Yakunlar: 2025-yilning eng yorqin musiqiy premyeralari

E’lon qilingan sana· 307
Yakunlar: 2025-yilning eng yorqin musiqiy premyeralari

Kechagina yanvar boshlangan edi, yanvardan boshqa oylarni eslashga harakat qilib koʻring-da, xuddi ular yoʻqdek, yil faqatgina birinchi va oʻn ikkinchi oydan iboratdek. Chunki inson xotirasi qisqa, afsuski. Yorqin hodisa boʻlmasa, oʻsha davrni eslab qololmaymiz. Yilni eslasangiz, hech narsa sodir boʻlmagandek goʻyo. Lekin oʻzbek shou biznesi, ayniqsa musiqasi sohasida 2025-yil tinch oʻtdi deb aytish pleylistimizga va ijodkorlarga nisbatan adolatsizlik boʻladi.

Bu yil koʻplab relizlar chiqarildi. Esda qolarlilari ham koʻp boʻldi, hatto ayrimlari dunyoni zabt edi. Afisha.uz tahririyati ortda qolayotgan 12 oyning eng muhim musiqiy voqealarini saralab chiqdi. Quyidagi roʻyxat — bu shunchaki tavsiya emas, balki 2025-yilning musiqiy tarixi – bu yil qanday yangraganini birgalikda eslaymiz.

Sunnatilla Doʻstov — Alyonushka

Bu qoʻshiq soʻzsiz birinchi oʻrinda eslanishi kerak. Balki siz undan keyin turadigan xitlarni bilarsiz, lekin Sunnatilla bu qoʻshigʻi bilan dunyoni zabt etdi – chet elliklar bu qoʻshiqqa raqslarga tushdi, TikTok videolar suratga oldi, qisqa qilib aytganda, dunyo xitiga aylandi. 

Musiqaga ishlangan klip YouTube'ning oʻzida 80 million martadan ortiq tomosha qilindi. Sunnatilla Doʻstovning musiqiy platformalar 300 mingdan ortiq faol tinglovchisi bor va bu raqamlar faqat oʻsib bormoqda. Shu sababli ham bu qoʻshiqni birinchi oʻrinda eslamaslik adolatdan boʻlmaydi. 

Farruh Fazel — Bor

Ba'zi xit taronalar boʻladi, oʻsha vaqtda yoqadi, keyinchalik eshitsangiz, quloqqa yoqmaydi. Lekin Farruh "Bor" taronasi bilan koʻp qalblarni zabt etdi. Umid qilamizki, Fazel faoliyati davomidagi eng yaxshi qoʻshiq bu boʻlib qolmaydi. 

AbroBey — Goʻzal

Oʻtgan yili "Qimmat dunyo", "Bolalik" treklari bilan chartlarni portlatgan va bir necha oylar davomida ularni boshqargan AbroBey bu yil ozroq "romantiklashdi" – u "Goʻzal" nomli trek chiqarib, muxlislarining pleylistiga yana bitta yaxshi trek qoʻshib qoʻydi. 

Mashhur Muhammad — Siqilma

"Sandanam, mandanam, undanam, bundanam...". Yoshu-qarini birdek siqiltirgan qoʻshiq haqiqatdan yilning eng yorqin premyeralari qatoriga kirishga haqli. Va Mashhur Muhammad yaxshi gap aytgan, rostdan ham siqilmang. 

Lola — Oʻzicha

Afsonaviy Lola yoʻnalishini biroz oʻzgartirdi, ammo plankani saqlab qoldi. Garchi konsertini taqdim etishi bilan "uzlatga chekinsa-da", bu yil u mana shunday ajoyib trekni qoldirdi. 

Konsta & Sevara Nazarxon — Asragin

Premyerasiga hali koʻp boʻlmadi, lekin parchalari internetni portlatgani, qatorlari koʻpchilikka ming yillik qadrdondek boʻlib ketgan bu trek yil sarhisoblarida turishga haqli. Konsta yana bir pogʻona yuqoriladi, reper 2025-yilda ham muvaffaqiyatli duet qilishni uddaladi. Sevara Nazarxon esa yana bir bor darajasini eslatib qoʻydi. 

Q.zlar — Baland

Qizlar koʻproq nominatsiyada gʻolib boʻlishga haqli, masalan, "Yil kashfiyoti", "Yil chaqirigʻi" va hokazo. Joylari oshxonada emas, yuraklarda ekanini baralla ayta olgan qizlar shu sababli ham hozircha eng oxirgi treki bilan bu roʻyxatda turishga haqli. 

Gʻaybulla Tursunov — Quralay

Agar siz taksida koʻp yursangiz, aniqki, bu qoʻshiqni eshitgansiz. Taksida har doim ham yoqimli musiqalar yangramasligi mumkin, lekin bu qoʻshiq odamning kayfiyatini koʻtaradi, oʻzgacha energiya bagʻishlaydi. Shu sababli ham quralayning "hali rosa dodini bermoqchi boʻlgan" Gʻaybulla Tursunov ham shu roʻyxatda. 

AGA — Tony Montana

Yana bir xorazmlik iste'dod. Ogʻabek "UfoAga" nomi bilan ijod qiladi. Bu yil uning bir nechta treki topga chiqdi. "TonyMontana" esa rilsu-tiktoklarni portlatdi. Shu sababli bu indi reperni ham eslab oʻtish joiz. Mana, agar eshitmagan boʻlsangiz, eshitib koʻring. 

Masha Tilla & Yunka — Shunaqa gaplar

Inflyuyenser Maryam Tillayeva (ha, bu oʻsha – Birinchi prezidentning nabirasi) shou biznesga kirib keldi. Uning birinchi treki reper Massa bilan boʻldi – ular "Cash" nomli trek kuyladi, Maryam toʻliq oʻzbek tilida gapirdi. Uning ikkinchi treki esa bloger Yunkaa bilan boʻldi. 

Ruhsora Emm — Gaza Bas

Ruhsora ijodi uchun 2025-yil omadli keldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. U bir nechta xitlar chiqardi, xususan, chet elliklar bilan ham hamkorlik qildi. Otsha bilan kuylangan "Gaza Bas" yilning yorqin premyeralari boʻlishga haqli. 

Munisa Rizayeva — Oka

Munisa Rizayeva farzandli boʻlganidan soʻng ijodga qaytdi va yana bir xit taronaga mualliflik qildi. 

Massa — Freestyle 2

2025-yil oʻzbek repi uchun ajoyib yil boʻldi. Yilning asosiy rep treklaridan birini Massa va qator reperlar ijro qildi. Oʻtgan yili Konsta, Asl Wayne, Ruhsora Emm, Abbbose va Dalimjonovlar bilan amalga oshirilgan loyihaning ikkinchi qismi boshqa yuzlar – Minor, Shokir, Mubinlolo, The Bakh va Neltaxx bilan e'lon qilindi. 

Xamdam Sobirov & Jamshid Himmatov — Yomgʻirlar

Bir necha yildan beri qoʻshiqlari topdan tushmayotgan ijodkorning birorta qoʻshigʻi bu roʻyxatga kirmasligi biroz adolatsizlik boʻlardi. Bu yil Jamshid Himmatov uchun ham omadli keldi. 

Yulduz Usmonova — Sevmadi nima

Yulduz Usmonova hech qachon unutilmasligi aniq, ammo uning oʻzi ham bunga qattiq harakat qilyapti – xitlar chiqarishdan toʻxtagani yoʻq. 

Jahongir Otajonov — Happy Birthday

Bu trek nafaqat bu yil, balki hali koʻp yillar davomida tugʻilgan kunlarda "xizmat" qilsa ajab emas. Heppi byozdey tu yuu, a-a-a-a...

Ulugʻbek Yoʻlchiyev — Mast Ayladi

Bu qoʻshiq hech boʻlmasa qulogʻingizga chalingan. Bu uslubdagi qoʻshiqlar oxirgi paytlarda koʻpaydi, ammo bunisi boshqacha – mast aylaydi. 

Nizamo & Umida — Yonimda qol

Instagram'da trend boʻlgan musiqalar ham bunday roʻyxatlarda boʻlishi kerak. 

Ziyoda — Dalalar

Afsonaviy Ziyodaning qoʻshiqlari yana mana shunday roʻyxatlardan oʻrin olganini koʻrish yoqimli, albatta. 

Shoxrux & Izzat Shukurov — Devonangman

Reper Shoxrux koʻpam duet qilavermaydi, ammo bir kirishsa, juda yaxshi chiqadi. Izzat Shukurov bilan kuylangan qoʻshiq koʻpchilikka manzur keldi. 

Shuningdek, bu oxirgi ikki oyda e'lon qilingan asosiy treklardan biri boʻldi. 2025-yilning eng yorqin premeryalari roʻyxatini shu bilan yakunlasak ham boʻladi. Siz yana qanday qoʻshiqlarni alohida qayd etgan boʻlardingiz? Telegram kanal izohlarida yozib qoldiring. 

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling