Poygachi Lekler va korrupsiya: “Million” jamoasi yangi konsertga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

O‘zbekistondagi taniqli kulgi jamoalaridan biri “Million” 1−10-aprel kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan dasturdan oldin jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Konsert bilan bog‘liq savollarga asosan, “Million” sardori Davron Kabulov javob berdi.
Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

— Jamoa a’zolari bu yilgi konsert afishasida “Formula — 1” o‘yinlari ishtirokchilari kiyimida aks etgan. Dasturda hazillarning aksariyat qismi shu sport turi haqida bo‘ladimi? Konsertda poygachi Lekler qatnashishi mumkinmi?
— Aslida bizda “Formula — 1” mavzusi Leklerning O‘zbekistonga tashrifidan ancha oldinroq pishib yetilayotgan edi. Konsertga yaqin qolganida esa bu mavzu har qachongidan ham hozirgi vaqtda aktual ekaniga e’tibor qaratdik.
O‘zbekistonda poyga bilan bog‘liq mavzular oxirgi vaqtlarda yetarlicha bo‘lyapti. Bu faqatgina “Formula — 1” yoki karting musobaqalari emas. Bu yilgi konsertda boshqa turdagi “poygalar” haqida ham hazillar yetarlicha bo‘ladi. Dunyoga mashhur poygachi Sharl Leklerni o‘xshatish uchun jamoa a’zosi Asilbek Leklerning formalari tayyor bo‘ldi. Odatda, jamoamizning o‘z Ronaldusi, o‘z Mbappesi bor. Endi Lekleri va boshqa qiziqarli personajlarining guvohi bo‘lishingiz mumkin.

— Konsertga qancha muddat tayyorgarlik ko‘rildi?
— Avvalgi yillarda tayyorgarlikni konsertga bir oy qolganida boshlardik, hozir esa uch oy davomida puhta hozirlik ko‘ryapmiz. Jamoaga tayyorgarlikning o‘zi uchun ikki to‘plamdan kiyim qildirildi.
Bular birinchi raqamli jamoa va birinchi raqamli muxlislarga xizmat qiladi. Sahnaga o‘zini odamlarda qiziqish uyg‘ota oladigan ijodkordek sezib chiqsin, deyman. Tayyorgarlikning har bir kunida kim kelgan-kelmaganini davomat qilib boraman va u ishtirokchilarning gonorariga ta’sir qiladi.

— “Million” har konsertida ijtimoiy muammolarni ham hazil tariqasida ko‘tarib chiqadi. Bu safar qanday masalalarni ko‘rishimiz mumkin?
— Yangi dasturda jamiyatdagi tengsizlik, korrupsiya va bu holatlarni rahbarlarning o‘zi qanday qabul qilishi, xo‘jako‘rsinlik, so‘nggi paytlardagi bir-ikki o‘zgarishlar — qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslarga bitta kitob o‘qigani uchun jazosini uch kunga qisqartirish e’lon qilingani haqida ham hazil bor. Konsertga tushgan tomoshabinlar jamiyatdagi illatlar bilan bog‘liq 20−30 ta yaxshi sahna ko‘rinishiga guvoh bo‘lishlari mumkin.
— Til masalasiga taalluqli sahna ko‘rinishi ham bormi?
— Agar ahamiyat berilsa, til masalasiga deyarli har bitta konsertimizda u yoki bu darajada murojaat qilamiz. Bu gal ham til bilan bog‘liq hazil albatta, bor. Ona tilimizning sofligini saqlash hammamizning vazifamiz aslida. Lekin ba’zida “Sahnaga chiqib olib, jargon so‘zlardan foydalanasizlar”, deyishadi.
Bitta narsani tushuninglar, biz rus yoki boshqa qaysidir tilni targ‘ib qilish nuqtayi nazardan emas, balki obrazni taqdim etish uchun jargon so‘zlar ishlatamiz. Tanqid orqali bu qay darajada xunuk ko‘rinishini ko‘rsatib berishga urinamiz xolos.

— Ancha yildan beri Amerikada yashayotgan 90-yillarning mashhur xonandasi Otabek Madrahimov mart oyi boshida Toshkentga qaytib, ijod qilmoqda. Tarmoqlarda uning “Million” konsertida chiqish uchun O‘zbekistonga qaytgani haqida tur gap-so‘zlar tarqalyapti. Shunga oydinlik kiritib o‘tsangiz?
— Menga eng ko‘p beriladigan savol shu. 13 yildan buyon konsertda chiqish qiladigan maxsus mehmon xonanda kim ekanini avvaldan aytmayman. Bu yil ham shunday. Har yili “Davron endi boshi berk ko‘chada, konsertga chiqmagan yaxshi xonanda qolmadi”, deyishadi. Ammo yangi-yangi yaxshi xonandalarni muxlislar uchun olib kelyapmiz.

Yolg‘onga qarshiman, ammo bu yil kim chiqishini o‘zim ham bilmayman. Hozircha uchta ijodkor bilan muzokaralar olib borilyapti. 1-aprel kuni konsertga keladigan tomoshabin bu yilgi yulduzli mehmon kim bo‘lishi haqida eng to‘g‘ri va to‘liq javobni ko‘rib ketishi mumkin. Biroq konsertda Otabek aka Madrahimov chiqish qilmaydi. Unga faqat ijodiy muvaffaqiyatlar, avvalgidek ulkan parvozlar tilayman.
— “Million” o‘tgan yili ikki marta konsert qo‘ygan edi. 2026-yil davomida ham shunday bo‘ladimi? Bu yilgi rejalar qanday?
— Jamoa an’anasiga ko‘ra, bir yilda ikki marta konsert qo‘ysak, keyingi yil bitta dastur taqdim etamiz. 2026-yil taqvimidan bitta konsertimiz o‘rin olgan, ya’ni kuzda konsert bo‘lmaydi. Bu sanalar masalasi bilan ham bog‘liq. “Xalqlar do‘stligi” har kuni ham bo‘sh emas.
Shu sababli oktyabr oxirida va aprelning birinchi o‘n kunligida konsert berishga odatlanganmiz. 2027-yilgi konsertimiz uchun allaqachon xat chiqarib qo‘yganmiz. Konsertga tayyorgarlikni bir yil oldin boshlanadi, bu birdaniga bo‘ladigan jarayon emas. Jamoa yigitlari ham qaysi sanalarga konsert qo‘yilganini oldindan bilishadi va ularning tayyorgarligi bilan ortiqcha muammo bo‘lmaydi.

— Jamoa a’zolari konsert borasida tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga ahamiyat qaratadimi? Maqtaydiganlar ham, heyterlar ham bor, ularning munosabatini qay darajada tahlil qilasizlar?
— Albatta, bu jamoa a’zolari orasida ham muhokama qilinadi. Heyterlar mavzusiga keladigan bo‘lsak, hammasini joni omon bo‘lsin. Ular ham juda bekorchi emasdirki, duch kelgan odamga fikr yozmaydi, degan yaxshi gumondamiz. Balki bizning kamtarona ijodimizda nimadir ilib olishga arziydigan narsa bordirki, shu heyt bo‘lyapti.
Agar konstruktiv tanqid qilinsa, ya’ni ijodkor sifatida yaxshilanishimizga sababchi bo‘ladigan fikrlar aytilsa, nur ustiga a’lo nur, jamoa kamchiliklarni to‘g‘irlashga doim tayyor. Biroq ommaviy sazoyi qilish yoki jamoamiz a’zolari qilayotgan mehnatni qadrsizlantirish nuqtayi nazaridan tanqid bo‘lsa, biz o‘sha fikrni o‘chirib tashlaymiz va akkauntni bloklab qo‘yamiz. Shunaqa heyterlar borki, bitta fikrni jamoamizning to‘qqiz nafar a’zosiga yozib chiqadi, erinmaydi. Men bu kabi odamlarning vaqtiga achinaman. To‘qqiz kishining profiliga kirib, birma-bir yozib chiqish uchun ham katta sabr kerak, bunday ishni qiladigan odam internet trafigiga qayerdan pul topadi, bilmayman.