“Guruh tarqalgani yo‘q”. “Setora” a’zolari ommani qiziqtirgan savollarga izoh berdi

E’lon qilingan sana· 409
“Guruh tarqalgani yo‘q”. “Setora” a’zolari ommani qiziqtirgan savollarga izoh berdi

“Xalqlar do‘stligi” saroyida 18—21-dekabr kunlari afsonaviy “Setora” guruhining navbatdagi konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. 20 yillik uzoq tanaffusdan so‘ng 2024-yilda konsert taqdim etgan guruh joriy yilda ham shou-dasturini namoyish qilishga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Ammo bu yilgi ijodiy kechada guruh a’zosi Komila Xo‘jayevaning qatnashmasligi tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda va turli mish-mishlar tarqalmoqda.

Shuningdek, joriy konsertning qanday o‘tishi ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Guruh a’zolari va konsert prodyuseri Davron Kabulov jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida barcha savollarga izoh berdi.

Komila Xo‘jayeva nega konsertda qatnashmaydi?

Matbuot anjumanida “Setora” guruhi to‘liq tarkibda qatnashdi. Tadbir boshida Komila Xo‘jayeva konsertda ishtirok etmasligiga yana bir marta oydinlik kiritarkan, bu sog‘lig‘i bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi.

“Biz tarqalganimiz yo‘q, men guruhda qolaman va ijodni birgalikda davom ettiramiz. Lekin ushbu konsertda ishtirok etmasligim sababi sog‘lig‘im tufayli. Umid qilamanki, muxlislar shaxsiy holatimni to‘g‘ri tushunib, hurmat qilishadi. Balki keyinroq holatim haqidagi natijalarni taqdim etarman. Shu o‘rinda konsert bosh prodyuseri Davron Kabulov hamda yaqin do‘stlarim: Feruzaxon va Layloga faqat ijodiy omad, xursandchilik va olqishlar tilayman. Ishonamanki, konsert a’lo darajada o‘tadi”, — deydi Komila.

Konsert prodyuseri Davron Kabulovning so‘zlariga ko‘ra, Komila davosi yo‘q hastalikka chalinmagan, u rebilitatsiya jarayoni sababli sahnaga chiqmayapti.

“El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, deyishadi. Bu o‘z nomi bilan shou-biznes, unda odamlar o‘zlari o‘ylab topgan shouni ham ko‘rishni istaydi. Ammo har bir odamning salomatligi birinchi o‘rinda. Komilaga birinchi navbatda mustahkam sog‘liq tilaymiz. Xudoga behisob shukur, davolab bo‘lmaydigan qandaydir bir kasallik haqida gap bormayapti. Bu reabilitatsiya jarayoni bo‘lganligi tufayli bu muddat ortiqcha jismoniy yuklamalarsiz va ruhiy zo‘riqishlarsiz o‘tishi kerak, deb o‘ylayman. O‘zlaringiz guvoh bo‘ldilaringiz, hozir Komila kuchli hayajonda o‘tirdi. Turli gap-so‘zlarga nuqta qo‘yish maqsadida ham uning o‘zi bugungi tadbirda ishtirok etdi”, — deydi u.

“Sherigimizning sahnaga chiqmasligi bizga qiyin bo‘ladi, albatta. Ammo biz Laylo bilan buni bildirmaslikka harakat qilamiz. Bu yilgi dasturda o‘tgan safargi konsertda yangramagan juda ko‘p qo‘shiqlarimiz yangi sayqalda jarang sochadi. Instagram’da nega u qo‘shiqni, bunisini kuylamadinglar, degan savollar juda ko‘p kelgan. Shuning uchun bu yil retro taronalar ham, hamma biladigan xitlar ham, yangi qo‘shiqlar ham bo‘ladi. Duet qo‘shiqlar esa bo‘lmaydi, bu aniq. Konsertda faqat musiqa fonogramma orqali qo‘yiladi, qo‘shiqlarni esa jonli ijroda kuylaymiz. Bundan tashqari, judayam qiziqarli shou-ssenariysi bor. Biz katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, — deydi Feruza Latipova.

“Dastur o‘tkazilishi bir yil oldin tasdiqlangan edi”

Davron Kabulovga ko‘ra, hozirgi paytda “Xalqlar do‘stligi"da konsert kunlarini band qilish katta muammoga aylangan.

“Biz band qilgan kunlar: payshanbadan yakshanbaga qadar — talab juda yuqori bo‘lgan kunlarga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, o‘tgan yili bu konsertni reja qilganimizda, barcha hujjatlar Toshkent shahar ommaviy tadbirlarni o‘tkazish komissiyasiga, „O‘zbekkonsert“ estrada birlashmasiga chiqarilgandi va konsert o‘tkazilishi bir yil oldin tasdiqlangan edi. Layloning ishtirokisiz barcha tashkilotchilik masalalarini hal qilolmasdik. U o‘z studiyasida bastakorlar bilan ishlab, konsert repertuarini to‘la-to‘kis, 2024-yilgidan sifatliroq bo‘lishi uchun qo‘ldan kelgan hamma choralarni ishga soldi. Shuningdek, oilasi bilan AQSHda yashab, farzandlari maktabda tahsil olishiga qaramasdan, vaqt topib, joriy yilda ikki marta O‘zbekistonga qisqa bo‘lmagan muddatga kelib ketayotgani uchun Feruzaga ham rahmat aytaman”, — deydi u.

“Konsert prodyuseri sifatida Feruza va Laylo bilan ishlab, rostdan mazza qilaman. Bir-birimizni ortiqcha bezovta qilmayapmiz, qandaydir masalalar yuzaga kelsa, yechimini tezroq topishga kirishyapmiz. Ijodiy jarayon tashkiliy muammolarga xalaqit bermasligi va aksincha, ijodiy jarayonga tashkiliy jihatlar ta’sir o‘tkazmasligiga ham harakat qilyapmiz”, — deydi Davron Kabulov.

“Biz uchun ham ikki kishi bo‘lib ishlash qulay emas. Ammo bu konsert bir yil oldin rejalashtirib bo‘lingan edi. Shu sababli biz tashkilotchilarni ham, prodyuserimiz Davron Kabulovni ham, muxlislarimizni ham qiyin ahvolda qoldira olmasdik. Shuning uchun bu konsert har qanday holatda ham bo‘lib o‘tishi kerak. Ko‘pchilik ushbu dasturda Komila paydo bo‘ladi, deb umid qilyapti. Lekin afsuski, bunday emas. Feruza ikkimiz muxlislar, do‘stlar va ushbu konsertni tashkil etishda yordam berayotgan barcha odamlarning hafsalasini pir qilmaslik uchun bor kuchimizni ishga solyapmiz. Biz to‘liq tarkibda konsert bermayotgan bo‘lsak-da, Davron Kabulov bizga yana bir bor ishondi va tavakkal qilib, konsert o‘tkazayotgani uchun minnatdormiz”, — deydi Laylo Galiyeva.

“Mening oilam, bolalarim Amerikada. Kichkina qizim bor, lekin shunga qaramay „Setora“ men uchun birinchi o‘rinda. Buni oilam ham yaxshi biladi va tushunadi. Men uchun birinchi o‘rinda karyera desam ham bo‘ladi. Shuning uchun oilam bilan o‘tirib, gaplashib oldik, „Men borishim kerak, balki boshqa konsert bo‘lmas“, dedim va hamma narsamni tashlab, O‘zbekistonga keldim. Men uchun bu konsert juda muhim”, — deydi Feruza Latipova.

“Bu to‘liq tarkibdagi oxirgi konsert bo‘lishi mumkin”

Guruh vakillari konsertdan keyingi rejalariga to‘xtalarkan, bu dastur to‘liq tarkibdagi so‘nggi konsert bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

“Hozirgi rejam shu konsertni chiroyli taqdim etish. Keyin Amerikaga uchib ketaman va qachon qaytishimni bilmayman. Onam uchun, albatta, kelaman, chunki ular Toshkentda yashaydi. Lekin yana konsert qo‘yish uchun biz yangi albom, yangi qo‘shiqlar yaratishimiz kerak. Odamlarga yangilik kerak, eski qo‘shiqlarimizni hamma biladi. Hozircha men yana konsert berishni xohlamayapman, rosti. Kelgusida to‘liq tarkibda dastur qo‘yamizmi, yo‘qmi, buni ham bilmayman. Xudo biladi, vaziyatga qaraymiz. Lekin men uchun hozircha boshqa konsert bo‘lmaydi”, — deydi Feruza Latipova.

“Men ijod qiladigan bo‘lsam, faqat to‘liq tarkibda ishlayman. Yanvar oyidan „Setora“ guruhi solisti sifatida ketaman. O‘z loyihalarim bilan shug‘ullanaman, bu alohida hikoya. Agar Feruza O‘zbekistonga kelsa va to‘liq tarkibda ishlashga tayyor bo‘lsa, biz ham birga ishlaymiz”, — deydi Laylo.

Komilasiz yaratilgan “U biladi” treki haqida

“Setora” a’zolari va Davron Kabulov yaqinda premyera qilingan “U biladi” trekining yaratilishi hamda unda nega Komila Xo‘jayeva yo‘qligiga oid savolga ham javob berdi.

Feruza Latipovaning aytishicha, bu tarona konsert uchun maxsus yaratilgan.

“Agar qo‘shiqni uchalamiz ijro etib, klipda ham birga ko‘rinish berganimizda, odamlar Komila ham konsertda qatnasharkan, degan fikrda dasturga kelardi. Ammo muxlislarni aldab, konsertga chaqirishga haqqimiz yo‘q. Shu sababli bu qo‘shiqni faqat Laylo ikkimiz kuylab, klip suratga oldirdik”, — deydi u.

Davron Kabulov ushbu qo‘shiqni tanlash jarayonida guruh a’zolari bilan birga ishtirok etganini qayd etdi.

“Layloning o‘zi 300 dan ziyod qo‘shiqni eshitib, undan 30 ga yaqinini Telegram’dagi guruhimizga tashladi. Barchasini tinglab ko‘rib, to‘rtta taronani ajratib oldik va oxiri “U biladi” kompozitsiyasida to‘xtadik. Avval aranjrovkani tanladik, shundan keyin Shahnoz guruh a’zolarining statusiga yarashadigan tarzda matn yozib berdi. Shahnoz “Setora"ni deyarli barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ijodkor hisoblanadi. Unga katta minnatdorchilik bildiramiz. Umid qilamizki, uning “Setora” bilan hamkorligi yana davom etadi”, — deydi konsert prodyuseri.

“Klipga to‘xtaladigan bo‘lsak, aktyorlar jamoasidan sezgan bo‘lsalaringiz kerak, bu oxirgi bir yilning eng qimmat kliplaridan bittasiga aylandi. Chunki klip syujetida bir qancha sahnalar bor va bunda tasodifiy aktyorlarning qatnashmasligiga qo‘limizdan kelgancha harakat qildik. Klip g‘oyasi mendan chiqqan va uni Jamshid Hojiniyozov bilan birga ssenariy holatiga keltirdik. O‘ylaymanki, nozik didli tomoshabin ham bu klipni ko‘rganidan keyin „Setora“ o‘zining darajasidan pastga tushmabdi, degan fikrda bo‘ladi”, — deydi Kabulov.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling