"Chavandoz", "Kichkina odamlar", "Matonat": Boir Xolmirzayev ishtirokidagi 10 ta film

E’lon qilingan sana· 203
"Chavandoz", "Kichkina odamlar", "Matonat": Boir Xolmirzayev ishtirokidagi 10 ta film

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Boir Xolmirzayev haqida soʻz ketganda kino muxlislarining koʻz oldiga uning “Chavandoz” filmidagi roli keladi. Aktyor bu ijrosi orqali katta mashhurlikka erishgan. Shuningdek, u boshqa bir qator kino va seriallarda bosh va asosiy rollarda koʻrinish bergan.

Boir Xolmirzayev oʻz faoliyatini 1983-yilda Muqumiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan va hozirda ham shu yerda faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, u dublyaj aktyori ham hisoblanadi. Aktyor 5-mart kuni 65 yoshni qarshiladi.

Afisha.uz quyida Boir Xolmirzayev rol ijro etgan filmlar haqida ma’lumot beradi.

“Zanjir” seriali

Boir Xolmirzayev filmlar bilan bir qatorda koʻplab seriallarda ham rollar ijro etgan. Jumladan, u “Shaytanat” serialida epizodik rolda koʻrinish bergan boʻlsa, 2005-yilda premyera qilingan “Zanjir” serialida bosh rolni ijro etgan.

Aldov va adolatsizlikka duch kelgan bir guruh yoshlar jinoiy yo‘lga kirib qoladi. Jinoiy olam yetakchisi — Bahrom Tursunov, o‘z yo‘lidagi barcha to‘siqlarni supurib tashlamoqda.

Filmni tomosha qilish.


“Chashma”

2006-yilda chiqqan ushbu dramada bosh rolni Nigora Karimboyeva oʻynagan. Boir Xolmirzayev esa nisbatan kichikroq rolni ijro etgan. Rejissyor Yolqin Toʻychiyev tomonidan suratga olingan kinokartina oʻzbek kinosi klassikasiga aylanib ulgurgan.

Filmning bosh qahramoni Orzi turmushga chiqishdan oldin buloqda yuz-qo‘lini yuvishi kerak… Oila qurish ostonasida turgan qishloq qizining bir kuni haqida.

Filmni tomosha qilish.


“Kichkina odamlar”

Film uchta qisqa metrajli kinodan iborat. Birinchisi — “Kutilmagan omad”. Gʻoziboy tasodifan lotereyada avtomobil yutib oladi. Ammo bu yutuq uning otasi va akasi uchun qimmatga tushadi. Omad qoʻlga kiritilgach, Gʻoziboy yaqinlariga tepadan qaray boshlaydi.

Ikkinchisi — “Hazil”. Ijara uyida yashovchi Sodiq koʻchada mast holda uxlab yotgan doʻstini koʻrib, hazillashmoqchi boʻladi va uning tilla taqinchoqlarini yechib oladi. Doʻsti undan tilla buyumlarini topib berishini soʻraydi. Sodiq rozi boʻladi, biroq yoʻlda — Qamchiq dovonida mashinasiga oʻtirgan noma’lum shaxslar tomonidan kutilmaganda oʻldiriladi. Keyinchalik doʻstining tilla taqinchoqlari ichki ishlar hodimlari tomonidan topiladi.

Uchinchisi — “Kichkina odamning katta tanishi”. Mihliboy uzoq yillar qishloq maktabida dars bergach, nafaqaga chiqadi. Bir kuni qishloqda uning sobiq oʻquvchilaridan biri — Xolboy shaharda yuqori lavozimli amaldor boʻlib ishlayotgani haqida xabar tarqaladi. Qishloq aholisi Mihliboyga murojaat qilib, yordam soʻrab yozgan maktublarini topshiradi. Mihliboy bu maktublarni va sovgʻalarni olib, Xolboyning oldiga yoʻl oladi. Ammo Xolboy oʻz ustozini tanimaydi…

Filmni tomosha qilish.


“Chavandoz”

Boir Xolmirzayev faoliyati davomida Tohir Saidov bilan birga bir qator kinolarda oʻynagan va unutilmas obrazlarni yaratgan. Ushbu filmda bu ikki aktyor oʻzaro dushmanlar rolini ijro etgan.

Oʻgʻil farzand tug‘ilishi sharafiga “ko‘pkari” xalq o‘yinini o‘tkazish an’anasi mavjud. Chavandoz Toshmurod ko‘pkari o‘yini fonida o‘ziga xos insoniy xarakteri bilan namoyon bo‘ladi. Toshmurodning bolalikdagi do‘sti Beshim uloqda dushman va raqib bo‘lib, uni sevimli otidan mahrum qiladi. Razillik va xiyonatga qarshi kurash boshlanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Matonat”

Boir Xolmirzayev ushbu filmda ham Tohir Saidov bilan duetda ishlagan. Kinokartina ssenaristi va rejissyori Gʻiyos Shermuhammedov hisoblanadi. Unda bojxonadan noqonuniy yuk olib oʻtishga harakat qilayotgan jinoyatchilar va ularga qarshi turuvchi davlat xodimlari haqida hikoya qilinadi.

Mayor Davron Tangirov oʻz kasbiga, burchiga sodiq inson boʻlib, chegaradan taqiqlangan yukni olib oʻtayotganlarning iziga tushadi. Ulardan biri Sanjar bo‘lib, mayorning shogirdi Oʻrozboy uning kuyovi edi. Oʻrozboy ham burchiga sodiq yigit boʻlib, Sanjarga qarshilik koʻrsatmoqchi boʻladi. Hatto haydovchi ham bunday yukni olib borishga qarshilik qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Opa-singillar” seriali

Oʻzbek televideniyesi va seriallari yangi darajaga chiqishida “Opa-singillar” katta oʻrin tutadi. Unda Boir Xolmirzayev ikkinchi darajali rollardan birini ijro etgan. U ekranda koʻp vaqt koʻrinmasa-da, asosiy voqealarga sabab boʻladigan personaj hisoblanadi.

Ushbu oilaviy serial uch opa-singil Nafisa, Nasiba va Shahnoza haqida bo‘lib, unda o‘zbek oilasida kelin va qaynona munosabatlari, o‘zbek xalqining turmush tarzi haqida hikoya qilinadi.

Serialni tomosha qilish.


“Bahodir Yalangtoʻsh”

Oradan ancha vaqt oʻtib, Oʻzbekistonda tarixiy filmlar olinishi koʻpaydi. Janr oʻzgarsa ham Boir Xolmirzayev oʻz rollarini yoʻqotmadi. U 2025-yilda katta masshtabli, tarixiy “Bahodir Yalangtoʻsh” filmida ham suratga tushdi.

Filmda Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi.

Filmni tomosha qilish.


“Chol va nabira”

Kino muxlislari orasida kultga aylangan yana bir oʻzbek filmi bu “Chol va nabira"dir. Bu kinoni koʻpchilik Poʻlat Saidqosimov yoki yosh aktyor Maruf Sharipov bilan eslaydi. Ushbu kinokartinada Boir Xolmirzayev ham rol ijro etgan.

Film bosh qahramoni yetti-sakkiz yoshlardagi, juda qaysar va tinib-tinchimas G‘anisher ismli bola. G‘anisher uchun eng asosiy odam bobosi, u qayerda bo‘lmasin, bobosidan bir qadam ham orqada qolmaydi. Onasi vafot etgach, u bobosiga yanada ko‘proq bog‘lanib qoladi. Lekin, afsuski, bobosi ham bir kun kelib nevarasini butunlay tashlab ketadi…

Filmni tomosha qilish.


“Avloniy”

Bu — Boir Xolmirzayev portfoliosidagi yana bir tarixiy film boʻlib, jadidlar, xususan, Abdulla Avloniy haqida ishlangan.

Avloniy milliy pedagogika, dramaturgiya, milliy teatr, jurnalistika, bolalar adabiyotini yangi bosqichga ko‘tarib, zamonaviy tipdagi o‘zbek maktabini rivojlantirish uchun ko‘p ishlar qilgan. Film ijodkorlari aynan shu tarixiy shaxsning hayot yoʻlini koʻrsatishga harakat qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Soy qoʻshigʻi”

“Soy qoʻshigʻi” bolalar filmi hisoblanadi. 2013-yilda premyera qilingan kinokartinaga Faxriddin Shamsimatov rejissyorlik qilgan. Unda aktyor oʻqituvchi obrazida koʻrinish bergan.

Film voqealari uzoq tarixda emas, yaqin yillarda sodir bo‘ladi. Unda bolalarning turli kompyuter o‘yinlariga qiziqishi, bu o‘yinlarning bolalar psixologiyasiga ta’siri haqida hikoya qilinadi.

Fimni tomosha qilish.


Bundan tashqari, Boir Xolmirzayev dublyaj aktyori ham hisoblanadi. Uning oxirgi ishlaridan biri “Sehrlandiya” multfilmida boʻlgan. Unda aktyor Olaboʻji obraziga ovoz bergan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling