Kevinni uyda unutgan ona: Ketrin O‘Hara aslida kim?

E’lon qilingan sana· 133
Kevinni uyda unutgan ona: Ketrin O‘Hara aslida kim?

30-yanvar kuni mashhur aktrisa Ketrin OʻHara 71 yoshida vafot etdi. Koʻpchilik uni “Uyda yolgʻiz” filmidagi bosh qahramon Kevinning onasi sifatida taniydi. Biroq aktrisa faoliyati davomida bir qator boshqa kultga aylangan film va seriallarda ham rol ijro etgan.

Quyida Afisha.uz Ketrin Oʻharaning hayoti va kinematografiyadagi faoliyati haqida ma’lumot beradi.

Teatr va televideniyadagi faoliyati

Kanadalik aktrisa faoliyatini 1974-yilda boshlagan. Avvaliga u teatrda komedik spektakllarda qahramonlarning dublyori sifatida ishlagan. Ikki yil o‘tgach, ushbu teatr jamoasi oʻzining sketch-shousini yaratadi, unda O‘Hara doimiy aktrisalardan biriga aylanadi. Asta-sekin shou o‘z auditoriyasini kengaytiradi, avval milliy, keyin esa xalqaro miqyosda mashhur bo‘ldi.

Bundan tashqari, Ketrin shouning ssenariylari ustida ishlagani uchun nufuzli “Emmi” mukofotiga ham sazovor bo‘ladi. Shuningdek, oradan biroz vaqt oʻtib teatrdan ketadi va televideniyaning mashhur shoularidan biri boʻlgan “Saturday Night Live” koʻrsatuvi jamoasiga qoʻshiladi.

1970-yillarning o‘rtalarida OʻHara faoliyatida katta oʻsish kuzatiladi. U 1976-yilda “The Rimshots” qisqa metrajli komedik telefilmda suratga tushadi. Oʻsha yillarda bir qator bolalar uchun moʻljallangan teleloyihalarda ham ishtirok etadi.

Kinodagi debyut

1980-yilda aktrisa to‘liq SCTVdagi hamkasblari bilan birga “Double Negative” filmida suratga tushadi. Bu Ketrin OʻHaraning toʻliq metrajli filmlardagi debyuti hisoblanadi. Aktrisa 1980 va 1990-yillarda ko‘plab filmlarda ikkinchi darajali rollarni ijro etadi.

Xususan, mashhur rejissyor Martin Skorsezening “After Hours” va Mayk Nikolsning “Heartburn” filmlarida koʻrinish beradi. “Heartburn"da aktrisa Jek Nikolson va Meril Strip kabi mashhur aktyor va aktrisalar bilan birga ishlaydi.

Uning birinchi katta muvaffaqiyati yana bir mashhur rejissyor Tim Byortonning “Beetlejuice” filmi bo‘lib, unda aktrisa Deliya Dits obrazini gavdalantirgan. Shuningdek, Maykl Kiton, Jina Devis, Vaynona Rayder bilan birga rol o‘ynagan. Film kassada muvaffaqiyat qozondi, shuningdek, eng yaxshi grim uchun Oskar mukofotiga ham sazovor boʻlgan.

“Uyda yolgʻiz” va undan keyingi mashhurlik

Ketrin OʻHaraga haqiqiy mashhurlik 1990-yilda rejissyor Kris Kolambusning “Uyda yolg‘iz” oilaviy komediyasida bosh qahramon — Kevinning onasi rolini o‘ynaganidan so‘ng keladi. Uning samolyotda ketayotgan vaqtda uyda yolgʻiz qolgan oʻgʻlini eslab “Kevin”, deya baqirishi filmning asosiy kadrlaridan biriga aylanadi.

1992-yilda esa “Uyda yolg‘iz 2” filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi, unda aktrisa yana bir bor Keyt Makkalister rolini ijro etadi.

Ketrin O‘Harani 1995-yilda premyera qilingan va Patrik Sueyzi bosh rolni o‘ynagan “Tall Tale” vestern filmida ham ko‘rish mumkin.

Ketrin 2002-yilda “Orange County” komedik dramasida Sindi rolini oʻynagan boʻlsa, 2004-yilda yana oʻziga tanish boʻlgan yangi yil mavzusidagi film “Surviving Christmas"da Ben Afflek bilan birgalikda Kristina rolini o‘ynaydi. 2010-yilda “Temple Grandin” telefilmidagi ishi uchun “Emmi”, “Sputnik” va AQSh kino aktyorlari gildiyasi mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Bundan tashqari, Ketrin O‘Hara bir qator multfilmlarda dublyaj aktyori sifatida ham ishlagan. Masalan, uning ovozini “Irkit joʻjacha” va “Over The Hedge” animatsion filmlarida eshitish mumkin.

Shuningdek, 2012-yilda aktrisa yana Tim Byorton bilan birga ishlaydi. Rejissyor tomonidan ishlangan “Frankenweenie” multfilmida bosh qahramonlardan biriga ovoz beradi. 2024-yilda esa “Wild Robot” multfilmidagi qahramonlardan biriga ham ovoz bergan.

Aktrisaning boshqa muhim rollari

2015-yildan 2020-yilgacha Ketrin O‘Hara CBC telekanalining “Schitts Creek” sitkomida muhim rollardan biri Moyra Rouz rolini o‘ynaydi. O‘Hara “Schitts Creek” serialidagi ishi uchun oltita Kanada kino mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Serialning oltinchi mavsumida O‘Hara beshta asosiy televizion mukofotlar, jumladan, Emmy, Oltin globus, AQSh kino aktyorlari gildiyasi mukofoti va Televizion tanqidchilar tanlovi gʻolibligini qo‘lga kiritadi.

2024-yilda O‘Hara yana bir bor Tim Byorton bilan birlashadi va “Beetlejuice Beetlejuice” filmida Deliya Dits roliga qaytadi. 2025-yilda aktrisa Apple TV platformasining xitiga aylangan “The Studio” satirik komediya janridagi serialida bosh rolni ijro etadi.

Shaxsiy hayot

1988-yilda “Beetlejuice” filmini suratga olish paytida Ketrin O‘Hara sahnalashtiruvchi rassom Bo Uelsh bilan uchrashishni boshlaydi. To‘rt yil o‘tgach, ular turmush quradi. Ularning ikki nafar o‘g‘li Mettyu va Lyuk dunyoga keladi.

O‘Hara noyob genetik xususiyatga ega boʻlgan, uning ichki organlari qarama-qarshi tomonda joylashgan. Ya’ni aktrisaning yuragi chapda emas, o‘ngda joylashgan bo‘lib, bu holatning eng murakkab variantlaridan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, bu xususiyat uning sog‘lig‘i va ahvoliga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.

Aktrisa Los-Anjeles shahrida 71 yoshida uzoq davom etmagan kasallikdan soʻng vafot etdi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling