Hafta artisti: Dilnoz

“Bugun oy chiqdi xorgʻin…” deb boshlanadigan musiqa hozir Instagram’dagi eng katta trendlardan biri boʻlib turibdi. Garchi u ancha yillar avval ijro qilingan boʻlsa-da, endi mashhurlikka erishdi. Bu xonanda Dilnoz Hakimovaning “Musofirginam onam” nomli qoʻshigʻidan parcha. Qoʻshiq 2018-yilda premyera qilingan. Dilnoz 2025-yildagi konsertida uni kuylab, unga “ikkinchi hayot"ni berdi. Xoʻsh, Dilnoz haqida nimalarni bilamizu, nimalarni bilmaymiz? Keling, uning hayoti va ijodiga “Hafta artisti” rukni orqali nazar solamiz.

Dilnoz (ismiga -a qoʻshib chaqirishlarini yoqtirmaydi) Hakimova 1993-yilning sentyabr oyida Fargʻona shahrida tugʻilgan. Dilnozning oilasida avval hech kim san’atkor boʻlmagan, onasi ichki ishlar organlari xodimasi boʻlgan. Dilnoz qoʻshiqchi boʻlishida onasining roli katta ekani, u buni hammadan koʻproq xohlaganini aytgan. Xonanda shaxsiy hayoti haqida koʻp gapirishni xohlamaydi.

Dilnoz ilk musiqiy bilimlarini Qoʻqondagi studiyada olgan. U yerga 4-sinfdaligidayoq qatnashni boshlagan. Xonanda oʻsha paytda onasi ishidan ruxsat soʻrab, studiyaga olib borib kelganini aytadi.
Bizda hamma harbiy yo‘nalishda ishlaydi. Onam mayor, otam ichki ishlarda, tog‘am, hammalari shu yo‘lda. Men musiqani, raqsga tushishni yoshligimdan yaxshi ko‘rganman, pianinodan Sevara Nazarxonning xolasi dars bergan. Bog‘chada, qo‘shiq aytib, raqsga tushgan paytim, menda iste’dod borligini sezishgan. Keyin musiqa maktabiga berishgan, buning uchun oyimga rahmat aytaman. Ular tig‘iz ish rejasiga qaramay men bilan studiyalarga qo‘shiq yozishga borib doim qo‘llab-quvvatlagan", — deydi xonanda intervyularidan birida.
Material boshida ushbu qoʻshiq haqida gapirgandik. Bu tarona 2018-yilda, ya’ni Dilnoz 25 yosh boʻlgan paytda yozilgan va premyera qilingan. Bu loyiha Sayyod (Sardor Komilov) prodyusserligida amalga oshirilgan, musiqasi ham, matni ham unga tegishli. Hozirda ijodkorlar hamkorlik qilmaydi.
Xonanda 2019-yilda “Sevimli” telekanalida oʻtkazilgan “Sevimli ovoz” musiqiy loyihasida ham ishtirok etgan. U aynan shu ishtiroki orqali ham koʻpchilikka yaxshi tanish boʻlgan.
Dilnozning familiyasi Hakimova emas, aslida Ne’matullayeva. U familiyasini bobosining ismiga oʻzgartirgan. Buning ham sabablari bor: xonanda yoshligida ota mehrini koʻproq aynan bobosidan olganini aytgan.
“Familiyam Hakimova emas, ko‘pchilik Hakimova deb o‘ylaydi, yozadi, hattoki Hakimova deb faxriy yorliqlar berishgan. Instagram’da ham, rasmiy joylarda ham Hakimova deb tanilganman. Aslida familiyam Ne’matullayeva, buni bobomning ismiga o‘zgartirmoqchi bo‘lganman. Hujjatlar bilan muammo bo‘lgani uchun, almashtira olmaganim uchun, Instagram’da akkaunt ochganimda Hakimova deb yozganman. Videolar tarqalib ketgandan keyin hozirgacha Hakimova deyishadi”, — deydi Dilnoz.
Xonanda oʻzbek shou biznesida karantindan keyin faol boʻlishni boshladi. Ilk duetlari ham oʻzi bilan deyarli bir vaqtda ijodni boshlaganlar bilan, xususan, Mirjalol Ne’matov bilan boʻlgan.
2020-yilda Dilnoz Konsta bilan “Layli” duetini kuylagan. Oʻshanda bu qoʻshiq reperning eng muvaffaqiyatli albomlaridan hisoblangan “Alhimik"ka kirgandi.
2023-yilda esa unga katta mashhurlik olib kelgan yana bitta hamkorlik qilingan. Oʻshanda Dilnoz reper bilan “U haqida” nomli duetini kuylagan va bu muxlislarga xush yoqqan, hozirgacha koʻpchilikning pleylistidan tushmay keladi. U xonandaning birgina YouTube kanalida 26 million martadan oshiqroq tinglangan. Shundan beri ular har konsertida shu qoʻshiqni birga ijro qilishadi.
Xonanda 14−15-oktyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbirlari mazkur ijodiy imtihondan reportaj tayyorlagandi.
Dilnozning boshqa e’tiborga molik qoʻshiqlari