"Kelgindi kelin", "Telba", "Kaminaning oilasi": Dilnoza Kubayeva rol ijro etgan film va seriallar

E’lon qilingan sana· 1 174
"Kelgindi kelin", "Telba", "Kaminaning oilasi": Dilnoza Kubayeva rol ijro etgan film va seriallar

Oʻzbek kinosida Dilnoza Kubayeva oʻziga xos yoʻlni bosib oʻtgan. U avvaliga biroz salbiy personajlarni oʻynagan yoki kichik epizodik rollarda koʻrinish bergan. Keyinchalik rejissyor Rustam Sagdiyevning komedik filmlaridagi bosh rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan.

U ishtirok etgan ba’zi filmlar bugungi kunda klassikaga aylangan va takror-takror tomosha qilinadi. Filmlarning ba’zilari keng tomoshabinlar uchun ishlangan bo‘lsa, ayrimlari jamiyat, munosabatlar va ayol obrazi haqida chuqurroq oʻylashga ham sabab boʻladi.

Afisha.uz ushbu maqolada Dilnoza Kubayeva rol ijro etgan film va seriallar haqida ma’lumot beradi.

“Zumrad va Qimmat”

Dilnoza Kubayevaning oʻzbek kino tomoshabinlariga tanishtirgan filmlardan biri “Zumrad va Qimmat” hisoblanadi. Bu kinoda aktrisa salbiy obraz — Qimmat personajini gavdalantiradi.

Zumradning onasi kenja farzandini dunyoga keltiraman, deb u bilan birga hayotni tark etadi. Otasi esa oʻz qarindoshining qizi Izzatoyga uylanadi. Uning Qimmat va Hurmat ismli qizlari bor edi. Oʼgay ona Zumradni kamsitib, oʼz qizlarini ustun qoʼya boshlaydi. Qizlar voyaga yetishadi. Zumrad oʼgay onasi tufayli, allaqachon oʼz xonadonning xizmatkoriga aylanib boʼlgandi. Lekin oldinda taqdirning unga atalgan tuhfalari ham bor edi.

Filmni tomosha qilish.


“Telba”

Oʻzbek kinosida klassikaga aylanib ulgurgan “Telba” filmini Dilnoza Kubayevaning tashrif qogʻozi deyish mumkin. Ulugʻbek Qodirov bilan tandemda ishlangan kinokartina hozirgacha tomoshabinlar tomonidan sevib koʻriladi.

Honim sotuvchi yigit va nufuzli universitetda oʻqiydigan qiz tasodifan tanishib qoladi, qiz buni jiddiy qabul qilmaydi. Ammo yigit allaqachon oshiq bo‘lgandi. Yigit o‘zining oddiyligi, samimiyligi va manfaatparastlikdan yiroqligi bilan u qizning qalbini zabt etadi. Ularning birga bo‘lishiga qizning oilasi qarshi chiqadi, chunki ota-onasi uni badavlat yigitga unashtirmoqchi edi.


“Mehribonim"(mini-serial)

“Mehribonim” 5 qismdan iborat oʻzbek mini-seriali hisoblanadi. Unda Dilnoza Kubayeva bosh rollardan biri — Tabassumxon obrazida koʻrinish beradi. Shuningdek, komedik serialda Bobur Yoʻldoshev va Nigora Karimboyeva ham asosiy qahramonlar rollarini ijro etgan.

Ushbu filmning “Tabassum qiling, tabassum”, deya boshlanuvchi saundtreki koʻpchilik uchun tanish hisoblanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Kelgindi kelin”

Rustam Sagdiyev rejissyorligida 2006-yilda premyera qilingan “Kelgindi kelin” filmi “Kelgindi kuyov” kinokartinasining sikveli hisoblanadi. Dilnoza Kubayeva birinchi filmda kichik epizodik rol ijro etgan boʻlsa, “Kelgindi kelin"da bosh qahramonga aylangan.

Toshkent. Badavlat shifokorlar oilasidan bo‘lgan qiz unga hech qanday e’tibor bermaydigan oddiy qishloqlik talaba yigitni sevib qoladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, yigit o‘z qishlog‘iga jo‘nab ketadi. Qiz esa uning ortidan qishloqqa yoʻl oladi.

Filmni tomosha qilish.


“Kechikkan hayot”

Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan va 2010-premyera qilingan “Kechikkan hayot” filmida Dilnoza Kubayeva yana Bobur Yoʻldoshev bilan tandemda ishlagan. Filmda aktrisa 30 yoshli yozuvchi personajini gavdalantirgan.

Filmning bosh qahramoni — mashhur xususiy gazeta muharriri. U moddiy jihatdan hech qanday muammoga duch kelmaydi, biroq shaxsiy hayotida hammasi ham silliq kechmaydi. Uning yoshi oʻttizda, ammo hali ham turmushga chiqmagan. Hayotida nimanidir oʻzgartirishni istab, u qishloqdan kelgan qassobga turmushga chiqadi. Biroq ularni oldinda turli sinovlar kutib turibdi.

Filmni tomosha qilish.


“Oʻg'rigina kelin”

Dilnoza Kubayeva, Ulugʻbek Qodirov va Rustam Sagʻdiyev uchligi birgalikda “Oʻg'rigina kelin” filmida ham ishlagan. Bu boshqa kinokartinalardan farqli oʻlarqo melodrama janrida suratga olingani bilan ham ajralib turadi.

Filmda qalbi pokiza qizning hayotdagi kechinmalari aks etilgan. Oʻzi qilmagan ishlariga aybdor qilinib, oʻgʻri nomini oladi, hamma undan shubhalanadigan boʻlib qoladi. Qiz esa har doim oʻzini aybsiz ekanini isbotlashga harakat qiladi, lekin unga ishonishmaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Er bermoq — jon bermoq”

Yana Rustam Sagdiyev filmi va yana Dilnoza Kubayeva hamda Ulugʻbek Qodirov juftligini koʻrishimiz mumkin. “Er bermoq — jon bermoq” 2010-yillarda ishlangan komediyalar ichida alohida ajralib turadigan filmlardan biri hisoblanadi.

Bosh qahramonda farzand koʻra olmaslik muammosi aniqlanadi. U bir shifokorga murojaat etadi, shifokor esa, oʻz navbatida, yaqinda chet elda malakasini va tajribasini oshirib kelgan, endilikda vatandoshlariga yordam berish uchun Toshkentga kelgan qiz oldiga yuboradi. Davolashning ushbu “xorijiy” shakli bir qator oilaviy muammolarga sabab boʻladi.

Filmni tomosha qilish.


“Kelganda kelin 2: Anjancha muhabbat”

Jamlanma davomida Dilnoza Kubayeva rejissyor Rustam Sagdiyev bilan koʻplab omadli loyihalarda birga ishlaganini koʻrish mumkin. “Kelgindi kelin"ning gʻoyaviy davomi hisoblanadigan “Kelganda kelin” filmi voqealari Andijonda boʻlib oʻtadi.

Katta kompaniya egasi boʻlgan bosh qahramon Andijon shahrida yangi doʻkonning ochilishiga yoʻl oladi. U yerda ishchilaridan biri bilan muhabbat oʻyinlari boshlanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Kaminaning oilasi” (mini-serial)

Oʻzbek televideniyasida sitkom janrida suratga olingan seriallar koʻp emas. Ammo “Kaminaning oilasi” koʻpchilik uchun nostalgiya kayfiyatini uygʻotadi. Dilnoza Kubayeva va Rixstilla Abdullayev bosh rollarni ijro etgan komediya, albatta, qayta tomosha qilishga arziydi.

Filmni tomosha qilish.


“Farzandim”

Dilnoza Kubayeva farzandsizlik mavzusiga e’tibor qaratilgan yana bir kinokartinada bosh qahramon Nasiba rolini ijro etgan. Shuningdek, rejissyor Elyor Hoshimov filmida Ubaydulla Omon, Saida Rametova, Shohida Ismoilova kabi mashhur aktyor va aktrisalarni ham koʻrish mumkin. Keyinchalik “Farzandim"ning ikkinchi qismi ham suratga olingan.

Filmda yosh oilaviy juftlik haqida hikoya qilinadi. Er-xotin baxtli yashaydi va bir-birlarini chin dildan sevadi. Biroq ularning sevgisiga faqat bir narsa soya solishi mumkin. Bu juftlikning — farzandsizligi.

Filmni tomosha qilish.


“Matonatli Maryam”

2025-yilda tarixiy mavzuda suratga olingan “Matonatli Maryam” kinokartinasi real voqealarga asoslangan. Unda Dilnoza Kubayeva bosh rolni oʻynagan. Afisha.uz'da kinokartina haqida taqriz e’lon qilingan.

Kinokartina 1920-yillarda Germaniyaga oʻqishga yuborilgan va siyosiy repressiyalarga uchragan xorazmlik Maryam Sultonmurodovaning hayot yoʻli va fojiali taqdiri haqida.

Ushbu film hozirda Oʻzbekiston Milliy kino san’ati saroyida namoyish etilmoqda.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling