platformasida ko‘rish mumkin.