Taniqli bastakor Vagif Zokirovning ijodiy kechasi qanday o‘tdi? Reportaj

E’lon qilingan sana· 1 387
Taniqli bastakor Vagif Zokirovning ijodiy kechasi qanday o‘tdi? Reportaj

O‘zbek estradasining taniqli bastakori va xonanda Vagif Zokirovning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan 20-fevral kuni uning ijodiy kechasi bo‘lib o‘tdi. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘tkazilgan tadbirda Tohir Sodiqov, Sevara Nazarxon, Ravshan Sobirov, Anvar Jo‘rayev kabi shou-biznesning ko‘plab taniqli vakillari ishtirok etdi.

Zokirovlar sulolasining davomchilaridan biri Vagif Zokirov nomi o‘zbek shou-biznesi olami vakillariga juda yaxshi tanish. U ijodiy faoliyatini 90-yillarda xonanda sifatida boshlagan. Keyinchalik, “Bolalar”, “Setora”, “Sahar” kabi guruhlar hamda ko‘plab xonandalarga qo‘shiqlar yozgan, ularning mashhur bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan.

U 1999-yilda Zilola Musayeva (Shahzoda) va Aziza Nasriddinovadan iborat “Jonim” guruhiga asos solgan, bu tarkib ikki yildan so‘ng ayrim sabablarga ko‘ra tarqalib ketgan.

20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan ijodiy kechada Vagif Zokirov bilan birga hamkorlik qilib kelayotgan hamkasb do‘stlari va shogirdlari qatnashdi.

Konsert avvalida madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov Vagif Zokirovning san’at sohasidagi uzoq yillik mehnatlarini e’tirof etgan holda unga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini topshirdi.

Tohir Sodiqov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

“Bolalar” guruhi o‘tgan davr ichida faqat ikki bastakor bilan ishlagan. 1990−1993-yillarda Ruslan Sharipov bilan hamkorlik qilgan bo‘lsak, 1994-yildan hozirgacha Vagif bilan ishlab kelyapmiz. Repertuarimizdagi u bastakorlik qilgan qo‘shiqlarning deyarli barchasi mashhur bo‘lgan, hozirgacha muxlislar sevib tinglaydi. Vagif san’at sohasidan topgan yaxshi va yaqin do‘stlarimdan biri. U juda ham kuldiradigan va xushchaqchaq yigit. Bugungi yubiley konsert men kutgandan ham yuqori darajada samimiy o‘tdi. Vagifga sihat-salomatlik tilayman. Bunday yoshlarni ko‘pini ko‘rib, farzandlariga bosh bo‘lib yursin. Har doim ijod qilishdan charchamasin".

Xonanda Aziza Nasriddinovaning aytishicha, Vagif Zokirov bilan do‘stlik munosabatlariga 30 yildan oshdi, ular hozirgacha ijodiy hamkorlik qilib kelmoqda.

“Vagif bilan xalqaro tanlovlarda ishtirok etib yurgan paytlarimda oilaviy tanishgan bo‘lganmiz. Uning uyiga repetitsiya qilish uchun borganimda, guruh tuzish taklifini bergan. Vagifning taklifidan hayron bo‘lib, tavakkal rozilik bildirganman. Shu tariqa u “Jonim” guruhiga asos solgan va nomni ham o‘zi o‘ylab topgan. O‘sha davrda san’atkorlar ancha kam edi, kim yaxshi qo‘shiq yaratsa, klipsiz ham mashhurlikka erishish mumkin edi. 2000-yil “Tarona taqdimoti"da “O‘tib ketadi” qo‘shig‘i bilan sahnaga chiqqanmiz. Guruhning barcha taronalarini Vagif yozgan va hitga aylangan”, — deydi sobiq “Jonim” guruhi vakili.

“Vagif ish vaqtida jahldor, nimadir yoqmasa, baqirib, urishib ham beradi (kuladi). Lekin inson sifatida judayam yaxshi inson, samimiy do‘st. U bilan yillar davomida hamkorlik qilayotganimdan afsuslanmayman. Bugungi konsertda ikkimiz „Jonim“ guruhining „Yulduz va oy“ qo‘shig‘ini ijro qildik. Vagifga uzoq umr tilayman”, — deya qo‘shimcha qildi Aziza Nasriddinova.

Sevara Nazarxon, O‘zbekiston xalq artisti:

“Vagif judayam kamtarin inson. U sahnaga chiqqanida ham qandaydir uyalib turadi, andishasi kuchli yigit. Vagif musiqa yozishda katta usta, yoqimli notalar topishni yaxshi biladi. Uning qo‘shiqlarini hech qachon ijro etmaganman, ijodiy hamkorlik qilmaganmiz. Ammo ilgari bizda ijodiy lahzalar juda ko‘p bo‘lgan, musiqa orqali hammamiz yig‘ilib turardik, qiziqarli zamonlar bo‘lgan. Shu bois ham 27 yillik do‘stimni qo‘llab-quvvatlash uchun bugungi konsertga keldim”.

Husan Sodiqov, “Bolalar” guruhi vakili, bastakor:

“Bunday inson o‘zbek estradasida yagona desa ham bo‘ladi. U kasbini hurmat qiladi va juda yaxshi ko‘radi. Vagif bilan Rayhon, Shahzoda, Ravshan Sobirov, Tohir Sodiqov singari ko‘plab xonandalarga qo‘shiqlar yaratganmiz, albomlar yozganmiz. Biz „Bolalar“ guruhi orqali tanishganmiz va hozirgacha shu guruhda birga ijod qilib kelyapmiz, bir oiladek bo‘lib qolganmiz. Vagif juda hazilkash va yaxshi suhbatdosh, yomon gapirsangiz ham hazilga olib kuldirib yuboradi, u atrofidagilarni zeriktirmaydi”.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling