"Interstellar", "Dune", "Marty Supreme": Timoti Shalamening 10 ta filmi

E’lon qilingan sana· 2 531
"Interstellar", "Dune", "Marty Supreme": Timoti Shalamening 10 ta filmi

7-dekabr kuni 30 yoshni qarshilagan aktyor Timoti Shalame bugungi kunda oʻzining katta muxlislar bazasiga ega, deyish mumkin. Aktyor oxirgi yillarda bir qator katta masshtabli filmlarda bosh rollarni ijro etdi. Bundan tashqari, 2026-yilning boshida “Marty Supreme” filmi uchun Oltin Globus mukofotini ham qoʻlga kiritdi.

Afisha.uz quyida Oskar mukofoti tomon ham dadil qadam tashlayotgan aktyor filmlari haqida ma’lumot beradi.

Interstellar

Koʻpchilik e’tiborsiz qoldirgan boʻlishi mumkin, lekin Timoti Shalame Kristofer Nolanning “Interstellar” filmida kichik rol ijro etgan. U bosh qahramon Kuperning oʻgʻli hisoblanadi.

Chang bo‘ronlari va ocharchilik tufayli Yerda yo‘q bo‘lib ketayotgan insoniyat uchun yangi makon qidirish uchun fazoga sayohat qilgan tadqiqotchilar jamoasi haqidagi hikoya. Bosh qahramon, sobiq uchuvchi Kuper o‘z oilasini tark etishi va insoniyatni qutqarish uchun fazo-vaqtni yengib o‘tishi kerak.

Filmni tomosha qilish.


Lady Bird

Feministik ruhdagi filmlar suratga oluvchi rejissyor Greta Gervigning 2017-yilda premyera qilingan “Lady Bird” filmida Timoti Shalame asosiy rollardan birini ijro etgan. Kinokartina 5 ta nominatsiyasada Oskarga nomzodi qoʻyilgan, biroq birorta ham “haykalcha” yuta olmagan.

Kristina MakFerson Sakramentodagi konservativ katolik maktabida tahsil oladi. U dunyoda o‘z o‘rnini izlamoqda va boshqalarga o‘xshamaslikka harakat qilmoqda. Qiz sochlarini g‘alati qizil-pushti rangga bo‘yagan, Ledi Byord ismini esa u o‘ziga o‘zi qo‘ygan va uni shunday atashlarini so‘raydi. Uning asosiy orzusi — chekka qishloqdan ketib, Nyu-Yorkda oʻqish.

Filmni tomosha qilish.


Little Women

Oradan 2 yil oʻtib, 2019-yilda Shalame yana bir bor Greta Gervig suratga olayotgan filmda rol oʻynaydi. Bu kinokartina ham bir nechta, xususan, “Eng yaxshi film” nominatsiyasida Oskarga nomzod boʻladi va faqatgina “Eng yaxshi kostyumlar dizayneri” boʻyicha “haykalcha"ga ega boʻladi.

Film bir-biriga o‘xshamaydigan to‘rt opa-singilning voyaga yetishi haqida hikoya qiladi. Voqealar AQShdagi fuqarolar urushi davrida sodir bo‘ladi, ammo qizlar har qachongidan ham dolzarbroq muammolarga — ilk muhabbat, umidsizlik, ayriliq va hayotda oʻz oʻrnini topishga duch keladi.

Filmni tomosha qilish.


The King

2019-yilda Shalame yana bir tarixiy dramada suratga tushgan. Bu safar aktyor bosh rolni ijro etgan. Film oʻz vaqtida katta mashhurlikka erishmagan boʻlsa-da, aktyor oʻzi vazifasini yaxshi uddalagan.

Angliya, XV asr boshlari, Yuz yillik urush avjida. Uels shahzodasi Xel do‘sti Falstaf bilan yengil hayot kechiradi va taxt haqida oʻylamaydi. Ammo otasi qirol Genrix IV kasallikdan vafot etadi, ukasi jang maydonida halok boʻladi, Xel esa toj kiyishga majbur bo‘ladi.

Filmni tomosha qilish.


Don’t Look Up

Shalame 2021-yilning eng shov-shuvli loyihalaridan birida ham qatnashgan. Adam Makkey rejissyorligida suratga olingan va bir qator yulduz aktyor va aktrisalarni jamlagan “Don't Look Up” siyosiy satirasida aktyor bosh qahramonning yigiti rolini oʻynaydi.

Yarim yildan soʻng Yerga meteorit qulashini aniqlagan ikki olim, bu haqida dunyoni ogohlantirish uchun press-turga chiqadi, ammo ularga hamma joyda shubha bilan qarashni boshlashadi.

Filmni tomosha qilish.


Dune

2021-yilni Shalamega atalgan deyish mumkin. Chunki u bosh rolni ijro etgan va katta franshizaga aylanayotgan “Dune” kinokartinasi ham shu yil premyera qilingan. Deni Vilnyov rejissyorlik qilgan kinoda aktyor Pol Atreydes obrazini gavdalantiradi. “Dune” texnik va musiqiy nominatsiyalardagi deyarli barcha Oskarni oʻziniki qilib olgandi.

Mashhur Atreydes xonadoni vorisi boʻlgan Pol, oilasi bilan birga Olamning eng xavfli sayyoralaridan biri — Arrakisga yoʻl oladi. Bu yerda qum, qaynoq quyosh, ulkan maxluqlar va koinotlararo kelishmovchiliklarning asosiy sababi boʻlgan, melanj deb ataluvchi qimmatbaho manbadan boshqa hech nima yoʻq. Hukumat qoʻlgan olingani oqibatida Pol qochishga majbur boʻladi va bu uning afsonaviy sayohatining boshlanishiga aylanadi.

Filmni tomosha qilish.


Dune: Part Two

Oradan 3 yil oʻtib, 2024-yilda “Dune"ning ikkinchi qismi ham premyera qilinadi. Unda Shalame aktyorlik tomondan oʻzini yanada yaxshiroq koʻrsatadi va haqiqiy “Lison al-Gayib"ga aylanadi.

Gertsog Pol Atreydes Muad Dibga aylanish uchun fremenlar safiga qoʻshiladi va bir vaqtning oʻzida boshlanayotgan urushni toʻxtatishga harakat qiladi.

Filmni tomosha qilish.


Wonka

2023-yilda esa aktyor remeyk hisoblangan “Wonka” kinokartinasida bosh rolni ijro etadi. Ushbu musiqiy komedik film avvalgi klassik kinokartinalar bilan, Shalame ham Jonni Depp va Jin Uaylder bilan solishtiriladi. Shunga qaramay, “Wonka” loyihasi oʻzini oqlagan, deyish mumkin.

Shokolad bilan mashhur shaharda do‘kon ochishni orzu qilgan yosh va kambag‘al Villi Vonka sanoatni ochko‘z shokoladchilar kartel boshqarayotganini aniqlaydi.

Filmni tomosha qilish.


A Complete Unknown

Rejissyor Jeyms Mengold 2024-yilda qoʻshiqchi Bob Dilan haqida biografik film suratga oladi. Shalame unda bosh rolni ijro etgan va ushbu ijrosi bilan katta aktyorlar safiga qoʻshilgan.

1965-yil. Nyuport shahridagi musiqa festivalida yosh Bob Dilanning chiqishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Filmni tomosha qilish.


Marty Supreme

2026-yilning ilk katta premyeralaridan boʻlgan “Marty Supreme” Oskar uchun asosiy da’vogarlardan biri, deb qaralmoqda. Shalame ham ushbu filmdagi roli orqali oʻzining ilk “haykalcha"sini yutishi mumkin.

Yosh va intiluvchan nyu-yorklik stol tennischi Marti Mauzer jahon chempioni bo‘lish orzusiga berilib, shon-shuhrat yo‘lida axloqiy muammolarga duch keladi, munosabatlarni xavf ostiga qo‘yadi va g‘alaba qozonish uchun hamma narsadan voz kechib, garov va sarguzashtlar olamiga sho‘ng‘iydi.

Film hozirda Oʻzbekiston kinoteatrlarida namoyish etilmoqda. Chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling