Hafta artisti: qoʻshiqlari hatto kosmosda yangragan Sherali Jo‘rayev

Bolaligimda yoshi kattalar qiziq voqealarni aytib berishardi: bir hofiz biror toʻyga borsa, taklif qilinmagan odamlar ham u yerga borib olgan ekan — tumonat odam yigʻilgan. Xuddi shu odamni televizorda koʻrsatishsa — qoʻshiqlari qoʻyilsa, dalada ishlayotgan odamlar ham ishini toʻxtatib, televizor qarshisiga kelgan ekan (aytishlaricha, u paytlarda hammaning uyida ham televizor boʻlmagan, shu sababli kimning uyida u boʻlsa, oʻsha yerda yigʻilishgan). Qoʻshiqlari shunaqa sharoitda-da xit boʻlgan hofizning ijodi hozirgi raqamli hayotda ham yashamoqda. Uning ijodi barhayot — makon va zamon tanlamaydi, doim quloqqa yoqimli. Kimligini allaqachon sezgan boʻlsangiz kerak, bu — Sherali Joʻrayev — oʻzbek estradasining haqiqiy afsonasi. “Hafta artisti"ning navbatdagi soni ushbu xalq artisti haqida.
Ramziy tugʻilgan kun
Sherali Joʻrayev andijonlik, aniqrogʻi, Asaka shahrida tugʻilgan (u paytda Lenin deb nomlangan). 1947-yilda tugʻilgani fakt, ammo aniq sanasi boʻyicha hech qayerda ma’lumot yoʻq. Ammo qoʻshiqchi oʻz tugʻilgan kunini ramziy tarzda 12-aprel qilib belgilagan. Chunki 1990-yilning aynan shu sanasida u musulmonlar uchun muqaddas sanalgan Ka’ba ichiga kirgan. Shundan soʻng u oʻz tugʻilgan kunini 12-aprelda nishonlaydi.

Sherali Joʻrayev 1990-yildan 1995-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi aʼzosi, ya’ni deputat boʻlgan. 1992-yilda birinchi prezident Islom Karimovning davlat tashrifi doirasida delegatsiya qatorida Makka shahriga boradi. Delegatsiya a’zolari Ka’bani tavof qilib, uning ichiga kiradi.
Jo‘rayev 1971-yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlagan. Oʻzining ijodiy mehnat faoliyatini 1972-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblida boshlagan. 1979−1986-yillarda Andijon viloyati filarmoniyasi xonandasi boʻlgan. Shundan soʻng Oʻzbekiston davlat filarmoniyasiga oʻtib, u yerda 10 yil faoliyat olib borgan.

Uning siyosiy faoliyati uzoq davom etmadi, 1995-yildan keyin deputatlikni toʻxtatdi. Bu uning ijodi eng avj pallasiga chiqqan paytga toʻgʻri keladi. Shundan soʻng u ham “zapret"ga tushdi. Oʻzbek san’atining eng choʻqqisida turgan odamlardan biri na “Drujba"da, na boshqa konsert zallarida chiqolardi. Hatto televidenie va radioda ham unga taqiq qoʻyilgandi. Sababi nima? Turli mish-mishlar yuradi, ammo rostini esa “zapret” qoʻygan odam (lar)dan boshqasi bilmaydi. Sherali hokimiyat almashguniga qadar taqiqda yurdi.

Sherali Joʻrayev onasi bilan
Sshoir Faxriyorning eslashicha, yozuvchi Murod Muhammad Doʻst (u oʻsha paytlarda Prezident matbuot kotibi boʻlgan) Islom Karimovdan Sherali Joʻrayevga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashni soʻragan, hech bo‘lmasa, ashulalari radioda ketsin deb ruxsat olishga harakat qilgan va bu oʻxshagan — Joʻrayevning qoʻshiqlari radiolarga qaytgan, ammo uning oʻzi hech qayerda koʻrinish bermagan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ijodkorni xotirlarkan, shunday yozadi: “Karimovning xarakteri juda og‘ir edi. U kimnidir yomon ko‘rib qolsa, boshqa kechirmasdi, kek saqlab yuraverardi. Lekin, eshitishimcha, Karimov ham Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da, uni to‘liq kechirmagan va sahnaga qaytarmagan”.
Qoʻshiqlari kosmosda yangragan
Sherali Joʻrayev taqiqda boʻlishiga qaramay ijod qilishda davom etdi. U oʻz uyida, oʻzi asos solgan “Sher” studiyasida qoʻshiqlar yozib, kasseta va disklar orqali xalqqa taqdim etishda davom etavergan.

Foto: instagram/@xushnudbek
2017-yilda Sherali Joʻrayev oʻzining yubiley 70 yoshini keng nishonlagan. Oʻsha tantanaga birinchi oʻzbek fazogiri Solijon Sharipov ham kelgan va qiziq hikoyani soʻzlab bergan: fazogir oʻzining 200 kundan ortiq davom etgan fazoviy missiyasi davomida faqat Sherali Joʻrayevning qoʻshiqlarini tinglagani, uning xonishlari fazoda ham unga oʻzbekligini eslatib turganini aytgan.

2004-yil Solijon Sharipov markaziy osiyolik birinchi kosmonavt sifatida NASA bilan Bayqo‘ng‘ir kosmodromidan “Soyuz TMA-5” kosmik kemasida fazoga ko‘tarilgan. Shuningdek, ba’zi manbalarda aytilishicha, Sharipov kosmosdan turib maxsus bogʻlanish apparati orqali Sherali Joʻrayevning oʻziga ham qoʻngʻiroq qilgan va unga tashakkur bildirgan.
“Oʻzbegim” qasidasi
Shubhasiz, bu ijodkorning eng yorqin va ta’bir joiz boʻlsa, oʻzbek estradasidagi Vatan haqidagi eng buyuk qoʻshiqlardan biri (agar u ikkita boʻlsa — biri shu, agar bitta boʻlsa, u ham faqat shu). Sherali Joʻrayev bir vaqtning oʻzida ham iste’dodli, ham omadli ijodkor. U oʻzbek she’riyatidagi eng yorqin shaxslar ijod qilayotgan paytda san’atga kirib kelgan (yoki teng ijod qilgan).
Shoir Eshqobil Shukur “Ma'naviy hayot” jurnalining 2023-yil 4-sonida shunday yozadi: “Ba'zan menga Sherali Jo‘rayev shu hassos shoirlarning she’rlarini ijro qilib xalqqa yetkazish uchun dunyoga kelganday tuyuladi. Ha, tarixning xalqqa shunday siylovlari ham bo‘ladi. Uning „O‘zbegim“, „O‘zbekiston — vatanim manim“ kabi qo‘shiqlari mustabidlar zulmidan bukilib qolgan millatning qaddini ko‘tarib yuborgan edi, biz bunga guvoh bo‘lganmiz. Erkin Vohidov va Abdulla Oripov she’rlari bilan aytilgan bu qo‘shiqlar o‘zbekka o‘zligini namoyon qilgan va asli kimligini eslatib qo‘ygandi. Bu qo‘shiqlarni butun xalq jo‘r bo‘lib aytgan”.
Shoirning yozishicha, bu qoʻshiq ilk marta bor to‘yda, oshda aytilgan. Qo‘shiqning ilk bandlari ijro etilgan paytda mehmonlarga palov tashiyotgan xizmatchilar turgan joylarida qotib qolishgan. “O‘sha xizmatchilarni to‘xtatib, qayerda va qay yumush bilan turganini unuttirgan narsa nima edi? U o‘zlik edi! O‘zini, o‘zligini sog‘ingan kishilar yo‘qotgan narsasini topgan edilar”, deb yozadi u.

Shoir Erkin Vohidov qalamiga mansub “Oʻzbegim” qoʻshigʻi Buyuk Britaniyaning nufuzli World Music Network leybli 2005-yil chiqargan “Oʻrta Osiyo musiqasi boʻyicha umumiy qoʻllanma” albomiga kiritilgan (shu bilan birga Sevara Nazarxon va Munojat Yoʻlchiyevalarning ham qoʻshiqlari ham undan oʻrin olgan). 2004-yil 23-aprelda Britaniya qirolichasi Elizabeth IIning 78 yoshga toʻlish munosabati bilan Britaniya elchisi Craig Murray mingdan oshiq mehmonni elchixonaga chaqirgan. Toshkentdagi tadbirga Sherali Joʻrayev, Sevara Nazarxon va Vladimir Neimer dirijorlik qilgan orkestr chaqirilgan.
Gʻazallar
Gʻazallarni qoʻshiqda tasavvur qilish, eshitish qiyin, ayniqsa yoshlarga. Lekin Sherali Joʻrayev ularni ham shu darajada maromiga yetkazib kuylaganki, ular bir necha yillardan beri, bir nechta avlodning sevimli qoʻshiqlari qatorida boʻlib kelmoqda va katta ehtimol bu davom ham etadi.

Sherali Joʻrayev repertuari koʻp qirrali va rang-barang boʻlib, qoʻshiqlarining asosini nafaqat zamonaviy, balki Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy va boshqalar) shoirlarning sheʼrlari tashkil etadi. Masalan, hofizning eng mashhur qoʻshiqlaridan biri boʻlgan “Keldi bahor” qoʻshigʻining matni Ozarbayjon fors sheʼriyatining klassigi, Oʻrta asrlar Sharqining eng buyuk shoirlaridan biri boʻlgan Nizomiy Ganjaviyga tegishli.
Oshiq o‘ldim pand bermang,
choram asbobin tuzung,
Ishq zor etganga zulm etmang,
tarahhum ko‘rguzung…
Bu qatorlarni eshitmagan odam boʻlmasa kerak. Bu “Oshiq boʻldim” qoʻshigʻidan parcha. U Alisher Navoiyning gʻazaliga asoslanib yaratilgan. Bu qatorlarda shoir oshiq odamga nasihat qilmang, yor vasli yetishimga yordam bering, sevgan kishiga zulm qilmang, mehr (tarahhum) koʻrsating, demoqchi boʻladi.
Kuylarim yetgaymikan, senga borib… deb boshlanadigan honishlarni eshitishingiz bilan qaysi qoʻshiq qoʻyilganini bilasiz, balki ilk notalaridanoq. Sherali Joʻrayev ushbu “Gulbadan” qoʻshigʻi yaralishi haqida shunday degan:
“Avvalo, ko‘pgina qo‘shiqlarimiz yo‘lda, safarlarimiz chog‘ida tug‘ilganini aytib o‘tishim joiz. “Gulbadan"ning yaratilishi esa qiziq bo‘lgan. Chimkentga to‘yga ketayotgandik. Yo‘lda bir dovondan o‘tayotganimizda, ko‘zim toshga o‘yilgan kiyiklarga tushdi. Boshqani bilmayman, ammo bu manzara menga nihoyatda ma’qul keldi, yuragimga ilhom bag‘ishladi. Shu yerning o‘zida dilimdan: “Kuylarim yetgaymikan senga borib” deb boshlanuvchi to‘rt qator misra o‘tdi. To‘ydan qaytayotganimizda ham o‘sha manzara oy yog‘dusida ajib go‘zallik kasb etib turganini unutolmayman. Va shu tarzda keyingi misralar dilimda paydo bo‘ldiki, ularni yonimdagilarga aytib turib yozdirdim. Musiqasi ham o‘sha paytning o‘zidayoq dilimda mavjlangandi…”.
“Karvon”
Kishilarning toʻylarini oʻtkazib yuradigan, dostonlar aytadigan yigit esingizdami? U oʻzi ahd-u paymon qilgan qizini olib ketayotgan karvonni koʻrib, qizga qarab aytgan mana bu gaplarichi:
“Peshonangning yozdig‘idan ayrilma yor,
Jonim chiqar — qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!”
Uning ismi Elbek baxshi. Shoi Usmon Azim oʻz she’rida shunday yozgan, qoʻshiq esa shuning asosida yaratilgan.
Shoir Sherali Joʻrayev bilan endi-endi tanishgan vaqtlarini eslarkan, hofizni senlab yurganini, faqatgina ismi bilan murojaat qilganini aytadi. Usmon Azim Sherali Joʻrayevdan uch yosh kichik.
“Hammamiz teng koʻrinardik, „Ey, Sherali“, deb yurganman-da. Bir-ikki yil shunday yurganman, keyin joniga tegib, „Nega buncha meni Sherali deysan, mening yoshimdan senikidan katta“, dedi. Keyin men ham javob berishim kerak-ku nimadir deb, ey birodar, dedim, Navoiyni Alisher aka demaymiz-ku, dedim”, deb kuladi u.
“Karvon” qoʻshigʻi tabiiyki, erkak kishining tilidan aytilgan. Lekin bunga oʻsha “karvonda yigʻlab ketayotgan qiz"ning javobini eshitganmisiz? Ozoda Nursaidova shuni qoʻshiq qilib kuylagan — “Karvonga javob”.
“Zapret"dan keyin
2016-yildan keyin norasmiy taqiq olindi. Shundan keyin u yana sahna va televidenielardan koʻrinish bera boshladi. Undan keyingi eng yorqin qoʻshiq “Parijon” boʻldi desak mubolagʻa boʻlmasa kerak.
Sherali Joʻrayev “erkinlik davri"da ham unchalik koʻp yashamadi, u 2020-yildan keyin ogʻir xastalik bilan qattiq kurashishga majbur boʻlib, san’atni birdek olib ketolmadi. 2023-yilning 4-sentyabrida uzoq davom etgan xastalik tufayli vafot etdi.
Lekin ijodkor hali uzoq yillar qalblarda, quloqlarda yashaydi. U bir necha avlodning sevimlisi boʻladi — bu faqatgina buyuklarga xos.