Mashhur dizayner Valentino Garavani 93 yoshida vafot etdi

XX asr modasining eng mashhur dizaynerlaridan biri Valentino Garavani 93 yoshda Rimdagi uyida vafot etdi. Bu haqda Valentino Garavani va Giancarlo Giammetti jamg‘armasi Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, dizayner yaqinlari qurshovida tinch holda hayotdan ko‘z yumgan.
1960-yilda asos solingan Valentino moda uyi orqali u jahon modasida o‘ziga xos uslub yaratgan va Giorgio Armani hamda Karl Lagerfeld kabi dizaynerlar bilan bir qatorda eng yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Valentinoning eng taniqli belgilaridan biri — “Valentino red” rangidir. Ushbu rang unga Ispaniyaga qilgan safari davomida ilhom bo‘lgan va brendning ramziga aylangan. 2008-yildagi so‘nggi kolleksiyasida ham podiumga chiqqan barcha modellar qizil liboslarda namoyish etilgan.
Valentino bilan vidolashuv marosimi 21−22-yanvar kunlari Rimdagi Piazza Mignanelli maydonida, dafn marosimi esa 23-yanvar kuni Santa Maria degli Angeli e dei Martiri Basilic’da bo‘lib o‘tadi.