Timur Kapadze – "Navbahor" bosh murabbiyi

Timur Kapadze Namanganning “Navbahor” futbol klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Klub rahbariyati Timur Kapadzening tajribasi, professional qarashlari va zamonaviy futbolga oid yondashuvi klub oldiga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutishiga ishonch bildiradi. Yangi bosh murabbiy bugundan boshlab jamoa bilan ishlashni boshlaydi”, — deyiladi xabarda.
Hozircha klub va Kapadze oʻrtasida qancha muddatga shartnoma tuzilgani ma’lum emas.
Eslatib oʻtamiz, shu yilning 10-noyabrida Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabini tark etgandi.
Timur Kapadze Oʻzbekiston milliy terma jamoasi boshqaruviga 2025-yilning 22-yanvarida kelgandi. Oʻshanda sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanes sogʻligidagi muammolar tufayli jamoani tark etgandi. Kapadze boshchiligida terma jamoa JCh-2026 saralash bosqichida 4 ta oʻyin oʻtkazdi va mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
6-oktyabr kuni esa italiyalik murabbiy Fabio Kannavaro mamlakat bosh jamoasiga murabbiy etib tayinlandi. 1 oy davomida Kapadze unga yordamchi boʻlib yurdi.