"Tugʻilgan kun" − ruhning qayta yaralish performansi

Soʻnggi vaqtlarda poytaxtda sanʼat va adabiyotga doir ijodiy chiqishlar soni koʻpayib bormoqda. Rassomlar koʻrgazmalar namoyish etishyapti, shoir-u yozuvchilar oʻz asarlaridan oʻqib berishmoqda. Tomashabinlar ham bu kabi yangicha formatdagi konsertlarga qiziqish bildirishyapti. Ana shunday badiiy kechalardan biri 7-mart kuni Toshkentdagi Millat teatrida boʻlib oʻtdi.

Shoira va yozuvchi Tillanisoning “Tugʻilgan kun” deb nomlangan sheʼriy kechasiga ziyolilar, ijod ahli, talabalar yigʻildi. Aytish kerakki, oqshom chin maʼnoda inson ruhiyatining eng chuqur, eng ogʻriqli qatlamlariga uyushtirilgan tafakkur sayohatiga aylandi. Kechaning nomiga kelsak, gap taqvimdagi sana haqida emas, balki ruhning uch bosqichli: Tugʻilish, Evrilish va Qayta yaralish jarayonlariga bogʻliq edi.

Sahnada qorongʻulik va video proyektsiyalar ostida yangragan ovoz tomoshabinni dastlabki soniyalardanoq zamon va makon hissidan uzib, shoiraning ichki dunyosiga uloqtirdi. Bu jarayonda bizga Firdavs Xushnazarov hamrohlik qilib, sheʼrlardagi isyonkor ruhni indie-rock va ritm-n-blues yoʻnalishidagi ohanglar bilan yanada tiriltirdi. Shoira yigʻilganlarni oʻz tugʻilishiga, oʻz dunyosiga olib kiradi:
Sukut yoqqan olovman men
Oʻzimni oʻzim tugʻdim.
Men yaproqman — yodimda bari
Assalomu alaykum
Ibtidoga xush keldim
Assalomu alaykum!
Tillaniso sheʼrdan sheʼrga oʻtarkan, unda evrilayotgan, oʻzini qayta qurayotgan va bu yoʻlga dard chekayotgan qiyofani yanada yaqindan his qila boshlaymiz, ehtimolki, unda oʻzimizni koʻramiz. Shoira jamiyatni muzeyga oʻxshatadi va u yerdagi odamlarni naftalin hidi keladigan fikrlarini tanqid qiladi. Bu achchiq kulgudan esa tomoshabinlarning ham labida istehzoli tabassum oʻynaydi.

Bugun muzeyga bormoqchi edim.
Lekin qarasam muzeyda yashayotgan ekanman.
Atrofim toʻla eksponat.
Mana bu odam tosh asridan qolgan.
Naftalin hidi kelar oʻyidan.
Hatto gulxan yoqishniyam bilmaydi.
Prometey hali olib kelmagan oʻz olovini.
Zulmatda ongi, koʻzlari soʻqir.
Manavi odam sahroyi badaviy
Har kun oʻz johilligi chanqogʻini qondirish uchun suv qidiradi.
Qizlarini tiriklay eltib koʻmadi
Tortib olib undan muqaddas huquqi — hayotini
Oʻlimdan achchiq qoʻrquv qoldiradi unga.
Soʻng kichik tanaffus va ekranlarda muallifning videochiqishi eʼtiborimizni tortadi. U “Tanaga qasida” qilmoqda — oʻz taniga qizil boʻyoqsurib, surat chizmoqda.
Oqshomdagi eng nafis nuqta — Maysa falsafasi. Barcha ulkan isyonlardan keyin qahramon eng oliy haqiqatga keladi: “Eng muhimi toptab oʻtmaslik maysani”. Bu yerda maysa — insonlar oʻrtasidagi nozik munosabatlar va koʻz ilgʻamas mehrning ramzidir.

Azizim, qor ostidagi maysani yupat,
Silab qoʻy yuzimni silagan kabi
Asosiysi, maysa yupatmoq
Shekspir aytgandi
“Eng muhimi toptab oʻtmaslik maysani” —
Dunyo chirpirak boʻlib aylanadi shu soʻz ichida
Kel tavof qilaylik uni,
dunyoni,
soʻzni.
Eng goʻzal ishq gizli va nozik
Eng goʻzal his inja va parqu
Eng nozik ishq va his — maysa.
Zero, dunyoni ulkan isyonlar emas, balki mana shunday kichik, koʻz ilgʻamas, ammo jonli va nafis tuygʻularni asrab qolish qutqaradi. Tillanisoning “Tugʻilgan kun"i aslida har bir insonning oʻz ichidagi mana shu “maysa"ni — asl mohiyatini qayta kashf etishi haqidagi kecha boʻlib qoldi.
Yakunda Tillaniso har bir sheʼri orqali tomoshabinga oʻz ichki iyerarxiyasini qayta koʻrib chiqishga undaganini anglaymiz. Sheʼriy performans uch bosqichga boʻlinar ekan, Firdavsning ijrolari bu bosqichlar oʻrtasidagi hissiy koʻprik vazifasini oʻtaganini aytish oʻtish lozim. Bu ikki ijodkorning tandemi soʻz va ohang bir-birini inkor etmasdan, balki toʻldirishi mumkinligini isbotladi. Badiiy kechaning rejissyori, rassom Elnur Egamov imkon qadar minimalizmdan foydalangan holda tomoshabinga ulkan hissiyotlar taqdim etoldi.

Biz esa oqshom soʻnggida yigʻilganlar fikriga qiziqdik.
Axrorxon Samatxonov, tashkilotchi:
Tillaniso opaga konsert uyushtirish taklifi bilan chiqqandim, rozilik bildirdi. Soʻng joy uchun bloger Oʻlmas Temur tomonidan ochilgan Millat teatrini tanladik. Fotograf Xolida Musulmon poster uchun shoirani suratlarga tushirdi. Posterni imkon qadar targʻib qildik. Bu men uchun tajriba boʻldi. Chiptalar sotuvi bilan ham shugʻullandim, bari xarid qilindi, demak sheʼriyat muxlislari ortib bormoqda. Kuy-qoʻshiq uchun yosh roker Firdavs Xushnazarovni gaplashdim. Menimcha, ikkisi bir-birini toʻldirdi. Konsert oʻzimga maʼqul keldi, menga yoqqan barcha sheʼrlar sahnada ijro etildi. Ayniqsa muzey haqdagi. Rejamda bundanam kattaroq konsert qilish bor.

Shahnoza Toshkentboyeva, rassom:
Tillanisoning konsertida engyoqgani va esda qolarlisi bu Tillanisoning oʻzi, samimiy ijrosi. Oʻtkir fikrlar, ich ichimizda bekinib yotgan hissiyotlarning soʻzga koʻchishi, nogahonda yangi anglashlarga duch kelish… mana shularga odam mazza qiladi. Sheʼrlar va ijro orqali duch kelgan haqiqatlaringizga bir kulib qoʻyasiz, bir yigʻlaysiz. Ichingizdagi tugunlar goʻyo birma bir yechilayotgandek hissiyot uygʻonadi, aynan menda. Va inson xuddi oʻzi bilan oʻzi suhbat qurgandek goʻyo. Tillanisoning konserti — ong ostiga qilingan sayohat. Undagi samimiylik va fikrlar har bir tinglovchini oʻzligi bilan yuzma-yuz qoldira oladi. Baland ovozda aytilmasa ham, lekin dildan chiqayotgan soʻz albatta qalbningeng chuqur qatlamlariga etib borar ekan. Konsertdan olganlarim shu va ular bebaho.
Nurali Karimov, bukbloger:
Kishilik javhari noayon, nekbinlikbilan badbinlik omixtalashib, til hafifligi hamda zarofati oʻz qadrini yoʻqotgan mazkur postrealistik va metamodernizm davrida Tillaniso sochmalari shaxs qarshisiga koʻzgu tutish, maishiy muammolarni ochiqlash, ayollik rutbasida yuksak choʻqqilar zabt etish kabi purmaʼno va ohang jamaliiddaolarni roʻkach qilmaydigan kam sonli yurakchilik (lirika)ning yolqinlaridandir. “Tugʻilgan kun” ijodiy-sheʼriy kechasi oʻz quyrugʻini oʻzi yeydigan ilon misoli kishining, shaxsning, tiriklik timsolining har ondaqayta tugʻilishi mumkinligiga ishora etadi. Shoir tan olganidek, kechagi sheʼr, kechagi his etilgan anglam, kechagi qutqu buguning tarozisiga tortilganida ham, yanglish chiqmogʻi mutlaqo tabiiydir.
Oqshom soʻnggida yigʻilganlar shoira bilan esdalik uchun suratga tushishdi, dastxat olishdi va gullar ulashishdi. Bu kabi maʼrifiy, ijodiy kechalar davomli boʻlishini tilab qolamiz.