Asal Shodiyeva bilan duet, 40 yosh iqrorlari: Shohruhxonning konsertidan reportaj

O‘zbek estradasining taniqli xonandasi Shohruhxon 26−30-mart kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbiri “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan dasturdan reportaj tayyorladi.
Shohruhxon 2026-yilgi ijodiy imtihonida nafaqat sahna dekoratsiyasi, balki o‘z imiji va repertuariga ham katta ahamiyat qaratgan. Dasturga jami 24 ta tarona kiritilgan bo‘lib, ularning aksariyati xit retro qo‘shiqlardir. Bundan tashqari, u turmush o‘rtog‘i Asal Shodiyeva hamda xonanda Umidaxon bilan yangi duetlarni ijro etdi. Shuningdek, Shahriyor reper bilan 20 yillar oldin “Bo‘rilar” va “Quvg‘in” kinolari uchun kuylangan duetlarni yangi talqinda aytdi.

Shohruhxon deyarli har bir qo‘shiqdan keyin stendap qildi. 40 yoshga to‘lgani, hayotining eng qizg‘in pallasi endi kelganini bot-bot takrorladi. Hayoti davomidagi qiziqarli voqealarni gapirib berib, muxlislarini ham kuldirdi, ham o‘ylantirdi.
“Konsert samimiy va muhabbatga to‘la o‘tdi”

Zebo Navro‘zova, kino rejissyor, Shohruhxonning onasi:
“Farzandim Shohruhxon ancha uyatchan, kamtar va kamsuqum yigit. Ammo bu safargi konserti biroz o‘zgacha, ya’ni undan ko‘proq nutq so‘zlashni, zaldagilar bilan ko‘proq muloqot qurishni talab qildi. O‘g‘lim ikki qog‘oz ssenariyni yodlay olmaydi, konsertdagi so‘zlari uning yuragidan chiqdi. Shu bois menda hayajon kuchli bo‘ldi. Lekin konsertimiz mehr-muhabbatga to‘la, samimiy kechdi, muxlislar ham juda yaxshi qabul qildi. Konsertdan maqsad — umr bepoyon emasligi, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lish kerakligi, yomon ishlar, urushlar qilmaslikka chaqirish edi. Biz esa buni qisman bo‘lsa-da, dastur orqali yetkazishga harakat qildik.
Har konsert repertuarini shakllantirishda fikr va maslahatlarimni albatta, aytaman. Muxlislar o‘ziga sevimli bo‘lgan qo‘shiqlarni eshitish istagida keladi, san’atkor esa ko‘proq yangilik berishni xohlaydi. Shu sababli dasturni retro xit qo‘shiqlar bilan boyitishga ko‘p ahamiyat qaratdik. Menga qolsa muxlislar qalbiga kirib borgan barcha oldingi taronlarini ijro etsa. Biroq ular shunchalik ko‘pki, bitta konsertga sig‘maydi".
“Mehnatkash va oilaparvar yigit”

Mavluda Asalxo‘jayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
“Shohruhxonni azaldan yaxshi ko‘rib, hurmat qilaman. Uning barcha qo‘shiqlari 7 yoshdan 70 yoshgacha o‘z tinglovchilarini topadi, xitga aylanadi. U o‘z ustida ko‘p ishlaydi, mehnatkash yigit. Har yili konsertiga tushib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Konsertlari qiziqarli o‘tadi, turli obrazlarda sahnaga chiqadi. Bu yil ham shunday bo‘ldi. Konsert qo‘yish arafasidagi yosh hamkasblarimga Shohruhxondan ibrat olib, nimalarga ahamiyat qaratish kerakligini o‘rganishlarini maslahat beraman”.

Shahriyor reper:
“Toshkentga ilk kelgan paytlarim Shohruhxon bilan do‘stlashgan edik va hozirgacha qadrdonmiz. U komil, vatanparvar va oilasevar, intiluvchan inson. Uning bu yilgi konsertida bir paytlar „Bo‘rilar“ hamda „Quvg‘in“ kinolari uchun aytgan duetlarimizni yangicha talqinda ijro etdik. Zaldagi olqishlardan bilish mumkinki, bizning chiqish ham muxlislarga yoqdi. Do‘simning konsertida qatnashganimdan xursandman”.
40 yosh haqiqatlari

Shohruhxon:
“Joriy yilgi konsertimda muxlislar bilan o‘rtadagi devorni olib tashlagan holda muloqot qildik, ya’ni stendap usulda bo‘ldi. Bu men uchun katta eksperiment bo‘ldi, juda hayajonlandim. Shu paytgacha nega bunday usulga qo‘l urmaganimning sababi shuki, sahnada gapirishga uyalardim, bu borada tajribam yetarli emasdi. Bu safar esa harakat qildim, matnlar yodladim, ko‘proq muloqotda bo‘lishga intildim. Ko‘p gaplar ichimdan chiqdi, 40 yoshga kirganimni ko‘p takrorladim. Hayotni boshqatdan tahlil qilishni boshladim, boshqatdan tug‘ildim, yoshardim, shoshilmaslikni o‘rgandim. Biror ishni qilishdan avval uzoqroq o‘ylaydigan bo‘ldim. 40 ga kirish yaxshi ekan, menga yoqdi”, — deydi qoʻshiqchining oʻzi.

— Sizga sahnada ko‘proq nima kuch beradi, motivatsiyani nimadan olasiz?
“San'atkor bo‘lishni yoshligimdan orzu qilganman. Hech bo‘lmasa bitta qo‘shig‘imni odamlar yaxshi ko‘rib tinglashsa bo‘ldi edi. Ammo bunaqa konsertlar beraman, deb hech qachon o‘ylamaganman. Lekin orzuimga erishdim. Shunday go‘zal diyorda yashayapman, har doim e’tibor beradigan muxlislarim bor. Bularni ko‘rib esa odamning kuylagisi keladi. Lekin o‘zimning o‘ylagan marramga yeta olmayapman. Biroq taslim bo‘lish yo‘q, marrani zabt etishga harakat qilyapman!”.
Koʻproq suratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.